Bazarov Otabek Xasanboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Talaba-yoshlar ma’naviy-axloqiy ongini shakllantirishning ijtimoiy-falsafiy asoslari», 09.00.04–Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fal37.
Ilmiy rahbar: Quronov Muhammad, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.G‘.01.05.
Rasmiy opponentlar: Ramatov Jumaniyoz Sultonovich, falsafa fanlari doktori, professor; Aliev Bekdavlat, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: talaba-yoshlar ma’naviy-axloqiy ongini shakllantirish jarayonini ijtimoiy-falsafiy va ilmiy-nazariy jihatdan asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy ongini shakllantirishda an’anaviylik va zamonaviylik dialektikasining ijtimoiy-falsafiy asoslari, umumtamaddun va milliy ma’naviy barqarorlikni ta’minlashdagi ob’ektiv va sub’ektiv qonuniyatlari ochib berilgan;
mualliflik yondashuvi asosida begona g‘oyalar, zararli illatlar va radikal qarashlar (oqimlar)ga qarshi kurashning zamonaviy mexanizmlari ishlab chiqilib, yoshlarda pragmatik tafakkurni qaror toptirish va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash vositalari yaratilgan;
yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishning ilmiy asoslangan mezonlari hamda kreativ tafakkur, nostandart qaror qabul qilish, mustahkam fuqarolik pozisiyasi fazilatlarini shakllantirish prinsiplari ishlab chiqilgan;
talabalarni yuksak ma’naviyatli shaxs sifatida shakllantirishning ichki va tashqi dinamikasi tamoyillari, milliy ma’naviy-axloqiy tarbiya paradigmasini yuksaltirish yo‘llari va usullari (tabaqalashtirish, psixologik tahlil qilish, ijtimoiy muhitga asoslanish, kognitiv yondashuv) asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Talaba-yoshlar ma’naviy-axloqiy ongini shakllantirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistonda talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy ongini shakllantirishda an’anaviylik va zamonaviylik dialektikasining ijtimoiy-falsafiy asoslari, umumtamaddun va milliy ma’naviy barqarorlikni ta’minlashdagi ob’ektiv va sub’ektiv qonuniyatlaridan 11 ta uslubiy tavsiyani ishlab chiqishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 30 apreldagi 89-03-1696-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalar talaba-yoshlarning mafkuraviy immunitetini va g‘oyaviy bardoshliligini mustahkamlash, ularning ongiga qaratilgan axborot xurujlarining oldini olish, ularda ma’lumotlar, internet va boshqa axborot resurslaridan o‘rinli foydalanish madaniyatini shakllantirish, talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkillashtirish, ularda milliy o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlar va an’analar hamda umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan chuqur ehtiromda bo‘lish tuyg‘ularini, shuningdek, kitobga bo‘lgan hurmat va muhabbat, mutolaa madaniyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda;
begona g‘oyalar, zararli illatlar va radikal qarashlar (oqimlar)ga qarshi kurashning zamonaviy mexanizmlari va yoshlarda pragmatik tafakkurni qaror toptirish va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash vositalaridan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi ish rejalari va uning faoliyatiga doir dasturlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 19 apreldagi 01/02-572-son ma’lumotnomasi). Reja va dasturlar mamlakatimiz yoshlarida pragmatik tafakkurni qaror toptirish va mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga xizmat qilgan;
yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishning ilmiy asoslangan mezonlari hamda kreativ tafakkur, nostandart qaror qabul qilish, mustahkam fuqarolik pozisiyasi fazilatlarini shakllantirish prinsiplaridan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Nizom va Dasturini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2019 yil 21 oktyabrdagi 02-06/241-son ma’lumotnomasi). Bu mamlakatimizda talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy ongini yuksaltirishdagi faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
talabalarni yuksak ma’naviyatli shaxs sifatida shakllantirishning ichki va tashqi dinamikasi tamoyillari, milliy ma’naviy-axloqiy tarbiya paradigmasini yuksaltirish yo‘llari va usullari to‘g‘risidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasi 5-7-xatboshilarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2019 yil 24 maydagi 05/01-10-230-son ma’lumotnomasi). Qonun yoshlar ma’naviy-axloqiy ongini shakllantirish va yuksaltirish bilan bog‘liq barcha ishlarni amalga oshirishga huquqiy va metodologik asos bo‘lib xizmat qilmoqda.