Tursunov Akmaljon Hamidjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Nemiszabon adabiyotlarda Sharqning buyuk siymolari talqini», 10.00.04–Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil336.
Ilmiy rahbar: Xallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Lixodzievskiy Anatoliy Stepanovich filologiya fanlari doktori, professor; Yusub Niyazmetovich Ismailov filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nemiszabon adabiyotlarda Ibn Sino, Beruniy, Amir Temur va Bobur Mirzo haqida yaratilgan tarixiy-adabiy, ilmiy-ommabop va badiiy asarlarni tadqiq etish orqali sharqning buyuk siymolari obrazini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nemiszabon adabiyotlarga Sharq adabiy an’analarining kirib borishi va tadrijiy takomili dalillangan;
nemis adibi K.X.Postelning “Temur va Boyazid” librettosida Amir Temur obrazining nafaqat qattiqqo‘l, shafqatsiz sarkarda, balki adolatli, sahovatpesha xukmdor hamda kechirimli, bag‘rikeng inson kabi ijobiy talqin etilgani isbotlangan;
nemis adiblari I.Gyote, K.Edshmid, KFrank. T.Nagel` asarlarini qiyosan o‘rganish orqali Sohibqiron shaxsiga nisbatan dahshatli sarkarda, yovuz xukmdor kabi noxolis yondashuvlarning asl sabablari aniqlangan;
Amir Temur va Bobur Mirzo obrazini yaratishda mualliflarning badiiy mahorati, ijtimoiy-siyosiy qarashlari va ijodiy individualligi ochib berilgan;
M.Pravdinning “Yo‘qdan bunyod bo‘lgan saltanat” va F.Vyortlening “Bobur – Yo‘lbars” asarlarida Bobur Mirzo hayoti va faoliyatiga oid davlatchilik, vorisiylik bilan bog‘liq, ya’ni Hindiston taxtini Hindolga qoldirish bo‘yicha yangi dalillar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Buyuk siymolarimizning nemiszabon adabiyotdagi talqinlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Sharq adabiy an’analarining G‘arb adabiy an’analariga ta’siri, buyuk siymolarimizning nemis adabiyotidagi talqinlari xususida olingan ma’lumot va materiallardan NamDU va Norvegiyaning Oslo Akersxus universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan CPEALA–2012/10033 raqamli xalqaro loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 28 martdagi 89-03-1181-son ma’lumotnomasi). Joriy etilgan materiallar loyiha doirasidagi seminarlarda G‘arb adabiyotida Sharq mavzusi hamda G‘arbda Beruniy, Ibn Sino obrazi talqini va ilmiy merosi bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar tashkil etishda asos bo‘lgan;
nemiszabon adabiyotda Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur va Bobur Mirzolarning hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati to‘g‘risida yaratilgan asarlardan Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi “Adabiyot va san’at” bo‘limida ko‘rgazmali eksponat tashkil etildi (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining 2019 yil 11 apreldagi 01-12-10-1714-son ma’lumotnomasi). Eksponatdan o‘rin olgan badiiy va ilmiy-ommabop asarlar muzeyga tashrif buyurganlarga buyuk siymolarimizning nemiszabon adabiyotdagi talqinlari haqida yangi va qiziqarli ma’lumotlar bergan;
Amir Temur va Bobur Mirzo obrazlarining nemiszabon adabiyotda ijobiy yoki salbiy tasvirga ega ekanligini aniqlash jarayonida nemis adiblari tomonidan yaratilgan asarlarni o‘rganish orqali olingan ma’lumot va xulosalardan Namangan viloyat teleradiokompaniyasi “Nigoh” radiojurnalida efirga uzatilgan Amir Temur va Bobur Mirzo hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Buyuk siymolar” eshittirishini tayyorlashda manba sifatida foydalanilgan (Namangan viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 13 martdagi 08-01-169-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot ob’ekti qilib olingan manbalar tinglovchilarga buyuk siymolarimizning nemiszabon o‘lkalardagi e’tirofi xususida ma’lumotlar bergan hamda eshittirishning mazmunli va ommabop bo‘lishini ta’minlagan;
nemis adabiyotida Amir Temur obrazi talqini xususida olingan natijalardan “Olmon – O‘zbek ilmiy jamiyati” (Deutsch Usbekisches wissenschaftliche Gesellschaft)ning seminar va ilmiy kechalarida qo‘llanilgan (Olmon – O‘zbek ilmiy jamiyatining 2019 yil 25 iyuldagi ma’lumotnomasi, Germaniya). Tadqiqot materiallari seminar ishtirokchilariga Amir Temur obrazining nemis adabiyotida qay darajada xolis yoki noxolis talqin etilgani haqida ma’lumotlar bergan.