Mavrulova Nilufar Abduxalilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sug‘urta kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda qayta sug‘urtaning rolini oshirish”, 08.00.07¬¬¬–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt488.
Ilmiy rahbar: Nurullaev Abdulaziz Sirojiddinovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Umarov Sunatulla Abdullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mamlakatda qayta sug‘urta amaliyotidan foydalanish orqali sug‘urta kompaniyalari moliyaviy barqarorligini ta’minlash va faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘urta kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda mahalliy va xorijiy qayta sug‘urtalovchilar bilan obligatorli qayta sug‘urta bitimini tuzish taklif etilgan;
sug‘urta kompaniyalarida qayta sug‘urta mexanizmidan foydalanishni tashkil etish va samaradorligini aniqlashda jami va muddatli likvidlik koeffisienti, o‘z aylanma mablag‘lari bilan ta’minlanganlik va to‘lovga layoqatlilik koeffisientining nisbiy ko‘rsatkichlar tizimi ishlab chiqilgan;
qayta sug‘urta faoliyatini rivojlantirishda milliy sug‘urta kompaniyalarining xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etilishini ta’minlash taklif etilgan;
qayta sug‘urta sliplarini tuzishda qayta sug‘urtalovchining sof foydasidan qayta sug‘urtalanuvchiga tant`em to‘lovlari to‘lanishi tartibini joriy etish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Sug‘urta kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda qayta sug‘urtaning rolini oshirish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
sug‘urta kompaniyasining to‘lov qobiliyati va moliyaviy barqarorligini ta’minlashda mahalliy hamda xorijiy qayta sug‘urtalovchi kompaniyalar bilan obligatorli qayta sug‘urta bitimini tuzish bo‘yicha berilgan taklif “KAPITAL SUG’URTA” AJ sug‘urta kompaniyasi amaliyotida foydalanilgan (“KAPITAL SUG’URTA” AJ sug‘urta kompaniyasining 2019 yil 30 iyuldagi 01/0311-son ma’lumotnomasi). Natijada sug‘urta kompaniyasi  mahalliy kompaniyalar bilan obligator qayta sug‘urta shartnomasi tuzish hisobiga shartnoma doirasida ro‘y bergan sug‘urta hodisasi natijasida kompaniya 773,0 mln. so‘m sug‘urta qoplamasi to‘lashdan ozod etilgan;
sug‘urta kompaniyalarida qayta sug‘urta mexanizmidan foydalanishni tashkil etish va samaradorligini aniqlashning nisbiy ko‘rsatkichlar tizimi bo‘yicha berilgan taklif “KAPITAL SUG’URTA” AJ sug‘urta kompaniyasi tomonidan majburiyatlarni qisman qayta sug‘urtaga o‘tkazishda qo‘llanilgan (“KAPITAL SUG’URTA” AJ sug‘urta kompaniyasining 2019 yil 30 iyuldagi 01/0311-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifdan foydalanish natijasida kompaniyada qayta sug‘urtadan foydalanish hajmi 2019 yil yarim yilligi bo‘yicha o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga ortgan va 839,0 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar tejalishiga erishilgan;
qayta sug‘urta faoliyatini rivojlantirishda sug‘urta kompaniyalarining xalqaro reyting natijalarini qo‘lga kiritishi bo‘yicha berilgan taklif “KAFOLAT sug’urta kompaniyasi” tomonidan amaliyotda foydalanilgan (“KAFOLAT sug’urta kompaniyasi” AJning 2019 yil 22 iyuldagi 01-01/2571-son ma’lumotnomasi). Natijada kiruvchi qayta sug‘urta bo‘yicha 1432 ta shartnoma tuzilib, ular bo‘yicha 17,2 mlrd. so‘m miqdorida sug‘urta mukofoti kelib tushgan. Shundan 50 foizi xorijiy mamlakatlardan kiruvchi qayta sug‘urta mukofotlariga to‘g‘ri kelgan;
qayta sug‘urta sliplarini tuzishda qayta sug‘urtalovchining sof foydasidan qayta sug‘urtalanuvchiga tant`em to‘lovlari to‘lanishi tartibini kiritish bo‘yicha berilgan taklif “KAPITAL SUG’URTA” AJ sug‘urta kompaniyasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (“KAPITAL SUG’URTA” sug‘urta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatining 2019 yil 30 iyuldagi 01/0311-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni joriy etilishi sug‘urta hodisasi ro‘y bermagan shartnomalarda qayta sug‘urta mukofotining ma’lum qismi (foizda) qayta sug‘urtalanuvchi kompaniyaga qaytarib berish va uning moliyaviy barqarorligi ta’minlash imkoniyati yaratilgan.  

Yangiliklarga obuna bo‘lish