Xamrakulov Zohidbek Abdusamadovichning

doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

    I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy xom ashyolar asosida kal`siy-magniy xloratli defoliant olishning texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).

Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /Guvohnoma, LA №0002365/.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 18.11.2015/B2015.3-4.T562.

Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Tuxtaev Saydiaxral, kimyo fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi FA akademigi.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent davlat texnika universiteti, 16.07.2013.K/T.14.01.

Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Namazov Shafoat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor; Usmanov Sultan Usmanovich, texnika fanlari doktori, professor; Jumaniyazov Maxsud Jabbievich, texnika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

    II. Tadqiqotning maqsadi.

mahalliy dolomit mineralini xlorid kislotasi bilan parchalab, hosil bo‘lgan mahsulotni natriy xlorati bilan konversiyalash orqali kam zaharli va yuqori samarali yangi defoliant olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.

    III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.

ilk bor import bishofit o‘rniga mahalliy dolomit minerallarni xlorid kislotasi yordamida parchalab olingan xomashyo asosida yangi kal`siy-magniy xloratli defoliant olish imkoniyatlari aniqlangan va prinsipial texnologik tizimi ishlab chiqilgan;

dolomit minerallarini xlorid kislotasi yordamida parchalash jarayonining maqbul texnologik ko‘rsatkichlari aniqlangan, unga ko‘ra, HCl konsentratsiyasi 31,0%, o‘zaro ta’sirlashuv vaqti 30-35 daqiqa, jarayondagi harorat 30-40°S, CaO va MgOni eritmaga o‘tish darajasi 99,42-99,60% ligi isbotlangan;

ilk bor kal`siy, magniy va natriy xloridlari va xloratlaridan iborat bo‘lgan murakkab suvli sistemalardagi komponentlarning o‘zaro ta’sirlashuvi bo‘yicha yangi ma’lumotlar olingan, ular asosida politermik eruvchanlik diagrammalari qurilgan hamda yangi kal`siy-magniy xloratli defoliant olish mumkinligi ilmiy asoslangan;

kal`siy, magniy xlorid eritmasini natriy xlorati bilan konversiyalash jarayoning maqbul ko‘rsatkichlari aniqlangan;

konversiya jarayonining faollanish energiyasi, reaksiya tartibi va tezlik konstantasi aniqlanib, ularning haroratga bog‘liqlik tenglamalari keltirib chiqarilgan, natijada yangi turdagi kal`siy-magniy xloratli defoliant olish texnologiyasi yaratilgan.

    IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

«FanDef» defolianti O‘zbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi tomonidan qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun ruyxatga olingan (2016 yil 13 apreldagi 2-5-60 son ma’lumotnoma) va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan atrof-muhit muhofazasi va aholi sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha metodik tavsiyanomasi tasdiqlangan (18.11.2015 yil, №012-3/0278). Bunda kal`siy-magniy xloratli defoliantning o‘tkir zaharlilik ko‘rsatkichi IV-sinfga mansubligi hamda faqat teri qatlamlariga o‘ta kuchsiz ta’sir etishi ko‘rsatilgan;

kal`siy-magniy xloratli defoliant olish texnologiyasi «Farg‘onaazot» aksionerlik jamiyatida amaliyotga tadbiq etilib, 1100 kg tajriba-sinov namunasi ishlab chiqarilgan («Farg‘onaazot» aksionerlik jamiyatining  2016 yil 8 yanvardagi 37/97-son ma’lumotnomasi). Tavsiya etilgan texnologiyada chetdan valyuta evaziga keltiriladigan bishofit o‘rniga mahalliy xomashyo – dolomitdan foydalanish orqali yangi turdagi samarali kal`siy-magniy xloratli defoliant ishlab chiqarildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish