Yusubov Jaloliddin Qadamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Abu Nasr Forobiyning ma’naviy axloqiy kamolot va shaxs barkamolligi haqidagi ta’limoti», 09.00.02 – Ong, madaniyat va amaliyot shakllari falsafasi (etika).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fa128
Ilmiy rahbar: Jakbarov Muhammadjon Tursunboevich, falsafa fanlari doktori
Dissertatsiya bajarilgan muassasanomi: O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G‘.01.05
Rasmiy opponentlar: Muxtorov Azamat, falsafa fanlari doktori, professor; Karimov Baxtiyor Raxmonovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abu Nasr Forobiy ijodiy merosida ma’naviy madaniyat va shaxs barkamolligi muammolarining talqiniga doir axloqiy qarashlarni ilmiy-falsafiy konsepsiya sifatida tahlil etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abu Nasr Forobiy merosida ma’naviy madaniyat va shaxs barkamolligi muammosi axloqiy anglash, axloqiy hissiyot, axloqiy munosabatlar kabi axloqiy tushunchalar bilan bog‘liq holda ochib berilgan;
Abu Nasr Forobiyning merosida ilm va axloqiy fazilatning mushtarakligi, yoshlarning ma’naviy kamoloti ilm-fan yordami bilan tarbiyalanadigan yuksak intellektual va axloqiy qoidalar, insonni donishmand va oliyjanob shaxsga aylantirishning ma’naviy-axloqiy usullari ta’lim va tarbiya uyg‘unligi bilan bog‘liq holda ochib berilgan;
Abu Nasr Forobiyning yuksak ma’naviyat, barkamol shaxs to‘g‘risidagi ta’limotidagi axloqiy tamoyillar (adolatparvarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik) hamda intellektual (aqllilik, ziyraklik, zukkolik), irodaviy (chidamlilik, sabrlilik, matonatlilik) va emotsional (mehr, muhabbat, sevgi) sifatlar falsafiy nuqtai-nazardan asoslangan;
Abu Nasr Forobiy falsafiy-madaniy ta’limotidagi barkamollik kategoriyasining asosiy komponentlari (burch, mas’uliyat, vijdon, adolat, insof, diyonat) asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Abu Nasr Forobiyning ma’naviy axloqiy kamolot va shaxs barkamolligi haqidagi ta’limotini o‘rganish yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy taklif va tadqiqot natijalari asosida:
Abu Nasr Forobiy merosida ma’naviy madaniyat va shaxs barkamolligi muammosi axloqiy anglash, axloqiy hissiyot, axloqiy munosabatlar kabi axloqiy tushunchalar bilan bog‘liq holda ochib berishga oid taklif-tavsiyalardan respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovi va turli yoshlar festivallarini o‘tkazish, Yoshlar mediya markazi tomonidan targ‘ibot roliklarini tayyorlash, “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostidagi tadbir va “Kelajak sen bilan” xayriya tadbirini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2018 yil 25 iyundagi 04-13/3350-son ma’lumotnomasi). Bu taklif va tavsiyalar yoshlarda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirish, ularni buyuk ajdodlarimiz ilmiy va ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishtirish va barkamol shaxsni tarbiyalash ishlarini tizimli tashkil etishga xizmat qilgan;
Abu Nasr Forobiyning merosida ilm va axloqiy fazilatning mushtarakligi, yoshlarning ma’naviy kamoloti ilm-fan yordami bilan tarbiyalanadigan yuksak intellektual va axloqiy qoidalar, insonni donishmand va oliyjanob shaxsga aylantirishning ma’naviy-axloqiy usullari ta’lim va tarbiya uyg‘unligi bilan bog‘liq jihatlarini ochib berishga doir ishlab chiqilgan ilmiy natijalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Olmazor tuman bo‘linmasi tomonidan foydalanilgan, xususan, yoshlar o‘rtasida yurtimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, allomalarimiz ma’naviy merosini kelajak avlodga etkazish, uni keng miqyosda targ‘ib qilish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirishga xizmat qilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 3 oktyabrdagi 03/09-1331-son ma’lumotnomasi). Bu natijalar aholimiz, xususan yoshlarning yurtimiz allomalari ma’naviy va ilmiy merosini o‘rganishga oid bilimlarini oshirish, ular ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yanada yuksaltirish hamda mutafakkir va allomalarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda ular merosini asrab-avaylash kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga erishilgan;
Abu Nasr Forobiyning yuksak ma’naviyat, barkamol shaxs to‘g‘risidagi ta’limotidagi axloqiy tamoyillar (adolatparvarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik) hamda intellektual (aqllilik, ziyraklik, zukkolik), irodaviy (chidamlilik, sabrlilik, matonatlilik) va emotsional (mehr, muhabbat, sevgi) sifatlar yoshlarni ajdodlar ma’naviy merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga ijobiy ta’sir qilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2019 yil 3 oktyabrdagi 04-13/4535-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirish va barkamol shaxs sifatida shakllantirish ishlarini samarali tashkil etishga erishilgan;
Abu Nasr Forobiy falsafiy-madaniy ta’limotidagi barkamollik kategoriyasining asosiy komponentlariga (burch, mas’uliyat, vijdon, adolat, insof, diyonat) doir qarashlari birlamchi manbalar asosida ochib berilgan xulosalar, taklif va tavsiyalar borasidagi xulosalaridan “Fuqarolik jamiyati” nomli o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash, “Fuqarolik jamiyati fanidan tushuncha va atamalar lug‘ati”da fuqarolik jamiyati faniga oid yangi tushunchalarga izohlar berishda foydalanilgan hamda “Fuqarolik jamiyati”, “Falsafa” va “Milliy g‘oya: O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi” fanlaridan ma’ruza matnlarini tayyorlash va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishda qo‘llanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 5 oktyabrdagi 89-03-3751-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy-tadqiqot ishi natijalari “Fuqarolik jamiyati”, “Falsafa” va “Milliy g‘oya: O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi” fanlari mazmunini takomillashtirish va o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan.