Umarov Zafar Abdishukurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Intensiv olma bog‘larida zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklar va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx309.
Ilmiy rahbar: Boyjigitov Fozil Muxammadievich, qishloq xo‘jaligi nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Amanov Shuhrat Baxtiyorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ibodov Komil, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘rmon xo‘jalik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: intensiv olma bog‘larida kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning tur tarkibi, rivojlanishi va bioekologik xususiyatlari asosida ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor intensiv olma bog‘larida kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi Fusicladium dendriticum va Monilia fructigena zamburug‘lari laboratoriya sharoitida toza muhitga ajratib olinib, ularning tur tarkibi, ayrim bioekologik xususiyatlari va rivojlanishi aniqlangan;
kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi F. dendriticum (16 - 24°S) va M. fructigena (18 - 22°S) zamburug‘lari sporalarining o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay haroratlar aniqlangan;
olma daraxtining kasallangan a’zolari 35 smtuproq ostida 100 kun muddatgacha saqlanganda, kalmaraz va monilioz kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larning rivojlanmasdan nobud bo‘lishi isbotlangan;
laboratoriya sharoitida kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘larga qarshi Panch 40% em.k. (0,005-0,0075% li suspenziya), Topsin-M 70% n.kuk. (0,07-0,1% li), Difen super 55% n.kuk.(0,015-0,025% li), Krezoksin 50% s.d.g. (0,01-0,02% li), Ampakt 250 em.k. (0,007-0,01% li), Fal`kon 46% em.k. (0,03-0,05% li) va Kurzat R n.kuk. (0,25-0,3% li) fungisidlarining ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Intensiv olma bog‘larida zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarni tarqalishi, rivojlanishi va zararini aniqlash, rayonlashtirilgan olma navlarini kasalliklarga chidamliligi hamda kasalliklarga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanish natijalari asosida:
intensiv olma bog‘larida uchraydigan kalmaraz, un shudring va monilioz kasalliklariga qarshi Panch 40% em.k. (0,0075% li suspenziya), Topsin-M 70% n.kuk. (0,1% li), Difen super 55% n.kuk. (0,025% li), Krezoksin 50% s.d.g. (0,02% li), Ampakt 250 em.k. (0,01% li), Fal`kon 46% em.k. (0,05% li) va Skor 25% em.k. (0,02% li) preparatlari Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz va Kitob tumanlarida jami 48 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 noyabrdagi 02/029-298-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘llanilgan kimyoviy preparatlarning biologik samaradorligi 73,3-94,6 foizni tashkil etgan;
2015–2017 yillarda Qashqadaryo viloyatida intensiv olma bog‘larda uchraydigan kalmaraz, un shudring va monilioz kasalliklariga qarshi Art 25% em.k. (0,01% li suspenziya), Medeya, m.e. 80 g/l (0,12% li), Signun 38% s.d.g. (0,07% li), Kantor k.e.k. (0,15% li) va Pirus 40% sus.k. (0,14% li) preparatlarini ishlatish sarf me’yorlari ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan («O‘zagrokimyohimoya» AJning 2018 yil 26 dekabrdagi 03-13/1969-son ma’lumotnomasi). Natijada fungisidlar 1000 l/ga ishchi eritma hisobida qo‘llanilganda 85,7 foizdan 93,1 foizgacha biologik samaradorlikka erishilgan;
2016–2017 yillarda olma bog‘larida zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarga qarshi 20 dan ortiq turdagi kimyoviy guruhlarga mansub fungisidlar sinovdan o‘tkazilib, olma kasalliklariga qarshi qo‘llashning maqbul muddat va me’yorlari ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan («O‘zagrokimyohimoya» AJning 2018 yil 26 dekabrdagi 03-13/1969-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu fungisidlarni ilk marotaba respublikaning intensiv olma bog‘larida uchraydigan kalmaraz, un shudring va monilioz kasalliklariga qarshi qo‘llash asosida ularni ishlatish reglamentlari belgilab berilgan.