Muslimov Orifjon Karimberdievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tishlarning ponasimon nuqsoni profilaktikasi va uni kompleks davolash samaradorligini oshirish», 14.00.21–Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tib498.
Ilmiy rahbar: Rizaev Jasur Alimdjanovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat stomatologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti, DSc.28.12.2017.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Saakyan Mixail Yur`evich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Dusmuxamedov Maxmudjon Zokirovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: I.Ya.Gorbachevskiy nomidagi Ternopol` milliy tibbiyot universiteti (Ukraina).
Dissertatsiya yo‘nalishi: ilmiy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tishlarning ponasimon nuqsonlarini profilaktikasi va kompleks davolashning samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor monoklinik guruhda o‘tkazilgan keng qamrovli klinik tekshiruvlar asosida tishlarning ponasimon nuqsonlari bo‘lgan bemorlarda stomatologik statusning xususiyatlari aniqlangan;
ponasimon nuqson mavjud bemorlarda gipotalamo–gipofizar–tireoid va gipotalamo–gipofizar–tuxumdon tizimlarining buzilishi, stress va ruhiy zo‘riqishlarning ortishi kasallikning xavf omillari ekanligi isbotlangan;
bemorlarda gormonal va metabolik jarayonlarning o‘zgarishi negizida tish qattiq to‘qimalarining ponasimon zararlanishlarining sezilarli darajada keng tarqalishi asoslangan;
ilk bora gipotalamo–gipofizar tizim disbalansida og‘iz suyuqligidagi metabolik ko‘rsatkichlarni – erkin testosteron miqdorining kamayishi negizida estradiol, al`dosteron miqdorining ortishi va bular asosida organizmning biologik suyuqliklarining yagona tizimida og‘iz suyuqligining biologik rolini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar majmui shakllantirilgan va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar asoslangan;
ilk bor o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida ponasimon tish nuqsonlarining profilaktik va terapevtik chora-tadbirlar natijalarini sezilarli darajada oshirishga imkon beruvchi davolash kompleksi, patogenetik davolash dasturlari ishlab chiqilgan va samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ponasimon nuqson mavjud bemorlarda kasallikning oldini olish va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Rol` gormonal`nogo statusa slyuni v razvitii klinovidnogo defekta zubov» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 14 maydagi 8n-r/187-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma ponasimon tish nuqsonlarini kelib chiqishida so‘lakdagi gormonlarning patogenetik ahamiyatini ochib berish imkonini bergan;
«Lechenie giperestizii u bol`nix s klinovidnim defektom zuba» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 14 maydagi 8n-r/186-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma umumiy davolash kursini qisqartirib, kasallik og‘irlashishining oldini olish va tish rezistentligini oshirish imkonini bergan;
Tishlarning ponasimon nuqsoni profilaktikasi va uni kompleks davolash samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Toshkent shahar 1-stomatologiya poliklinikasiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 19 iyundagi 8n-d/142-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi natijasida mahalliy immunologik ko‘rsatkichlar konsentratsiyasining sezilarli darajada oshishi, tish emali minerallashuvining me’yorlashishi imkonini bergan.