Abdumuminova Ra’no Norbuvaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zarafshon vohasi tog‘oldi mintaqasida shaftoli (Rersica vulgaris) hosildorligini oshirish texnologiyacini takomillashtirish”, 06.01.07–Mevachilik va uzumchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Qx348.
Ilmiy rahbar: Botirov Xidir Fayzievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand tajriba stansiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Islomov Sohibjon Yashibekovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Kojaxmetov Sovetbek Kojaxmetovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Zarafshon vohasining sug‘oriladigan tog‘oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida shaftolidan mo‘l, sifatli hosil etishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor shaftolining fenofazasi, biometrik ko‘rsatkichlari, hosil shoxlarining rivojlanishi, mevaning sifat ko‘rsatkichlari, hosildorligiga sideratlar va ma’danli o‘g‘itlar ta’siri ilmiy asoslangan;
shaftolidan mo‘l va sifatli hosil etishtirishda tuproq unumdorligini oshiruvchi omillar isbotlangan;
sug‘oriladigan tog‘oldi hududi sharoitida shaftoli bog‘iga mos ko‘kat o‘g‘it turlari aniqlangan;
shaftoli bog‘ida begona o‘tlar rivoji hamda zarakunandalarning zararlashida sideratlar ta’siri ilmiy baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Respublikamizda shaftolidan ekologik toza, sifatli, mo‘l hosil etishtirishda bog‘ qator oralariga turli siderat ekinlarini ekish hamda ma’danli o‘g‘itlarni me’yorida qo‘llashning ta’sirini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida:
Samarqand viloyatining tog‘oldi mintaqasi sharoitida bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarining shaftoli bog‘larida turli siderat ekinlarini etishtirish va ma’danli o‘g‘itlarini optimal qo‘llash me’yorlari Samarqand viloyatining jami 117 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 5 iyuldagi 02/030-182-son ma’lumotnomasi). Natijada, shaftoli bog‘lari qator oralarida arpa+raps+ko‘k no‘xat siderat ekinlarining ekilishi natijasida gektaridan o‘rtacha 87,2 s hosil olishga erishilgan;
2015-2017 yillarda Samarqand viloyatining Toyloq tumanida 20,5 ga, Ishtixon tumanida 27 ga, Jomboy tumanida 40 ga, Bulung‘ur tumanida 30 ga, jami 117 gektar maydondaga shaftoli bog‘lari qator oralarida ko‘kat o‘g‘itlaridan arpa+raps+ko‘k no‘xat siderat sifatida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 5 iyuldagi 02/030-182-son ma’lumotnomasi). Natijada, nazorat variantida (sideratsiz) hosildorlik 71,6 s ni tashkil qilib, bunda olingan qo‘shimcha hosil 15,6 s ni tashkil etgan;
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida 20,5 ga, Ishtixon tumanida 27 ga, Jomboy tumanida 40 ga, Bulung‘ur tumanida 30 ga, jami 117 gektar maydondaga shaftoli bog‘iga ma’danli o‘g‘itlardan FON+N150 kg/ga dan berilganda hosildorlik 87,4 s ni tashkil etgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 5 iyuldagi 02/030-182-son ma’lumotnomasi). Bu esa o‘z navbatida 18,3 s/ga qo‘shimcha hosil olishni ta’minlab, sohaning rentabellik darajasini 90,2% gacha oshirish imkoniyatini bergan.