Sultonov Mansurbek Farxod o‘g‘lining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmoq nomi): «Xorazm sharoitida yumshoq bug‘doy kolleksiya namunalarining fiziologik va miqdoriy belgilariga genotip va muhitning ta’siri», 03.00.07 - O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/B1721.
Ilmiy rahbar: Alloberganova Zebo Bekmamatovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, ilmiy kengash raqami: Xorazm Ma’mun akademiyasi, PhD.05/2025.27.12.B.25.01.
Rasmiy opponentlar: Xamraev Nurbek Ulug‘bekovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent; Qulmamatova Dilafruz Erkinovna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi: Yumshoq bug‘doy kolleksiya namunalarining fiziologik, morfologik, sifat va hosildorlik belgilari shakllanishida genotip, muhit hamda ularning o‘zaro ta’sirini kompleks aniqlash, shu asosda yuqori hosildor, barqaror va mahalliy sharoitlarga moslashgan navlarni tanlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Xorazm viloyatining o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoitida keng genetik xilma-xillikka ega yumshoq bug‘doy (Triticum aestivum L.) nav namunalarining fiziologik va miqdoriy belgilariga genotip, muhit va ularning o‘zaro ta’siri (GMO‘T) ning kompleks va tizimli ta’siri aniqlangan;
bug‘doy namunalarining suv tanqisligi va yuqori harorat kabi stress sharoitlariga moslashuvchanligi o‘simlikdagi fiziologik jarayonlar (xlorofill miqdori, suv ushlash qobiliyati, bargning umumiy suv miqdori, fotosintez va transpiratsiya jadalligi) bo‘yicha taqqoslama ravishda tahlil qilinib, mahalliy sharoitda stressga chidamlilikni belgilovchi asosiy fiziologik markerlar aniqlangan va ilmiy jihatdan asoslangan;
genotip, muhit va ularning o‘zaro ta’siri bug‘doyning don sifat ko‘rsatkichlariga (oqsil miqdori, aminokislota tarkibi) ta’sirini tahlil qilish asosida mahalliy sharoitga mos, ham hosildorlik, ham sifat bo‘yicha yuqori potensialga ega navlarni yaratish uchun genetik manbalar tanlangan;
Xorazm viloyatining o‘ziga xos bo‘lgan tuproq-iqlim sharoitida yumshoq bug‘doy genotiplarining agronomik belgilari barqarorligi miqdoriy baholangan, hosildorlikni belgilovchi asosiy korrelyasion komponent (1 m2 maydondagi don soni) aniqlangan, hamda mintaqa uchun samarali barqaror (Sila, Nikifor/Kroshka) va ekologik plastik (Kamol, Vostorg) nav namunalari ajratib olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xorazm viloyati sharoitida yumshoq bug‘doy kolleksiya namunalarining fiziologik va miqdoriy belgilariga genotip va muhitning ta’siri bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
Xorazm viloyatining tuproq-iqlim sharoitida Markaziy Osiyo va Qirg‘iziston yumshoq bug‘doy germplazmasiga mansub 10 ta nav namunasi ekib o‘rganilgan hamda ular orasidan yuqori harorat va suv tanqisligi stress omillariga chidamli Sila va Nikifor/Kroshka nav namunalarini moslashuvchanligi bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etish uchun ma’qullangan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2025-yil 26-dekabrdagi 02/18-4686-son ma’lumotnomasi). Natijada, Xorazm viloyati sharoitida etishtirilgan bug‘doy nav namunalarining abiotik stresslarga moslashuvchanligini xlorofill va karotinoid miqdori, suv ushlash qobiliyati, bargning umumiy suv miqdori, fotosintez va transpiratsiya jadalligi kabi fiziologik ko‘rsatkichlar asosida baholash, shuningdek, don tarkibidagi oqsil miqdori va aminokislotalar tarkibini tahlil qilish orqali mahalliy sharoitga mos, yuqori hosildor va stressga chidamli genetik donorlarni tanlash imkoniyati yaratilgan;
yumshoq bug‘doy kolleksiya namunalarini etishtirish va yuqori hosil olish agrotexnikasi bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2026-yil 28-yanvardagi 05/05-04-73-son ma’lumotnomasi). Natijada, Xorazm viloyatining o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoitida yumshoq bug‘doy kolleksiya namunalarini etishtirish, ularning suv tanqisligi va yuqori harorat kabi noqulay tashqi muhit omillariga moslashuvchanligini baholash, fiziologik va miqdoriy belgilarining shakllanishida genotip, muhit va ularning o‘zaro ta’sirini (G×M) qiyosiy tahlil qilish hamda yuqori hosildor va barqaror nav namunalarini tanlash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish