Qodirova Dilfuza G‘opirjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri va ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i: “O‘zbek tilidagi grammatik o‘zlashmalarning lisoniy xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Fil4945.
Ilmiy rahbar: Qo‘ziev Umidjon Yandashalievich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa va ilmiy kengash raqami: Namangan davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.22.03 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Odilov Yorqinjon Rahmonalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Hasanov Akbarjon Abdurashidovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidagi grammatik o‘zlashmalarning lisoniy tabiatini, struktur xususiyatlarini hamda o‘zbek tili grammatik tizimida voqelanish va moslashuv xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
grammatik o‘zlashmalarning lisoniy tabiati, leksik o‘zlashmalardan farqli jihatlari, morfologik va sintaktik sathlarda namoyon bo‘lish xususiyatlari hamda o‘zbek tili grammatik tizimidagi o‘rni o‘zlashma grammatik birlik va qoliplarning til tizimiga moslashuvi, faollashuvi va me’yorlashuvi asosida tavsiflangan;
forsiy va arabiy izofalarning o‘zbek tilidagi struktur transformatsiyasi aniqlanib, ularning aniqlovchi-aniqlanmish hamda qaratqich-egalik munosabatlari asosida qayta shakllanishi, o‘zbek tilining grammatik qurilishiga moslashuvi hamda zamonaviy o‘zbek tilidagi funksional-uslubiy xususiyatlari ochib berilgan;
rus tili ta’sirida o‘zbek tilida faollashgan grammatik konstruksiyalarning struktur muvofiqligi va grammatik moslashuv darajasi asosida transfer hamda interferensiya holatlari farqlanib, ularning o‘zbek tili vositalari bilan qayta voqelanishi va me’yorlashuv xususiyatlari yoritilgan;
ingliz tili ta’sirida faollashayotgan grammatik qoliplarning o‘zbek tili tizimida morfologik va sintaktik jihatdan voqelanishi, xususan, o‘zlashma derivatsion elementlarning o‘zbekcha asoslar bilan birikishi, atributiv modellarning o‘zbekcha birikmalar tarkibida qo‘llanishi hamda inglizcha modellar asosida yangi grammatik qurilmalarning shakllanish xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi grammatik o‘zlashmalarning lisoniy xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
grammatik o‘zlashmalarning leksik o‘zlashmalardan farqli, alohida tizimli hodisa ekanligi, ularning lisoniy va ijtimoiy omillar ta’sirida shakllanishi hamda faollashuviga ta’sir etuvchi ijtimoiy-kommunikativ omillarga doir tahlil va xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021–2023-yillarda amalga oshirilgan PZ-2020042022 – “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada zamonaviy grammatik jarayonlar va o‘zlashma birliklarning nutqiy qo‘llanilishiga oid ilmiy-amaliy ma’lumotlarni shakllantirishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2026-yil 6-yanvardagi 04/1-47-son ma’lumotnomasi). Natijada lingvodidaktik elektron platforma zamonaviy grammatik jarayonlar va o‘zlashma birliklarning nutqiy qo‘llanilishiga oid ilmiy-amaliy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilida arab, fors-tojik, rus va ingliz tillaridan o‘zlashgan grammatik birliklarning lisoniy moslashuvi va me’yorlashuv jarayonlari, Evropa tillari ta’sirida yuzaga kelgan atributiv va terminologik grammatik modellarning grammatik moslashuv mexanizmlari hamda grammatik o‘zlashmalarning fiksatsiya, kodifikatsiya va standartizatsiyasiga doir tahlil va xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022–2024-yillarga mo‘ljallangan IL-402104209 – “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” nomli innovatsion loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2026-yil 6-yanvardagi 04/1-48-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha grammatik o‘zlashmalarning lisoniy moslashuvi, grammatik modellarning voqelanishi va ularning me’yorlashuv jarayonlariga oid zaruriy ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilidagi grammatik o‘zlashmalarning lisoniy xususiyatlari, xorijiy tillar ta’sirida yuzaga kelgan grammatik konstruksiyalar, qolipli birikmalar va affiksal modellarning voqelanishiga doir ilmiy tahlil va xulosalardan O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan 2024–2025-yillarda efirga uzatilgan “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2026-yil 7-yanvardagi 26-36-06-son ma’lumotnomasi). Natijada, eshittirishlar mazmuni o‘zbek tilidagi grammatik o‘zlashmalar, ularning voqelanish xususiyatlari va zamonaviy grammatik jarayonlarga doir ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilgan.