Abdulloev Asliddin Junaydulloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari», 08.00.04–¬Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Iqt89.
Ilmiy rahbar: Farmanov Tulqin Xayitmurodovich, iqtisodiyot fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.I.10.03.
Rasmiy opponentlar: Qodirov Abdurashid Majidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Jumaev Otabek Tolibovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha tavsiya va takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qishloq xo‘jaligi va infratuzilma sub’ektlarining funksional faoliyatida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kooperatsiyaviy hamkorlik munosabatlari asosida rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari ishlab chiqilgan;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida kooperatsiya birlashuvidagi kooperativ korxonalarni “davlat, xususiy, xorijiy hamkorlar” sherikchiligi asosida tashkil etish samarali ekanligi asoslangan;
ixtisoslashgan paxtachilik klasterlaridagi xo‘jaliklar faoliyatini kooperatsiya munosabatlari asosida muvofiqlashtirish va o‘zaro iqtisodiy hamkorligini shakllantirishning namunaviy tuzilmasi ishlab chiqilgan;
qishloq xo‘jaligida iqtisodiy-shartnomaviy munosabatlar, o‘zaro daromadlar va foydani taqsimlash amaliyotini teng manfaatlar asosida amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmini barqaror ko‘paytirish singari xususiyatlarni nazarda tutuvchi kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish strategiyasi loyihasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
hududlarda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining ixtisoslashganlik darajasini hisobga olgan holda fermer xo‘jaliklari, xizmat ko‘rsatish va ta’minot yo‘nalishlardagi xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirishning tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy mexanizmlariga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliyotda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2009 yil 18 iyundagi 02/18-213-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar asosida fermer xo‘jaliklari va boshqa xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqilgan;
qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirishning institusional tizimini takomillashtirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligida tovar mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan ularning mahsulotlarini xarid qiladigan korxona va tashkilotlar, shuningdek, xizmat ko‘rsatish, ish bajarish, ta’minot va boshqa xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida mustahkam hamkorlik munosabatlari o‘rnatilishini ta’minlash yuzasidan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliyotda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 20 sentyabrdagi 04/033-1254-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar qishloq xo‘jaligi va boshqa xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini teng manfaatlarda mustahkamlash hamda ularni iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat ko‘rsatish imkoniyatini yaratgan;
paxta to‘qimachiligi klasteri faoliyatida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirish, bunda paxta xomashyosini ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash va sotish tizimida ishtirok etuvchi xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida teng manfaatlar asosida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishning zarurligi hamda bu tizimni muvofiqlashtirish va faoliyat yuritishning ilmiy-amaliy jihatdan asoslangan namunaviy tuzilmasi to‘g‘risidagi taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 20 sentyabrdagi 04/033-1254-son va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2018 yil 23 oktyabrdagi 01/03-1807-son ma’lumotnomalari). Yuqorida sanab o‘tilgan takliflarning joriy qilinishi klasterlar tarkibidagi xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida mustahkam hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish, boshqaruv va ijro mas’uliyatini oshirishga amaliy yordam ko‘rsatgan;
qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy mexanizmlarni butun bir majmua sifatida shakllantirish to‘g‘risida takliflar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 14 dekabrdagi MM-5-1/20-6-2938-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar doirasida qonunosti huquqiy-me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi kooperatsiya munosabatlaridagi kooperativ birlashmalar/korxonalar faoliyatini huquqiy jihatdan muhofaza qilgan;
qishloq xo‘jaligi tarmoqlari darajasida kooperatsiya munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirish strategiyasining modelini ishlab chiqish to‘g‘risidagi taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2018 yil 14 dekabrdagi MM-5-1/20-6-2938-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflardan qishloq tumanlarida kooperativ birlashmalar tashkil qilishda foydalanilmoqda va ular korxonalarni barqaror faoliyatini yo‘lga qo‘yishga amaliy yordam ko‘rsatgan.