Rashidov Maksudxon Mansurxanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Pastki siydik yo‘llari jarohatlarining diagnostikasi va xirurgik davo taktikasini takomillashtirish», 14.00.40–Shoshilinch tibbiyot (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib.129
Ilmiy rahbar: Xadjibaev Abduxakim Muminovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, DSc.28.02.2018.Tib.63.01.
Rasmiy opponentlar: Gaybullaev Asilbek Asadovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Tilyakov Akbar Burievich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: S.D.Asfandiyorov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: diagnostikani optimallashtirish va yangi davolash-diagnostika mezonini ishlab chiqish yo‘li bilan pastki siydik yo‘llarining yakka va qo‘shma travmatik jarohatlarini davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pastki siydik yo‘llarining travmatik jarohatlarida diagnostikaning kaminvaziv tekshiruv usullari, MSKT-sistografiya, diagnostik sistoskopiya va endovizual usullarni qo‘llash orqali davolash natijalari takomillashtirilgan va samaradorligi aniqlangan;
ilk bor siydik qovug‘i yorilishini laparoskopik usul bilan tikish ishlab chiqilgan;
uretra jarohatlanganda siydik qovug‘ini naychalamasdan tashqi metall karkas qo‘llash bilan anastomoz shakllantirish uchun urologik amaliyotda ilk bor rekonstruktiv uretroplastikaning yangi usuli ishlab chiqilgan;
pastki siydik yo‘llarining travmatik jarohatlarida zamonaviy davolash-diagnostika mezonini ishlab chiqish yo‘li bilan jarrohlik taktikasi takomillashtirilgan va uning samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Siydik qovug‘i va uretra jarohatlari bilan kasallangan bemorlar diagnostikasi va ularni davolash natijalarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Siydik yo‘llari anastomozini shakllantirish usuli» bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 05243 15.07.2016 y.). Taklif etilgan usulni uretraning travmatik jarohatlari bilan kasallangan bemorlarda qo‘llash davolash natijalarini yaxshilash, operatsiyadan keyingi asoratlar sonini kamaytirish imkonini bergan;
«Siydik qovug‘i jarohatlari diagnostikasi va davolash taktikasini tanlashga zamonaviy qarashlar» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2012 yil 28 dekabrdagii 8n-r/297-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma siydik qovug‘i jarohatlarini tashxislash va samarali davolash taktikasini tanlash imkonini bergan;
siydik qovug‘i va uretraning travmatik jarohatlari bilan kasallangan bemorlar diagnostikasi va davolash sifatini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlashning amaliy faoliyatiga, xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markazining jarrohlik va qabul-diagnostika bo‘limlari va uning Namangan, Jizzax filiallarida joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 22 iyuldagi 8n-d/183-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalari siydik qovug‘i va uretraning travmatik jarohatlari diagnostikasi va uni davolash natijalarini yaxshilash, operatsiyadan keyingi asoratlar sonini va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish imkonini bergan.