Dadaev G‘ani Toshxodjaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Parhezbop oziq-ovqat o‘tlarni quritish uchun energiya tejamkor gelio quritish qurilmasini takomillashtirish», 02.00.16–Kimyo texnologiyasi va oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonlari va apparatlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/T502.
Ilmiy rahbarlar: Safarov Jasur Esirgapovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi DSc.27.06.2017.T.03.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxiddinov Djalaliddin Nasirovich, texnika fanlari doktori, professor; Choriev Abdusattor Jo‘raevich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: parhezbop oziq-ovqat o‘tlarni quritish uchun energiya tejamkor gelio quritish qurilmasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quritilgan oziqaviy «motor» (Allium motor) o‘tning sifat ko‘rsatkichlari, shifobaxsh xususiyatlari, tayyor mahsulotning kimyoviy tarkibi aniqlangan;
parhezbop oziqaviy xomashyoni quritish qurilmalarida qo‘llaniladigan akkumulyasiyalash materialining maqbul tarkibi aniqlangan va akkumulyasiyalangan energiya hisobiga materialning quritishini 2–3% gacha tezlashtirishi asoslangan;
o‘tlarni quritish jarayonining maqbul parametrlarini tanlashda iqlim sharoitlarini hisobga oluvchi matematik modeli yaratilgan;
quritish tezligi konstantasi va tashqi muhitning asosiy omillarini o‘zaro aloqasining korrelyasiya koeffisientlari matrisasining hisobi aniqlangan;
quritish tezligi konstantasining nochiziq tavsifli harorat bilan bog‘liqligining matematik ifodasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Parhezbop oziqaviy o‘tlarni gelio quritish qurilmasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
parhezbop oziqaviy o‘tlarni quritish texnologiyasi va qurilmasi «GOLD DRIED FRUITS EXPORT» MChJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekoziqovqatxolding» AJning 2019 yil 1 maydagi AK/05-2-633-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori samarali energiya tejamkor gelio akkumulyasiyalovchi quritish qurilmasini qo‘llash orqali parhezbop oziqaviy o‘tlarni ishlab chiqarishni 1,3 martaga oshirish hamda parhezbop oziqaviy o‘tlarning yo‘qotilishini 11% pasaytirish imkonini bergan;
parhezbop oziqaviy o‘tlarni sifatli quritishga mo‘ljallangan qurilmani yaratish va ishlab chiqish bo‘yicha IX Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida «Usmanov Jaxongir Saydalievich» DX bilan xo‘jalik shartnomasi tuzilgan (2016 yil 13 mayda 15/16-raqam bilan ro‘yxatga olingan). Natijada parhezbop oziqaviy o‘tlar tarkibidagi shifobaxsh xususiyatlari 90–95% saqlangan mahsulot olish imkonini bergan.