Sharipov Jahongir Qahramon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Arrali jin ishchi kamerasining yangi konstruksiyasini ilmiy-texnik echimlari” 05.02.03–Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari ixtisosligi bo‘yicha (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5673
Ilmiy rahbar: Mirzaumidov Asilbek Shuhratjonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.T.15.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Azizov Shuhrat Mamatovich, texnika fanlari doktori, professor, Yusupov Ziyodulla Erkinovich, texnika fanlari falsafa doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat texnika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: arrali jin mashinasining ishchi kamerasining ichki yuzalariga issiqlik berish orqali jinlash samaradorligini oshirish va energiya sarfini kamaytirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
optimal harorat-namlik rejimida ishchi yuzalar haroratini barqaror ushlab turuvchi hamda tola sifatini saqlagan holda motor yuklamasi va energiya sarfini kamaytiruvchi takomillashtirilgan ishchi kamera konstruksiyasi ishlab chiqilgan.
ishqalanish koeffitsientining paxta namligi, solishtirma bosim va nisbiy tezlikka darajali bog‘liqligini ifodalovchi hamda old fartuk va peshtoq brus zonalarida ishqalanishni alohida hisoblash imkonini beruvchi zonaviy termo-tribologik model ishlab chiqilgan;
issiqlik maydonini raqamli modellashtirish asosida kamera yuzasida haroratning bir tekis taqsimlanishini hamda old fartuk va peshtoq brus haroratini mustaqil boshqarishni ta’minlovchi issiqlik berish tizimi va uning joylashtirish sxemasi ishlab chiqilgan;
issiqlik ta’sirida kontakt zonasidagi namlik kamayishini birinchi tartibli kinetik jarayon sifatida ifodalovchi hamda isitiladigan yuzalar ulushi orqali kameraning umumiy ishqalanishini baholovchi issiqlik-namlik-ishqalanish modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Arrali jin mashinasining ishchi kamerasi devorlariga issiqlik berish orqali ishqalanishni kamaytirish va tola ajratish jarayonining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida: issiqlik beruvchi yangi ishchi kamera konstruksiyasi “Namangan To‘qimachi cluster” MChJ tizimidagi “To‘raqo‘rg‘on paxta tozalash” korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasining 2025-yil 7-maydagi 03/25-982 son ma’lumotnomasi asosida). Natijada elektr dvigatelga tushayotgan yuklama 8,03% ga, talab koeffitsientini 0,7 dan 0,64 ga kamayishiga, soatlik energiya iste’moli o‘rtacha 55,6 kVt·soatdan 51,7 kVt·soatgacha pasayib, 3,9 kVt·soat sof energiya iste’molini tejalishiga, ish unumi 73 kg/mash-soatga oshib, toladagi nuqson va iflos aralashmalar massaviy ulushi 3,7% dan 3,64 % ga ya’ni umumiy 0,06 % ga qisqarishiga erishilgan.