Ergashev Jahongir Abdug‘anievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasida tola chiqimi yuqori bo‘lgan ashyolar yaratish”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Qx113.
Ilmiy rahbar: Madartov Baxrom Kuvandikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Mamaraximov Bunyod Ikramovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Xalikova Maloxat Bobomurodovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘zada navlararo duragaylash orqali yaratilgan ashyolarda tola chiqimining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va boshqa qimmatli-xo‘jalik belgilari bilan o‘zaro bog‘liqlikda shakllanishini tahlil qilish asosida tola chiqimi yuqori, turli  rayonlashgan navlarning qimmatli xususiyatlariga ega bo‘lgan, genetik jihatidan boyitilgan tizmalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba respublikamizning o‘zaro farqlanuvchi tuproq-iqlim sharoitlarida rayonlashgan navlar ishtirokida duragaylash o‘tkazilib qimmatli-xo‘jalik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajralish jarayonini tahlil qilish orqali tola chiqimi yuqori, turli navlarning qimmatli xususiyatlariga ega bo‘lgan, genetik boyitilgan seleksion ashyolar ajratib olingan va seleksion baholangan;
o‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasi uchun navlararo duragaylash usulida yaratilgan duragaylar asosida analitik seleksiya yo‘li bilan populyasiyalar orasidan yakka tanlovlar asosida yuqori tola chiqimiga ega bo‘lgan transgressiv shakllar ajratib olingan; 
navlararo duragaylab olingan oilalarda tola chiqimi belgisining boshqa qimmatli-xo‘jalik belgilari bilan o‘zaro korrelyasiyasini o‘rganish asosida xo‘jalik uchun foydali belgilarning ijobiy majmuiga va bog‘liqligiga ega bo‘lgan oila va tizmalar aniqlangan;
yuqori seleksion qiymatga ega bo‘lgan ashyolarda belgilarning shakllanishini tahlil qilish va samarali tanlovlar natijasida o‘rta tolali g‘o‘zaning barqaror genotipli oila va tizmalari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasida tola chiqimi yuqori bo‘lgan ashyolar yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
navlararo duragaylash asosida yangi, tola chiqimi yuqori, vertisillyoz viltga bardoshli, tezpishar, hosil berish sur’ati yuqori bo‘lgan yangi T-54-56 g‘o‘za tizmasi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 dekabrdagi 05/020-4477-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tizma andoza S-6524 naviga nisbatan 4,0-4,5 s/ga yuqori hosildorlikka va 2-3 kunga tezpisharlikka erishilgan;
vertisillyoz vilt (V.dahliae Kleb.) ga bardoshli, 1000 dona chigit vazni va tola chiqimi yuqori bo‘lgan yangi T-33-35/18, T-25-27/18 tizmalari yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 dekabrdagi 05/020-4477-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur qimmatli-xo‘jalik belgilari majmuiga ega bo‘lgan yangi tizmalar seleksiya jarayonlarida foydalanilgan va boshlang‘ich ashyo sifatida tavsiya etilgan;
navlararo duragaylash usulida yaratilgan T-54-56, T-33-35/18 va T-25-27/18 tizmalari amaliy seleksiya jarayonlariga tavsiya etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 dekabrdagi 05/020-4477-son ma’lumotnomasi). Natijada, andoza S-6524 naviga nisbatan 4,0-4,5 s/ga yuqori hosildorlikka va 2-3 kunga tezpisharlikka erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish