Xaydarov Asqarbekning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda fuqarolar davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish”, 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Iqt1504.
Ilmiy rahbar: Alimardonov Muxammadali Ibragimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Islomqulov Alimnazar Xudjamurotovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fuqarolar davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish bo‘yicha taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pensiya ta’minotida ijtimoiy adolat prinsiplarini kuchaytirish, rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy qilish, pensiya miqdori va xodimning mehnat hissasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni oshirishda pensiyalarni hisob-kitob qilish uchun olinadigan ish haqining maksimal miqdorini oshirish taklif etilgan;
aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoyasini hamda keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishda bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ijtimoiy nafaqa tayinlash uslubi takomillashtirilgan;
fuqarolar davlat pensiya ta’minoti tizimida yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal mehnat stajini oshirish, fuqarolarning mehnat staji davomiyligini va pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlash takomillashtirilgan;
mehnat daftarchalarini raqamlashtirish bilan birgalikda pensiya ajratmalari va bandlikni hisobga olish tizimlarini modernizatsiya qilish hamda pensiya tizimi barqarorligining o‘rta va uzoq muddatli prognozini ishlab chiqish mexanizmi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda fuqarolar davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun hisobga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdoriga qo‘yiladigan chegara (cheklov)ni amaldagi 8 barobaridan 10 barobariga oshirish, istiqbolda esa uni 12 barobarga etkazish haqidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi PF-5597-sonli “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2018 yil 21 noyabrdagi ShD/30-01-32-1297-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimidagi ishtirokiga, jumladan, ularning mehnat faoliyati davomiyligini ta’minlash va yuqoriroq miqdorda ish haqi oluvchilarni rag‘batlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan;
bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ular 55 yoshga etganlarida yoshga doir nafaqa tayinlash zarurligi bo‘yicha berilgan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-sonli “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2018 yil 21 noyabrdagi ShD/30-01-32-1297-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoyasini hamda keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga xizmat qilgan;
yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal mehnat stajini (hozirda 7 yil) 2020 yildan boshlab bosqichma-bosqich bir yildan oshirib, uni 10 yilga etkazish bo‘yicha berilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2018 yil 21 noyabrdagi ShD/30-01-32-1297-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif fuqarolarning mehnat staji davomiyligi va kelajakdagi pensiya miqdori o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlagan hamda Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi xarajatlarining bir yilda o‘rta hisobda 66,4 mlrd. so‘mga tejalishiga olib kelgan;
mehnat daftarchalarini raqamlashtirish bilan birgalikda pensiya ajratmalari va bandlikni hisobga olish tizimlarini modernizatsiya qilish, pensiya tizimi barqarorligining o‘rta va uzoq muddatli prognozini ishlab chiqishga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi PF-5614-sonli “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va iqtisodiy siyosat samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ilova qilingan 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining “Yo‘l xaritasi”da o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2018 yil 21 noyabrdagi ShD/30-01-32-1297-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif fuqarolarning pensiya ajratmalari va bandlikni hisobga olish tizimlarini modernizatsiya qilish hisobiga pensiya ta’minoti tizimining moliyaviy barqarorligini oshirish imkonini bergan.