Sayfullaev Muzafar Alisherovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston ijtimoiy-ma’naviy barqarorligini ta’minlashda madaniyat muassalarining o‘rni (Musiqa-qo‘shiqchilik san’ati misolida)”, 17.00.07 – Madaniyat nazariyasi va tarixi. Madaniyatshunoslik (san’atshunoslik fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/San427.
Ilmiy rahbar: Mavrulov Abduxalil Abdulxaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, PhD.11/2025.27.12.San.02.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: falsafa fanlari doktori, professor Suvonov Ilhom Abduhalilovich; tarix fanlari nomzodi, dotsent Nishonboeva Qunduz Vahobovna.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Madaniyatshunoslik nuqtayi nazaridan zamonaviy sharoitda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan madaniyat muassasalarining musiqiy-qo‘shiqchilik faoliyati misolida jamiyat ijtimoiy-ma’naviy barqarorligini ta’minlashdagi o‘ziga xos madaniy xususiyatlarini ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy jihatdan tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
jamiyat ijtimoiy-ma’naviy barqarorligining shaxs darajasidagi madaniy-psixologik namoyon bo‘lishi “ko‘ngil barqarorligi” fenomeni orqali ochib berilib, uning tarixiy-madaniy merosga tayanish, mavjud ijtimoiy sharoitdan qoniqish hamda shaxsiy hayotiy intilishlarni jamiyat taraqqiyoti maqsadlari bilan uyg‘unlashtirishga asoslangan madaniyatshunoslik mazmuni aniqlashtirilgan;
Yangi O‘zbekiston sharoitida madaniyat muassasalarining an’anaviy madaniy-tadbiriy faoliyatdan milliy-madaniy vorisiylikni ta’minlash, fuqarolarning madaniy ishtirokini faollashtirish va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan ko‘pfunksiyali ijtimoiy-madaniy institut sifatida transformatsiyalanish xususiyatlari muassasalararo ijodiy hamkorlik, milliy qadriyatlarga asoslangan repertuar siyosati va mutaxassislarning ilmiy-metodik salohiyati o‘zaro bog‘liqligida asoslangan;
ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikni ta’minlashda “musiqiy muhit” fenomenining madaniyatshunoslik mazmuni shaxsning musiqiy-madaniy ehtiyojlari, hududiy ijrochilik an’analari, badiiy-estetik did, madaniyat muassasalarining institutsional qo‘llab-quvvatlashi hamda ijtimoiy-madaniy kommunikatsiya omillarining o‘zaro ta’siri orqali aniqlashtirilib, mazkur muhitning milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy birdamlikni rivojlantirishdagi integrativ funksiyalari aniqlangan;
musiqa-qo‘shiqchilik san’atining ijtimoiy samaradorligi uning ommalashuvi va tijoriy natijalaridan tashqari shaxsning estetik didi, milliy-madaniy merosga daxldorligi, ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarga nisbatan tanqidiy munosabati, qadriyaviy tanlovi va ijtimoiy faolligini shakllantirish imkoniyatlari bilan bog‘liqligi aniqlanib, ushbu xususiyatlarni birlashtiruvchi “zamonaviy madaniyatli inson” modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbekiston ijtimoiy-ma’naviy barqarorligini ta’minlashda madaniyat muassasalarining o‘rni (musiqa-qo‘shiqchilik san’ati misolida)” mavzusida olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
jamiyat ijtimoiy-ma’naviy barqarorligining shaxs darajasidagi madaniy-psixologik namoyon bo‘lishini “ko‘ngil barqarorligi” fenomeni orqali izohlash, uning tarixiy-madaniy merosga tayanish, ijtimoiy sharoitdan qoniqish hamda shaxsiy hayotiy intilishlarning jamiyat taraqqiyoti maqsadlari bilan uyg‘unligiga asoslangan madaniyatshunoslik mazmunini aniqlashtirishga doir nazariy-metodologik xulosa va takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy-tadqiqot, ilmiy-uslubiy hamda ma’naviy-ma’rifiy faoliyatida ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikning zamonaviy ilmiy talqinlarini rivojlantirish va uning nazariy-metodologik asoslarini takomillashtirish jarayonlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2026-yil 6-avgustdagi 04-12-12-5333-son ma’lumotnomasi). Natijada madaniyatshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarning nazariy-metodologik asoslarini boyitish, ilmiy-uslubiy materiallar mazmunini takomillashtirish hamda tadqiqot natijalarini ilmiy-amaliy faoliyat va ta’lim tizimiga tatbiq etish imkoniyatlari kengaytirilgan;
