Azimov Saydullobek Xamidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Karbon kislotalarning monoetanolammoniyli tuzlari bilan modifikatsiya qilingan suyuq azotli o‘g‘it olish texnologiyasi», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T858.
Ilmiy rahbar: Zakirov Baxtiyor Sabirjanovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaniyozov Maqsud Jabbievich, texnika fanlari doktori, professor; Tog‘asharov Axat Salimovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxta tozalash zavodlari chiqindilarining (PTZCh) nitratkislotali ekstraktini monoetanolamin bilan neytrallab olingan karbon kislotalarning monoetanolammoniyli tuzlari bilan modifikatsiya qilingan suyuq azotli o‘g‘it olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
PTZChni nitrat kislotaning 5,0÷10,0 %li eritmalarini ekstraksiya qilish yo‘li bilan to‘rtta turdagi fiziologik faol moddalar olish mumkinligi va bunda PTZCh ekstraktlarida juda muhim bo‘lgan erkin aminokislotalar saqlanib qolishi isbotlangan;
karbamid, ammoniy nitrati, limonkislotali dimonoetanolammoniy, olmakislotali dimonoetanolammoniy va dimonoetanolammoniy treonini ishtirokidagi murakkab suvli sistemalarda geterogen fazali muvozanat asosida politermik eruvchanlik diagrammalari tuzilgan;
komponentlar nisbatiga bog‘liq ravishda fiziologik faol moddalar tutgan karbamid, ammoniy nitrati eritmalarining fizik-kimyoviy xossalari (kristallanish harorati, zichlik, qovushqoqlik, sindirish ko‘rsatkichi va rN muhiti) o‘zgarishi aniqlangan;
kompleks ta’sirga ega yangi suyuq o‘g‘itlar olish jarayonini olib borishning maqbul texnologik rejimi, tarkiblari va komponentlar nisbati aniqlangan;
KAS va PTZChning nitratkislotali ekstraktini monoetanolamin bilan neytrallab olingan fiziologik faol moddalar asosida kompleks ta’sirga ega yangi suyuq o‘g‘itlar olishning prinsipial texnologik tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Karbon kislotasi va aminokislotalarning monoetanolammoniyli birikmalari bilan modifisirlangan suyuq azotli o‘g‘itlar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fiziologik faollikka ega bo‘lgan yangi suyuq azotli o‘g‘itlar olish texnologiyasi «Fargʻonaazot» AJning «2020-2021 yillarda amaliyotga joriy qilish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2019 yil 8 oktyabrdagi 05-6239-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy xomashyo va paxta tozalash zavodi chiqindisini qo‘llash orqali suyuq azotli o‘g‘itlar assortimentini kengaytirish imkonini bergan;
yangi turdagi fiziologik faollikka ega bo‘lgan kompleks ta’sir etuvchi suyuq azotli o‘g‘itlarning agrokimyoviy sinov natijalaridan FA-A12-142 raqamli «Samarali stimulyator zararsiz o‘simliklarni himoya qilish vositalarini olishning resurs tejamkor texnologiyalarini ishlab chiqish va ularni sinash» hamda FA-A7-T133 raqamli «Bentonit bilan modifikatsiya qilingan azot va fosforli mineral o‘g‘itlarni qo‘llashning resurs-tejamkor texnologiyasini ishlab chiqish» loyihalar doirasida yangi preparatlarning paxtaning hosiliga ta’sir etish darajasini nisbiy taqqoslashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 12 noyabrdagi 4/1255-3007-son ma’lumotnomasi). Natijada jahon andozalariga mos keladigan tarkibida fiziologik faol moddalar saqlagan suyuq azotli o‘g‘it ishlab chiqarilgan va ushbu tur mahsulotlarning import o‘rnini bosish imkonini bergan.