Yunusova Gulnoza Yarkinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Otosklerozni kompleks davolashda differensial yondashuv», 14.00.04–Otorinolaringologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tib462.
Ilmiy rahbar: Arifov Sayfutdin Saidazimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti, DSc.28.12.2017.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Chernushevich Igor` Ivanovich, tibbiyot fanlari doktori (Rossiya Federatsiyasi); Shayxova Xolida Erkinovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Ukraina Milliy tibbiyot fanlari akademiyasi Professor A.I.Kolomiychenko nomidagi Otolaringologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: eshitish a’zosi turli bo‘limlarining funksional holatini hisobga olgan holda, uning markaziy qismiga ta’sir qiluvchi dori voistalarini differensial qo‘llash yo‘li bilan otosklerozning kompleks davosini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor otosklerozda eshitish analizatorining markaziy qismida rivojlanadigan funksional o‘zgarishlar mavjudligi va ularning kelib chiqishida neyrosinaptik o‘tkazuvchanlikning sekinlashuvi yetakchi o‘rin tutganligi aniqlangan;
otoskleroz aniqlangan bemorlarda eshitish analizatorining markaziy qismida rivojlanadigan funksional o‘zgarishlarning ko‘rsatkichlari kasallikning davomiyligi va eshitish zaiflashuvining darajasi bilan bevosita bog‘liqligi aniqlangan;
otoskleroz kasalligida sensonevral komponentning zararlanishi qisqa-latentli chaqirilgan eshituv potensiallari cho‘qqilari latentligining va cho‘qqilariaro intervallarning uzayishi hamda uzun-latentli chaqirilgan eshituv potensiallari latentligining uzayishi va amplitudasining kichrayishi bilan namoyon bo‘lishi aniqlangan;
bemorlarda nutqni anglash foizining pasayganlik darajasi bilan chaqirilgan qisqa va uzoq latentli eshituv potensiallari ko‘rsatkichlari orasida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan;
timpanal va aralash shakldagi otoskleroz aniqlangan bemorlardagi markaziy eshitish buzilishlari jarrohlik amaliyotidan so‘ng markaziy xolinomimetik ta’sirga ega bo‘lgan dori vositalarini qo‘llash zamirida tiklanish imkoniyatiga ega ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Klinik va audiologik tadqiqotlar asosida otosklerozni tashxislash va kompleks davolashni baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Otosklerozni jarrohlikdan keyingi davrda medikamentoz davosini optimallashtirish” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 17 sentyabrdagi 8n-r/354-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma otosklerozda jarrohlikdan keyin nutqni anglash qobiliyatini tiklash uchun markaziy xolinomimetik ta’sirga ega bo‘lgan dori vositalarini qo‘llash davolash samaradorligini oshirish va davolash kursi davomiyligini qisqartirish imkonini bergan;
“Otosklerozni kompleks diagnostikasi algoritmi” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirliginining 2019 yil 11 oktyabrdagi 8n-r/407-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma otoskleroz aniqlangan bemorlarni erta tashxislashni amalga oshirish, eshituv analizatorining markaziy qismlari funksional holatini baholash va davolash rejasini tuzish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish