Omonov Qudratulla Sharipovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Turkiy rasmiy uslubning yuzaga kelishi va takomili (ilk va o‘rta asrlar)». 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha (filologiya fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy- pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /filologiya fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.Fil245
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni. Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, 16.07.2013.Fil.09.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni. H. Dadaboev, filologiya fanlari doktori, professor; B.Peri, Budapesht Etvosh Loran universiteti professori (Vengriya), filologiya fanlari doktori; S.Ashirboev, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turkiy tillar tarixida rasmiy uslubning shakllanishi va hujjatchilikning taraqqiyot bosqichlarini aniqlash hamda hujjat turlari, tuzilishi, komponentlari va til birliklari tanlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek davlatchiligi tarixida rasmiy uslubning shakllanishi va qadimgi turkiy yozma adabiy til rivojidagi fundamental o‘rni isbotlangan;
hujjatchilikning takomil bosqichlari va har bir davr hujjatchiligining lingvo-stilistikasi asoslangan;
devon-mahkama idoralari va notarial munosabatlardagi hujjat turlari aniqlangan hamda ilk va o‘rta asrlar ish yuritish amaliyotida hujjatlarning qo‘llanish doirasi dalillab berilgan;
til birliklarining rasmiy uslub talablariga muvofiq tanlanishi, hujjatlar tilining o‘ziga xos xususiyatlari hamda rasmiy matnlarda qo‘llangan kanselyarizm va formulyarlarning genezisi isbotlangan;
hujjatlarni rasmiylashtirish va hujjat matni haqiqiyligini ta’minlovchi unsurlarga oydinlik kiritilgan hamda ularning tuzilishi va matn komponentlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ilk va o‘rta asrlarda yaratilgan turkiy hujjatlarning tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Islomga qadar bo‘lgan turkiy hujjatlarning tarixiy-filologik tavsifi va matnshunosligi echimlari OT F 8–145 «Markaziy Osiyoning Islomga qadar yozuvlari, yozuv madaniyati va yozma yodgorliklar matnshunosligi» (2007–2011) mavzuidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasida eng qadimgi hujjat turlarini asoslashda; shuningdek, qoraxoniylar davri dehqonchiligini aks ettiruvchi vasiqalardan A-1–190 «Markaziy Osiyoning qadimgi turkiy xalqlarida dehqonchilik va shaharchilik madaniyati (XI–XIV asrlar yozma manbalari asosida)» (2015–2017) mavzuidagi amaliy loyihada o‘rta asrlar dehqonchilik xo‘jaligida erni ijaraga berish va ijara shartlarini yoritib berishda; hamda rasmiy uslubda til birliklarining tanlanish xususiyatlari F-1–135 «Alisher Navoiy asarlarining konkordansini ilmiy-uslubiy tadqiqi» (2012–2016) mavzuidagi fundamental tadqiqot loyihasida eski o‘zbek tili tarixida amalda bo‘lgan yozma uslublar, ularning leksik va grammatik o‘lchovlarini isbotlashda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 2 martdagi FTK–03–13/139-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo davlatlaridagi til vaziyati va turkiy, xususan, eski o‘zbek tilining ish yuritishdagi mavqeini aniqlash imkonini bergan;
temuriylar davri hujjatchiligi to‘g‘risidagi muammolar echimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 9 yanvardagi 7-son bayoni qarori ijrosi yuzasidan Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan «Muzey xazinasidagi nodir qo‘lyozmalar» mavzuidagi ekspozisiyada Abu Saidning oq qo‘yunlilar hukmdori Uzun Hasanga yo‘llagan maktubi, Shohruh Mirozning suyurg‘ol nishoni va Umarshayx Mirzoning marg‘ilonlik Mir Said Ahmad nomiga bergan vasiqasi va tarixiy-filologik talqinlaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2016 yil 30 maydagi 3/1255–734-son ma’lumotnomasi). Ekspozisiyada ilmiy natijaning qo‘llanilishi XIV–XVI asrlarda eski o‘zbek adabiy tilining Mavoraunnahr va Xurosonda davlat tili vazifasida amal qilganligini aniq baholash imkonini bergan.