Tursunova Nasiba Xamroevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hozirgi o‘zbek dramaturgiyasida fol`klor stilizatsiyasi”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Fil379.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Qayumov Olim Sadriddinovich, filologiya fanlari nomzodi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Tojiboeva Oltinoy  Qosimovna, san’atshunoslik fanlari doktori; Imomnazarova Shahodatxon Xabitovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori  (Phd)
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasida marosim fol`klorining poetik transformatsiyasini yoritish, fol`klor stilizatsiyasi vositasida dramatik asarda etnomadaniy kontekst yaratish tamoyillarini tavsiflash, hozirgi o‘zbek kinodramaturgiyasidagi mifopoetik timsollar badiyati va epik syujetlar stilizatsiyasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasidagi fol`klor syujetlari, motiv va obrazlaridan ijodiy foydalanish asosida yaratilgan asarlarning o‘ziga xos etnomadaniy kontekstini belgilovchi fol`klorizmlar (urf-odat, marosim aytimlari, olqishlar, maqollar, qo‘shiqlar, rivoyat kabi)  manbalari aniqlangan;
marosim fol`klorining dramatik asarlardagi poetik talqini va transformatsiyasini aniqlash asnosida xalq og‘zaki ijodi an’analari sahna san’atining shakllanishiga asos bo‘lgan manbalar  ritual ahamiyatga molik marosimiy qadriyatlar (mavsumiy, oilaviy-maishiy va diniy-ibodat marosimlari) hamda mohiyatan dramatik harakat va verbal komponentlar uyg‘unligiga asoslangan noritual qadriyatlar (bolalar o‘yin fol`klori, ommaviy xalq o‘yinlari va an’anaviy tomosha san’ati)dan iboratligi isbotlangan;
qadimiy rituallar va marosimlar tarkibidagi verbal komponentlar – qo‘shiq va aytimlarning dramatik harakat va so‘z uyg‘unligidan iborat teatrlashtirilgan xalq tomosha asarlarining shakllanishiga asos bo‘lganligi ko‘rsatib berilgan hamda milliy sahna san’atining tadrijiy rivoji “marosim→o‘yin→teatr” bosqichlaridan iboratligi ilk bor dalillangan;
Ishda o‘zbek fol`klorshunosligida birinchi marta voqelikni so‘z vositasida og‘zaki ifoda qilishdan iborat an’anaviy autentiv estetik kategoriya hisoblangan fol`klorni televidenie, kino va mediasan’at doirasida dramatik talqin etish, ya’ni xalq ijodiga xos obrazlilik va badiiy shartlilikni kino san’ati tiliga o‘girishda innovatsion usullarni qo‘llanilishi natijasida fol`klorizmning o‘ziga xos yangi tipi – «audiovizual fol`klorizm»lar shakllanganligi asoslangan;
epik syujetlarni stilizatsiya qilish xalq dostonlari asosida sahna asarlari yaratishning yetakchi badiiy mezoni ekanligi zamonaviy dramatik asarlar tahlilida ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Hozirgi o‘zbek dramaturgiyasi va fol`klor stilizatsiyasi masalasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
marosim fol`klori an’analarining dramatik asarlar syujeti va kompozision qurilishidagi badiiy talqinlarini ijodkorning fol`klordan foydalanishdagi o‘ziga xos poetik mahorati kontekstida tadqiq etish asosida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalaridan Navoiy davlat pedagogika institutida 2008-2010 yillarda bajarilgan “O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari” mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 oktyabrdagi 89-03/4004-son ma’lumotnomasi). Natijada dramatik asarlarga singdirib yuborilgan o‘zbek marosim qo‘shiqlari va aytimlarida o‘z ifodasini topgan milliy qadriyatlardan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda foydalanishning pedagogik imkoniyatlarini kengaytirishga erishilgan;
istiqlol davri dramalari va kinoasarlarida qo‘llanilgan audiovizual fol`klorizmlarning mifopoetik talqinlarini o‘rganish asosida olingan natijalardan Navoiy davlat pedagogika institutida 2012-2016 yillarda olib borilgan F1-XT-0-19919 raqamli raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqotni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 oktyabrdagi 89-03/4004-son ma’lumotnomasi). Natijada fol`klor an’analari orqali etib kelgan qadimgi mif va mifologik obrazlarning hozirgi o‘zbek adabiyoti badiiyatini boyitishdagi o‘rnini tahlil qilish asosida mifologizmlar poetikasi oydinlashtirilgan; 
O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati Madaniyat boshqarmasi, Navoiy shahar Madaniyat bo‘limining “Navro‘z” umumxalq bayrami an’anaviy ommaviy tadbirlar: “Lola sayli”, “Qizil gul sayli”, “Ashshadarozi” o‘yinlarini sahnalashtirishda (O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati Madaniyat boshqarmasi, Navoiy shahar Madaniyat bo‘limining 2019 yil 20 sentyabrdagi 01-07/123-son ma’lumotnomasi), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Navoiy viloyati bo‘limi “Moziy ko‘zgusi”, “Ma’naviyat sarchashimasi”, “Dolzarb mavzu”, “Qadriyat, urf-odat va an’ana”, “Navro‘z udumlari”, “Adabiy muhit”, “Qadriyatlar – qadim beshigi”, “Ma’naviyat gulshani” kabi teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarni tayyorlashda tadqiqotchining nazariy xulosalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Navoiy viloyati bo‘limining 2019 yil 5 noyabrdagi 3264-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar ilmiy jihatdan boyitilib, unutilgan milliy qadriyatlar keng ommaga havola etildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish