Xodjaev Begzod Xudoyberdievichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Umumta’lim maktabi o‘quvchilarida tarixiy tafakkurni modernizatsiyalashgan didaktik ta’minot vositasida rivojlantirish», 13.00.01 – «Pedagogika nazariyasi va tarixi. Ta’limda menejment» (pedagogika fanlari bo‘yicha).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: pedagogika fanlari nomzodi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4Ped.47
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Egamberdieva Nodira Melibaevna, pedagogika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi 16.07.2013 Ped.04.01raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Quronov Muxammadjon, pedagogika fanlari doktori, professor Isaev Il`ya Fedorovich, pedagogika fanlari doktori, professor, Adizov Baxtiyor Raxmonovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qozon federal universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi modernizatsiyalashgan didaktik ta’minot vositasidaumumta’lim maktabi o‘quvchilarida tarixiy tafakkurni rivojlantirishning konseptual asoslari va amaliy-texnologik tizimini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
umumta’lim maktabi o‘quvchilarida tarixiy tafakkurni rivojlan-tirishga ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy-siyosiy, milliy-ma’naviy, psixologik-pedagogik omillarning o‘zaro aloqadorligi va modernizatsion ko‘rsatkichlari aniqlangan;
o‘quvchilarda tarixiy tafakkurni rivojlantirishning tayanch, umumiy va xususiy kompetensiyalari tizimi ishlab chiqilgan;
«axborot iste’moli madaniyati»ning tarixiy tafakkurni rivojlantirishdagi ahamiyati asoslangan hamda o‘quvchilarda axborot iste’moli madaniyatini tarkib toptirishning pedagogik mexanizmlari takomillashtirilgan;
umumta’lim maktabi o‘quvchilarida tarixiy tafakkurni rivojlantirishning neyropedagogik xususiyatlari va diagnostik tizimi aniqlashtirilgan;
falsafiy-antropologik yondashuv asosida o‘quvchilarda tarixiy tafakkurni rivojlantirish bosqichlari, mazmuni, shakl, metod va vositalarini yaxlitlikda o‘z ichiga qamrab olgan lokal-modulli texnologiya ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Umumta’lim maktabi o‘quvchilarida tarixiy tafakkurni modernizatsiyalashgan didaktik ta’minot vositasida rivojlantirish bo‘yicha ilmiy natijalari:
o‘quvchilarda tarixiy tafakkurni rivojlantirishga doir tayanch, fanlararo va xususiy kompetensiyalar tizimi tarix hamda milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari turkumiga kiruvchi odobnoma, Vatan tuyg‘usi, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari fanlari bo‘yicha uzviylashtirilgan Davlat ta’lim standarti («O‘zstandart» agentligining 2010 yil 15 fevralda 05-182-sonli qarori bilan tasdiqlanib, 1713-son raqam bilan Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) mazmuniga singdirilgan. Mazkur kompetensiyalar tizimi umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilariga qo‘yiladigan malaka talablarini ishlab chiqish hamda takomillashtirilgan o‘quv dasturlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarni yaratishga xizmat qilgan;
umumta’lim maktabi o‘quvchilarida tarixiy tafakkurni rivojlan-tirishning pedagogik-psixologik xususiyatlari va omillari, o‘quvchilarda axborot iste’moli madaniyatini tarkib toptirish mexanizmlari va axboriy-didaktik ta’minoti hamda falsafiy-atropologik yondashuv asosida o‘quvchilarda tarixiy tafakkurni rivojlantirishning amaliy-texnologik jihatlari pedagogika oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan «Umumiy pedagogika» (№137-001-2016) darsligi mazmunida o‘z aksini topgan. Natijada ijtimoiy, fuqaro-lik, huquqiy va ma’naviy-axloqiy tarbiyaning mazmun-mohiyati takomillash-tirilib, mazkur tarbiya turlarini tashkil etishning interfaol shakl, metod va vositalarini taqdim etish orqali bo‘lajak o‘qituvchilarni modernizatsion didaktik ta’minotni amaliyotga tatbiq etishga tayyorlash samaradorligini oshirish imkonini bergan;
umumta’lim maktabi o‘quvchilarida tarixiy tafakkurni rivojlan-tirishning neyropedagogik xususiyatlari va diagnostik ko‘rsatkichlari pedagogika oliy ta’lim muassasasi bakalavriat talabalari va malaka oshirish kursi tinglovchilari uchun mo‘ljallangan «Qiyosiy pedagogika» (№220-005-2014) darsligi mazmunida o‘z ifodasini topgan. Mazkur neyropedagogik tadqiqot natijalari bo‘lajak o‘qituvchilarda ta’lim-tarbiya jarayonida individual yondashuvni amalga oshirishga doir faoliyat tajribasini tarkib toptirish hamda umumta’lim maktabi o‘qituvchilari tomonidan innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llash samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilgan.