Ikramov Muboshir Xamidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy xomashyo asosida suspenziyalangan murakkab o‘g‘it olishning ratsional texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/T980.
Ilmiy rahbar: Tadjiev Sayfiddin muxiddinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Namazov Shafoat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Turdialiev Umid Muxtoralievich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ammofos va kal`siyli sanoatning texnogen chiqindisi asosida kompleks ta’sir etuvchi NP-, NPK-, NPKCa li suyuq va suspenziyalashtirilgan o‘g‘itlar olishning ratsional texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ca(NO3)2:ammofos nisbatiga bog‘liq ravishda kal`siyli shlamni ammofos tutgan nitrat kislotasi yordamida parchalash yo‘li bilan bazis suspenziyasini olishning maqbul rejimi aniqlangan;
azotfosforkislotali bo‘tqani ammiakli suv bilan neytrallashda barqaror bazisli suspenziyadagi maqbul nisbat P2O5:NH3=0,33 aniqlangan;
KAS eritmasi, ammoniy nitrati, karbamid va kaliy xloridlarining yangi turdagi suspenziyalashtirilgan murakkab o‘g‘itlarning kimyoviy tarkib va xossalariga ta’siri isbotlangan;
kal`siyli shlamni nitrat kislotali parchalash mahsulotlari, ammofos, KAS eritmasi, ammoniy nitrati, karbamid va kaliy xloridi asosida yangi shakldagi kompleks ta’sir qiluvchi murakkab suspenziyalashtirilgan o‘g‘itlar olingan;
mahalliy xomashyo asosida ozuqa moddalari har xil nisbatdagi yangi turdagi suspenziyalashtirilgan o‘g‘itlar olishning ratsional texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Suspenziyalashtirilgan murakkab o‘g‘itlar olishning ratsional texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy xomashyo asosida suspenziyalashtirilgan murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish texnologiyasi «Maxam-Chirchiq» AJning «2020-2021 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalari ro‘yxati»ga kiritilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2019 yil
6 noyabrdagi 24-6842-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘simliklarning ildiz va ildizdan yuqori qatlamlarini ekish uchun tayyorgarlik turlarini kengaytirish va qishloq xo‘jaligini turli xil ozuqaviy nisbatdagi suspenziyalashtirilgan murakkab o‘g‘itlar bilan ta’minlash imkonini bergan;
mahalliy xomashyo asosida ratsional texnologiya bilan suspenziyalashtirilgan murakkab o‘g‘itlar olish bo‘yicha X-Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida “Maxam-Chirchiq” AJ bilan 96-14/5 raqamli xo‘jalik shartnomasi tuzilgan (2017 yil 11 mayda 304 raqam bilan ro‘yxatga olingan). Natijada qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun tarkibida barcha ozuqa moddalari tutgan va donador o‘g‘itlarga nisbatan 2–3 marta arzon bo‘lgan suspenziyalashtirilgan o‘g‘itlar olish imkonini bergan.