Qo‘ldoshev Qamariddin Mansurovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda o‘zaro sug‘urtalashning metodologik asoslarini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Iqt179.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Haydarov Nizomiddin Hamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xamidulin Mixail Borisovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talabni zarur darajada ta’minlashda o‘zaro sug‘urtaning o‘rnini asoslash, ushbu faoliyatning afzalliklarini ko‘rsatish, o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlarini tashkil etish va amal qilishi metodologiyasini hamda huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zaro sug‘urta faoliyati ixtiyoriy badallar hisobidan tashkil etilishi va ulardan shakllantiriladigan investisiya mablag‘lari doimiy daromad olish imkonini berishi asoslangan;
tijorat sug‘urtasida ogohlantirish tadbirlarini yirik sug‘urta ob’ektlari bo‘yicha tizimli yo‘lga qo‘yish imkoniyati aniqlangan va ushbu tadbirlar sug‘urta hodisalarining kamayishiga olib kelishi asoslangan;
qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni o‘zaro sug‘urta orqali sug‘urtalashning manfaatlar umumiyligi, huquq va majburiyatlar tengligi va hududiy birlik prinsiplari ishlab chiqilgan va shu asosda sug‘urtani yo‘lga qo‘yish orqali qishloq xo‘jaligini arzon va ishonchli sug‘urta xizmatlari bilan ta’minlash taklif etilgan;
keptiv o‘zaro sug‘urta usullarini konsern, xolding, korporatsiyalar, kompaniyalar va birlashmalar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar o‘rtasida qo‘llash taklif etilgan;
vrachlar kasbiy javobgarligi sug‘urtasini o‘zaro sug‘urta jamiyatlari va tijorat sug‘urta tashkilotlariga joriy etishda ko‘tariluvchi va pasayuvchi koeffisientlarni qo‘llash mexanizmi ishlab chiqilgan;
o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlarini tashkil etish bosqichida birlamchi fondni shakllantirishning pay-badal hamda imtiyozli kredit usullari taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda o‘zaro sug‘urtalashning metodologik asoslarin takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zaro sug‘urta faoliyati ixtiyoriy badallar hisobidan tashkil etilishi va ulardan shakllantiriladigan investisiya mablag‘lari doimiy daromad olish imkonini berishi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi PF-5464-sonli “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi hamda 2019 yil 2 avgustdagi PQ-4412-sonli “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida o‘z aksini topgan (Moliya vazirligining 2019 yil 5 martdagi AK/16-37/674-son, Moliya vazirligi Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasining 2019 yil 5 martdagi SA/16-02-32-20/243-son, Moliya vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 05/02-16-01-37/2089-son ma’lumotnomalari). Natijada o‘zaro sug‘urta borasidagi yagona yondashuvning yaratilishiga erishilgan;
tijorat sug‘urta tashkilotlarida sug‘urtalangan yirik sug‘urta ob’ektlarida tizimli ravishda ogohlantirish tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklif “ALSKOM” sug‘urta kompaniyasi va “Gross insurance” sug‘urta kompaniyasi tomonidan amaliyotga tatbiq qilingan (“ALSKOM” sug‘urta kompaniyasining 2019 yil 22 maydagi 03-818-son hamda “Gross insurance” MChJ sug‘urta kompaniyasining 2019 yil 5 yanvardagi 01/16-son ma’lumotnomalari). Mazkur taklifning amaliyotda qo‘llanilishi natijasida “ALSKOM” sug‘urta kompaniyasida sug‘urta hodisalari soni 2018 yilda 2017 yilga nisbatan 6907 taga kamaygan, “Gross insurance” sug‘urta kompaniyasida 2018 yilning 11 oyi davomida o‘tgan yilga nisbatan 150 taga kamaygan va natijada sug‘urta qoplamalari uchun to‘langan pul mablag‘lari o‘rtacha 1 mlrd. 200 mln. so‘mni tashkil etgan;
qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni o‘zaro sug‘urta vositasida sug‘urtalash bo‘yicha ishlab chiqilgan iqtisodiy model` O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2019 yil 15 martdagi 01/03-709-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida fermer va dehqon xo‘jaliklarini arzon va ishonchli sug‘urta xizmatlari bilan ta’minlash imkoniyati yaratilgan;
keptiv o‘zaro sug‘urta usullarini konsern, xolding, korporatsiyalar, kompaniyalar va birlashmalar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar o‘rtasida qo‘llash bo‘yicha taklif O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari assotsiatsiyasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (Assotsiatsiyaning 2019 yil 2 maydagi 52-a-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif sug‘urta bozorida 2018 yilda sug‘urta mukofotlarining 2017 yilga nisbatan 176 foizga oshib, 1635,2 mlrd. so‘mga etishida o‘z hissasini qo‘shgan;
vrachlar kasbiy javobgarligi sug‘urtasini o‘zaro sug‘urta jamiyatlari va tijorat sug‘urta tashkilotlariga joriy etishda ko‘tariluvchi va pasayuvchi koeffisientlarni qo‘llash mexanizmi va o‘zaro sug‘urtalash jamiyatlarini tashkil etish bosqichida birlamchi fondni shakllantirishning pay-badal hamda imtiyozli kredit usullari “UZARO” ikki tomonlama sug‘urta qilish matlubot jamiyati hamda ALSKOM AJ sug‘urta kompaniyasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (“UZARO” matlubot sug‘urta jamiyatining 2019 yil 12 martdagi 1/05-son, “ALSKOM” AJ sug‘urta kompaniyasining 2019 yil 22 maydagi 03-818-son ma’lumotnomalari). Mazkur takliflarning amalga kiritilishi natijasida bugungi kunda tobora muammoga aylanib borayotgan vrachlar javobgarligi muammosini hal etish imkoniyati yaratilgan.