Pardaev Quldosh Uzakovichning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiyasi mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Muqimiy she’riyatining matn tarixi, tahriri va talqini”, 10.00.10–Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil52.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor; Yakubov Islamjon Axmedjanovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat  adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy she’riy asarlari qo‘lyozma va toshbosma manbalari hamda nashr nusxalarini qiyosiy-matniy tahlil qilish, ijodkor nazmiy asarlarida matn tarixi, tahriri va talqini muammolarini o‘rganish, shoirning milliy adabiyot tarixida tutgan o‘rnini qayta baholashdan iborat.  
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
qo‘lyozma manbalar va arxiv hujjatlari asosida shoir ilmiy biografiyasi oilaviy muhiti va tavallud sanasiga doir yangi ma’lumotlar  bilan to‘ldirilgan;
ijodkor nazmiy asarlarining g‘oyaviy tahrirdan o‘tkazilgani, ba’zan ularga matnda bo‘lmagan g‘oya qo‘shilgani, ayrim hollarda mavjud g‘oya qisqartirilib, kommunistik mafkura talablariga moslashtirilgani misollar bilan dalillangan;
shoir lirik merosining qo‘lyozma va toshbosma nusxalarini qiyoslash asosida Muqimiyning ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan 13 g‘azali, 3 muxammasi ¬– jami 194 misra nazmiy asarlari aniqlanib, ilmiy istifodaga olib kirilgan;
Muqimiy asarlari nashrida kommunistik mafkura talablari asosida tahrir qilingan g‘azallardan 69 bayt, muxammaslardan 12 band, masnaviylardan 11 bayt, murabba’dan 1 misra, “Sayohatnoma”dan 16 band – jami 80 bayt, 28 band, 285 misra qayta tiklangan;
shoir asarlarining matn tarixi muammosi nazariy aspektda o‘rganilib, ularning yaratilishida muallif rejasi va mo‘ljalining amalga oshishidan matnning qo‘lyozmaga ko‘chirilishi va nashr jarayonlarigacha bo‘lgan takomil bosqichlari misollar bilan isbotlangan;   
zamondoshlari ijodi bilan qiyosiy o‘rganish natijasida shoir she’riyati matnlarining ilmiy talqini evolyusiyasi ochib berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Muqimiy she’riy asarlari matni tarixi va manbalarining qiyosiy-matniy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Muqimiyning joriy nashrlarga kirmay qolgan turli manbalardagi she’riy asarlari tahlili, shoir asarlarini zamondoshlari ijodi bilan qiyosiy o‘rganish natijasida ularning mushtarak hamda o‘ziga xos jihatlari, ijodkor adabiy merosi qo‘lyozma va toshbosma manbalarining qiyosiy tahlili, matn tahriri masalasi, Muqimiy she’riyatida adabiy-estetik ideal, Vatan va millat mustaqilligi g‘oyalari poetik talqinining ta’lim-tarbiya jarayonidagi ulkan ahamiyati kabi ilmiy xulosalaridan  “OF-F8-027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 22 oktyabrdagi  89-03-4091-son ma’lumotnomasi). Natijada Muqimiyning qo‘lyozma va toshbosma manbalardan yangi topilgan  she’riy asarlari yurtimiz milliy-ma’naviy va adabiy merosining ajralmas qismi ekanligi isbotlangan hamda ushbu asarlarning ma’naviyatimiz va adabiyotimiz tarixida muhim mavqega ega ekanligi ochib berilgan;
milliy adabiyotimiz tarixidagi mumtoz asarlar markazida turgan komil inson konsepsiyasining Muqimiy she’riyatida davom ettirilgani, shoirning diniy-tasavvufiy mazmundagi komil inson g‘oyasi bilan sug‘orilgan  she’riy  asarlari tahlili kabi ilmiy xulosalardan 5.1.17-raqamli “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi”  mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 22 oktyabrdagi  89-03-4091-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihada o‘zbek she’riyatining yangilanishida mumtoz poetik an’analarning o‘rni, poetik shakl yangilanishida Muqimiy va zamondoshlari asarlari adabiy-estetik manbai ekani haqida muayyan xulosalar chiqarish imkonini bergan; 
Muqimiy hayoti va ijodiy biografiyasiga oid tarixiy, adabiy qo‘lyozma manbalardagi va arxiv materiallardagi birlamchi ma’lumotlardan, O‘zR FA Sharqshunoslik instituti asosiy fondida saqlanayotgan  7521, 1325, 7688, 9309 raqamli qo‘lyozma bayozlar Muqimiyning avtografida ko‘chirilgani dalillangani kabi muhim ilmiy xulosalardan F1–FA-055746 raqamli “Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini ilmiy tavsifi va nashr qilish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 27 noyabrdagidagi 3/1255-3121-son ma’lumotnomasi). Natijada Muqimiy ilmiy biografiyasi, adabiy merosiga oid ma’lumotlar bo‘yicha muayyan xulosalarga kelingani, shoir asarlarining muzeydagi qo‘lyozma va toshbosma asarlarni monografik planda tavsiflarini amalga oshirishda ilmiylik hamda aniqlik jihatlarini belgilash imkoniyatlarini ko‘paytirib bergan; 
Muqimiy adabiy merosining yangicha talqini, shoirning milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotidagi mavzular va janrlar takomilidagi o‘rni, ijodkor dastxat bayozlarining aniqlanganligiga doir ilmiy xulosalaridan  “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Odoblar xazinasi”, “Bir bayt sharhi” kabi ko‘rsatuvlarida foydalanilgan. Muqimiy g‘azallari matni va mazmuni nusxalardagi farqli holatlar asosida sharhlangan. Muqimiyning jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan g‘azallarining e’lon qilinishiga doir faktik materiallar berilishida tadqiqot natijalariga tayanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali” davlat unitar korxonasining 2019 yil 6 noyabrdagi 01-16/446-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish