Mavlonova Klaraxon Maxmutovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ona tili fanini adabiyot fani bilan badiiy matn orqali integratsiyalab o‘qitish metodikasini takomillashtirish”, 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek tili) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Ped119.
Ilmiy rahbar: Niyozmetova Roza Xasanovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat pedagogika universiteti, DSc.27.06.2017.Ped.26.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, pedagogika fanlari doktori, professor; Yusupova Shoxidaxon Jaloliddinovna, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ona tili fanini adabiyot fani bilan badiiy matn orqali integratsiyalab o‘qitish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ona tili va adabiyot fanlari ta’limi mazmuni lingvistik tushunchalar bilan badiiy tasvir vositalari va she’riy san’at turlariga oid adabiy tushunchalarni ikki tomonlama (o‘zaro ta’sir) hamda tashqi (ona tili ta’limi mazmunini adabiy tushunchalar bilan boyitish) integratsiyalash orqali takomillashtirilgan;
ona tili va adabiyot fanlarini integratsiyalab o‘rganish tartibi kommunikativ, nutqiy kompetensiyani shakllantirishga yo‘nalganlik, kashfiyotchilik, ongli va farqli yondashuvlar, uzviylik va uzluksizlik tamoyillari asosida aniqlangan;
ona tili darslarida ifodali o‘qishga o‘rgatish metodikasi o‘quvchilarning badiiy matnni o‘qish va uni badiiy idrok etishda figura va fonga diqqat qaratish, estetik ta’sir, ijodiy tafakkur ustuvorligi asosida takomillashtirilgan;
ona tili darslarida badiiy tasvir vositalari va she’riy san’at turlarini matndan aniqlash, atash, izohlash, tahlil qilish, badiiy uslubda matn yaratishni o‘rgatish metodikasi Blum taksonomiyasi darajalari (bilish, tushunish, qo‘llash, tahlil, umumlashtirish) asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ona tili fanini adabiyot fani bilan badiiy matn orqali integratsiyalab o‘qitish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ona tili va adabiyot darslarida badiiy matn ustida ishlash bosqichlari mazmuni, o‘quvchilarning nutqiy layoqatini shakllantirish metodlari, ona tili va adabiyot darslarini badiiy tasvir vositalari asosida integratsiyalash metodikasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya ishlari jarayoniga tatbiq etilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2017 yil 14 noyabrdagi 01-476-son ma’lumotnomasi). Natijada ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining dars o‘tish jarayoni samaradorligi hamda o‘quvchilarning badiiy matn bilan ishlash malakalari oshishiga xizmat qilgan;
integrativ xarakterdagi tadqiqot natijalari oliy ta’lim tizimida 5111200 – O‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi uchun mutaxassislik: O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi, Yozma ishlarni tashkil etish metodikasi va Til va adabiyot ta’limida integratsiya fanlarini o‘qitish mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 yanvardagi 89-03-459-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot ishi natijalari ona tili va adabiyot fanlari mazmunini takomillashtirish va o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan;
ona tili darslarida badiiy matn bilan ishlash tartibiga oid metodik tavsiyalardan Toshkent davlat pedagogika universitetining A-1-61 raqamli “Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 maydagi 89-03-1985-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari ona tili darslarida ko‘rish imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish, badiiy matndan badiiylikni ta’minlovchi vositalarni aniqlash, atash, izohlash, tahlil qilish hamda badiiy uslubda matn yaratish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilgan.