Abishov Genjebay Matjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Chimboy tumani toponimlarining tarixiy-lingvistik tahlili», 10.00.03–Qoraqalpoq tili (filologi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil199.
Ilmiy rahbar: Qudaybergenov Mambetkerim Sarsenbaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.20.01.
Rasmiy opponentlar: Do‘simov Zaribbay, filologiya fanlari doktori, professor; Qurbanov Muxtar, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Buxora davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Chimboy tumanidagi joy nomlarini monografik asosda onomastik tizimga keltirish orqali ularning semantik xususiyatlari, yasalish usullari va tuzilishini aniqlash hamda indikatorlarning ma’no-mavzuviy turlari, ma’no ko‘chish jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Chimboy tumanidagi joy nomlarining tabiiy-geografik, ijtimoiy-iqtisodiy shakllanish xususiyatlari, toponimlarning tarkibidagi morfologik o‘zgarishlar aniqlangan;
mahalla, ko‘cha, qishloq nomlarining tartibga solinishidagi siyosiy, sotsiolingvistik va etnomadaniy omillar faktik materiallar asosida dalillangan;
toponimlar etnolingvistik tamoyillar asosida mavzuviy-semantik guruhlarga ajratilib, ba’zi nomlarning etimologiyasi ochib berilgan;
toponimik indikatorlarning funksional-semantik, toponim hosil qilish xususiyatlari isbotlangan;
toponimlarning onomastik konversiya va leksik-sintaktik usullarda yasalishi, tuzilishiga ko‘ra sodda va qo‘shma toponimlarga bo‘linishi, sodda toponimlarning affiksli va affikssiz kelishi, qo‘shma toponimlarning tarkibi «ot+ot», «sifat+ot», «son+ot» «ot+fe’l» tipik modellarda kelishi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Chimboy tumani toponimlarining tarixiy-lingvistik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
toponimlarning semantik xususiyatlari, yasalish usullari, grammatik tuzilishi va ularning komponentlik tarkibiga doir olingan nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2012–2016 yillarda bajarilgan FA-A1-G003 raqamli «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2019 yil 31 oktyabrdagi 17-01/155-son ma’lumotnomasi). Natijada onomastik konversiya va leksik-sintaktik usullarda yasalgan toponimlarning tuzilishi sodda va qo‘shma bo‘lib kelishi, sodda toponimlarning affiksli va affikssiz kelishi, qo‘shma toponimlarning komponentlik tarkibi aniqlangan;
tumandagi geografik ob’ekt nomlari, ularning semantikasi va grammatik tuzilishiga oid xulosalardan joy nomlari bilan bog‘liq hujjatlarni adabiy til me’yorlariga mos olib borilishini ta’minlashda, ushbu hududdagi qadimiy nomlarni qayta tiklashda, takroriy nomlarini o‘zgartirishda va yangilariga nom berishda  foydalanilgan (Chimboy tumani hokimligining 2018 yil 13 dekabrdagi 01-278-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalarning tatbig‘i orqali davlatimiz tomonidan qabul qilingan nizom hujjatlari asosida tuman toponimlarining ma’noviy va imloviy jihatdan to‘g‘ri qo‘llanilishiga erishilgan;
gidronimlarga oid xulosalardan tuman hududidagi suv ob’ektlarining nomi, ma’nosi va tarkibini aniqlashda, tabiiy-geografik xususiyatlarini belgilashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 29 sentyabrdagi 20/07-3-375-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalardan gidronimlarning imlo xatolarisiz to‘g‘ri yozilishi, tuman suv xo‘jaligi bo‘limidagi hujjatlarning adabiy til normalariga muvofiq olib borilishi ta’minlangan;
Chimboy toponimlarining etimologiyasini qiyosiy-tarixiy tadqiq qilish orqali olingan natijalardan Berdaq va I.Yusupov nomidagi muzeylardagi tuman tarixiga oid materiallarni nazariy jihatdan mukammallashtirishda, hududdagi qadimiy joy nomlarini yoritishda muhim manba sifatida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 5 sentyabrdagi 2-02/1724-son ma’lumotnomasi). Natijada shoirlarning she’rlarida qo‘llanilgan toponimlarda aholining etnomadaniy xususiyatlari, tili, etnik tarkibining aks ettirilishi bilan bog‘liq etnolingvistik ma’lumotlar berishga erishilgan;
joy nomlarining paydo bo‘lishidagi ijtimoiy-iqtisodiy omillar, nom berishda lokal hududiy leksikaning tutgan o‘rni, joy nomlarining o‘zgarishi, ularning to‘g‘ri yozilishi haqidagi tavsiyalardan Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining «Erkin fikr» ko‘rsatuvi hamda FM–100.4 radiosining «Tilga e’tibor – elga e’tibor» eshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining 2017 yil 27 iyuldagi 01-02/308-son ma’lumotnomasi). Shu asnoda, aholining joy nomlariga bo‘lgan ilmiy qarashlarini shakllantirishga oid lingvomadaniy ma’lumotlar keng ommaga targ‘ib etilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish