Turdimuratov Yangiboy Allamuratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XX asrda Surxon-Sherobod vohasi areal xo‘jalik madaniyati (chorvachiligi misolida)”, 07.00.07–Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.1.PhD/Tar64.
Ilmiy rahbar: Salimov Tursun Usarovich, tarix fanlari nomzodi, professor .
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.06.01.2018. Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Zununova Gulchehra Shavkatovna, tarix fanlari doktori; Qobilov Eshbolta Atamuratovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XX asrda Surxon-Sherobod vohasi chorvachilik xo‘jaligi misolida tarixiy-etnologik materiallar va dala etnografik ma’lumotlari asosida aholining ushbu xo‘jalik turini yuritishdagi etnolokal xususiyatlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mintaqa xo‘jalik-madaniy tipida hududning tabiiy-geografik va iqlim sharoiti, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy jarayonlar xo‘jaliklardagi chorva turi, zoti va tarkibiga ta’sir etuvchi muhim omillar ekanligi isbotlangan;
Surxon-Sherobod vohasida an’anaviy chorvachilik xo‘jaligini yuritish yaylov, haydov-yaylov, qo‘ra-haydov-yaylov, og‘il-haydov, ko‘chma singari lokal tiplarga bo‘linganligi, ularning etnohududiy joylashuvi, turmush tarzi (o‘troq, yarim o‘troq) va qaysi chorva turini boqishiga qarab ma’lum etnik yoki etnografik guruhlarga mansubligi ko‘rsatib berilgan;
chorvachilik xo‘jaligi samaradorligining hudud etnoiqtisodiy tizimida, ayniqsa, qishloq aholisi oila iqtisodi barqarorligi hamda turmushi farovonligida mablag‘ va daromad manbai sifatidagi muhim o‘rni hamda ijtimoiy roli (iste’mol, xom ashyo manbai sifatida) asoslab berilgan;
aholining chorva mollarini davolashda ko‘p asrlik hayotiy tajribalar va an’anaviy usullarga (giyohlar yordamida davolash, kuydirish, qon olish, tozalash va h.k.) asoslangan xalq veterinariyasi tarixiy-etnografik va dala tadqiqot materiallari asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XX asrda Surxon-Sherobod vohasi areal xo‘jalik madaniyati yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
voha aholisining chorvachilik xo‘jaligi bilan bog‘liq urf-odat va marosimlariga oid bo‘lgan ma’lumotlardan Termiz davlat universitetida 2010–2012 yillarda bajarilgan I-2010-33 raqamli “Surxondaryo – etnografik makon” nomli innovatsion loyihaning “Surxon vohasining an’anaviy xo‘jaligi” nomli bo‘limini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 21 maydagi 89-03-2114-son ma’lumotnomasi). Tatbiq etilgan ilmiy natijalar aholining xo‘jalik bilan bog‘liq urf-odat va marosimlari, ularning kelib chiqishi (genezisi) hamda aholi turmush tarzi va xo‘jaligida tutgan o‘rnini tarixiy-etnologik aspektda o‘rganishga xizmat qilgan;
Surxon-Sherobod vohasi etnoiqtisodiy tizimida chorvachilik xo‘jaligining o‘rni, ushbu soha samaradorligining qishloq aholisi turmushi farovonligidagi ahamiyatiga doir ilmiy natija va xulosalaridan Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Janub ovozi” nomli ko‘rsatuv ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2019 yil 31 maydagi 01-01/435-son ma’lumotnomasi). Tatbiq etilgan ilmiy xulosalar chorvachilik sohasining etnoiqtisodiy tizimdagi, xususan, qishloqlarda yashovchi aholining oila iqtisodidagi ahamiyatini keng jamoatchilikka etkazishda manbaviy asos bo‘lib xizmat qilgan;
chorvachilik xo‘jaligining aholi turmush tarzidagi ijtimoiy-iqtisodiy roliga doir ilmiy xulosalar asosida bildirilgan taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasida chorvachilikni keng rivojlantirishga mo‘ljallangan istiqboldagi chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2019 yil 17 maydagi 02/17-317-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi qishloq aholisi chorva mollarini boqishdan manfaatdorligini oshirishga qaratilgan rejalarning takomillashuvi imkonini bergan.