To‘raboev Ixtiyorjon Qobilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi norezident yuridik shaxslariga soliq solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish», 12.00.02–Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Yu75.
Ilmiy rahbar: Oqyulov Omonboy, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Tulyaganov Abdumannop Abdujabbarovich, yuridik fanlar doktori; Xojiev Erkin Tuyg‘unovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi norezident yuridik shaxslariga soliq solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yuridik shaxslar soliq rezidentligini qamrab olish mezonlarini kengaytirish hamda soliq qonunchiligini noinsof va zararli soliq raqobatga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida chet mamlakat qonunchiligiga asosan tashkil etilgan, ammo boshqaruv va nazorat organlari joylashgan er O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan yuridik shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi rezidenti deb tan olinish zarurligi asoslangan;
norezident yuridik shaxslar tomonidan mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni rag‘batlantirish, shuningdek soliq solishning adolatlilik prinsipiga rioya qilishni ta’minlash maqsadida doimiy muassasa orqali faoliyat yuritadigan norezident yuridik shaxslarga nisbatan soliq solish sohasida mavjud cheklovlarni barataraf qilish zarurligi asoslangan;
soliq qonunchiligini barcha uchun tushunarli bo‘lishi, soliq solishning aniqlik prinsipiga rioya etishni ta’minlash maqsadida norezident yuridik shaxslar faoliyatiga soliq solishni tartibga soluvchi soliq qonunchiligidagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni tizimli tarzda bartaraf etish to‘g‘risida takliflar asoslangan;
norezidentlar ishtirokida soliqlarni to‘lamaslik yoki turli noqonuniy sxemalar orqali daromadlarni olib chiqib ketish amaliyotiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qoidalar – “nazorat qilinuvchi chet el kompaniyalar qoidasi” va “transfert narxlash qoida”larini soliq qonunchiligiga kiritish zarurligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Norezident yuridik shaxslarga soliq solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarishni ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organning ma’lumotlari asosida davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilishi bilan bog‘liq takliflar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 271-moddasi o‘ninchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2019 yil 2 oktyabrdagi 04/1-06/05-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijadan foydalanish norezident yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i solish jarayonini soddalashtirishda xizmat qilgan;
yuridik shaxsning bojxona to‘lovlari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishda har qanday shaxs mablag‘lari hisobidan amalga oshirish mumkin bo‘lishi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi loyihasining “Bojxona to‘lovlari” nomli II bo‘limini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2018 yil 26 dekabrdagi 05/17-11093-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijadan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi loyihasi normalarini takomillashtirishda xizmat qilgan;.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyat yuritayotgan norezident yuridik shaxs deklarant sifatida faoliyat yuritish mumkinligi to‘g‘risida takliflar O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi loyihasining “Bojxona to‘lovlari” nomli II bo‘limini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2018 yil 26 dekabrdagi 05/17-11093-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijadan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi loyihasi normalarini takomillashtirishda xizmat qilgan.