Yangi O‘zbekiston sharoitida madaniyat muassasalarining milliy-madaniy vorisiylikni ta’minlash, fuqarolarning madaniy ishtirokini faollashtirish va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan ko‘pfunksiyali ijtimoiy-madaniy institut sifatidagi transformatsion xususiyatlarini muassasalararo ijodiy hamkorlik, milliy qadriyatlarga asoslangan repertuar siyosati hamda mutaxassislarning ilmiy-metodik salohiyati bilan bog‘liqlikda asoslashga doir ilmiy xulosa va amaliy tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasining milliy madaniy markazlar, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida amalga oshiriladigan madaniy-ma’rifiy loyihalarni rejalashtirish, turli millat va elatlarning musiqiy merosini aks ettiruvchi qo‘shiq va konsert dasturlarini targ‘ib etish hamda millatlararo muloqot va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan madaniy-gumanitar faoliyatida foydalanish nazarda tutilgan (O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasining 2026-yil 5-avgustdagi 37-02-14/1549-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalar madaniyat muassasalari va hamkor tashkilotlarning o‘zaro faoliyatini muvofiqlashtirish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda jamiyatda bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan madaniy-ma’rifiy loyihalarni tashkil etish uchun ilmiy-uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi;
ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikni ta’minlashda “musiqiy muhit” fenomenining shaxs musiqiy-madaniy ehtiyojlari, hududiy ijrochilik an’analari, badiiy-estetik did, madaniyat muassasalarining institutsional qo‘llab-quvvatlashi hamda ijtimoiy-madaniy kommunikatsiya omillari o‘zaro ta’siriga asoslangan madaniyatshunoslik mazmuni va uning milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash hamda ijtimoiy birdamlikni rivojlantirishdagi integrativ funksiyalariga doir ilmiy xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutining professional qo‘shiqchilik san’ati, badiiy havaskorlik madaniyati va madaniyat muassasalarining jamiyat ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-uslubiy faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2026-yil 6-avgustdagi 04-12-12-5333-son ma’lumotnomasi). Natijada musiqiy-qo‘shiqchilik san’atining ijtimoiy-madaniy funksiyalariga oid ilmiy-uslubiy materiallar va o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish, milliy musiqiy merosning ma’naviy-tarbiyaviy imkoniyatlarini yoritish hamda madaniyat muassasalari faoliyatining ilmiy-metodik ta’minotini kuchaytirishga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy ishlar samaradorligi oshirilgan;
musiqa-qo‘shiqchilik san’atining ijtimoiy samaradorligini shaxsning badiiy-estetik didi, milliy-madaniy merosga daxldorligi, ma’naviy-mafkuraviy tahdidlarga nisbatan tanqidiy munosabati, qadriyaviy tanlovi va ijtimoiy faolligini shakllantirish imkoniyatlari bilan bog‘liq holda asoslash hamda “zamonaviy madaniyatli inson” modelining tarkibiy jihatlarini tizimlashtirishga doir ilmiy xulosa va amaliy tavsiyalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini tashkil etish va uslubiy ta’minlash, aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini rivojlantirish, milliy musiqa va an’anaviy san’at namunalari orqali madaniy immunitetni shakllantirishga qaratilgan faoliyatida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2026-yil 5-avgustdagi 02-1423-son ma’lumotnomasi). Natijada madaniy-ma’rifiy tadbirlarning mazmunini takomillashtirish, yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, tarixiy-madaniy merosga hurmat, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga sodiqlik hamda ijtimoiy daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan tarbiyaviy-uslubiy ishlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.