Kavilova Laura-Aquilina Umarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “Affiksatsiya sohasida pragmatik konnotatsiyalarning aktuallashuvi muammolari (fransuz va o‘zbek tillari misolida)”, 10.00.13 – Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik (filologiya).
I. Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Fil5062.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Ilmiy rahbar: Abdugafur Eshonkulovich Mamatov, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat pedagogika universiteti, PhD.01/2025.27.12.Fil.06.02.
Rasmiy opponentlar: Ismoilov Saloxiddin Ismoilovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent; Bo‘rieva Nargiza Kuchkorovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fransuz va o‘zbek tillarida affiksal derivatsiya jarayonida pragmatik konnotatsiyalarning aktualizatsiyalanish mexanizmlarini aniqlash va ularni qiyosiy tavsiflash, shuningdek, turli diskurs turlarida ayrim affiksal modellarning intensivlik va produktivlik darajasini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
fransuz va o‘zbek tillaridagi affiksal hosilalarning pragmatik salohiyati qiyosiy-lingvopragmatik nuqtayi nazardan tizimli yoritilib, baholash, ekspressivlik, intensivlik, diminutivlik va ijtimoiy-stilistik markirovkaning funksional modellari aniqlangan;
kontekstual aktuallashuv, konvensionallashuv va diaxron pragmatiklashuv jarayonlari metodologik jihatdan farqlanib, bir xil derivatsion shaklning turli vaziyatlarda neytral, baholovchi, ironik, peyorativ, intensiv yoki ekspressiv talqin olishi ko‘rsatib berilgan;
fransuz va o‘zbek tillarida morfologik jihatdan turlicha affiksal modellar baholash, intensifikatsiya, kichraytirish, ijtimoiy kategoriyalash va stilistik markirovka kabi funksional jihatdan qiyoslanuvchi pragmatik vazifalarni amalga oshirishi, biroq ularning morfologik shakllanishi, yasovchi asos bilan birikishi hamda kontekstual aktuallashuv darajasi ikki tilda turlicha namoyon bo‘lishi aniqlangan;
fransuz va o‘zbek tillarida pragmatik konnotatsiyalarni ifodalashdagi funksional assimetriya ochib berilib, tadqiq etilgan materialda fransuz tilida prefiksal va suffiksal, o‘zbek tilida esa suffiksal modellar bilan analitik vositalarning o‘zaro funksional munosabati morfotipologik hamda diskursiv omillar asosida izohlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya tadqiqotida ishlab chiqilgan fransuz va o‘zbek tillarida affiksal derivatsiya jarayonida aktuallashadigan pragmatik konnotatsiyalarni tahlil qilishning nazariy-metodologik qoidalari va tamoyillariga asoslanib, olingan ilmiy natijalar asosida:
fransuz va o‘zbek tillaridagi affiksal derivatsiyaning pragmatik imkoniyatlari qiyosiy-lingvopragmatik nuqtayi nazardan tizimli yoritilib, derivatsion birliklarning baholash, ekspressivlik, intensifikatsiya va boshqa konnotativ ma’nolarni shakllantirishdagi o‘rni aniqlangan ilmiy xulosalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining PZ-2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” davlat ilmiy-texnik loyihasi doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2026-yil 13-yanvardagi №04/1-198-son ma’lumotnomasi). Natijada, ular elektron ta’lim platformasini ishlab chiqish, o‘quv lug‘atlarini yaratish va multimedia lingvodidaktik materiallarini tayyorlash uchun nazariy-metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan;
affiksal birliklarning pragmatiklashuv mexanizmlari ochib berilib, pragmatik ma’noning derivatsion semantika, yasovchi asos, kommunikativ intensiya va diskursiv kontekst o‘zaro ta’siri asosida yuzaga kelishi asoslangan; pragmatik konnotatsiyalarning badiiy va mediaviy kontekstlarda aktuallashuv xususiyatlari aniqlanib, bir xil derivatsion shaklning turli nutqiy vaziyatlarda baholovchi, ironik, peyorativ, intensiv yoki ekspressiv ma’no kasb etishi ko‘rsatib berilgan ilmiy xulosalaridan AM-F3-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” davlat loyihasini amalga oshirish jarayonida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2026-yil 13-yanvardagi №04/1-192-son ma’lumotnomasi). Natijada, ular affiksal birliklarning pragmatik xususiyatlarini tizimlashtirish, leksikografik tamoyillarni ishlab chiqish hamda elektron korpus resurslarini shakllantirishda qo‘llanilgan, bu esa yaratilayotgan lingvistik vositalarning ilmiy asoslanganlik darajasini oshirishga xizmat qilgan;
tadqiqotda fransuz tilidagi -ette, -ard, -aille, -ouille, -eur, -iste, -isme; re-, super-, hyper-, ultra-, méga-, sur-, sous-, anti-, pro-, néo- hamda o‘zbek tilidagi -chi, -cha, -gina/-qina, -roq, -lik, -siz, -dor, -ona, -kor, -voy, -jon, xona, -zor kabi affikslar materiali asosida ikki tildagi pragmatik ma’nolarni ifodalash usullarining funksional va morfotipologik o‘ziga xosligi aniqlangan ilmiy xulosalari 5111400 – Xorijiy til va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Imagique” o‘quv qo‘llanmasining mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2022-yil 13-maydagi 166-son buyrug‘i asosidagi 166-287-son guvohnoma). Natijada, darslikdan foydalanish ta’lim oluvchilarning kommunikativ kompetensiyasini shakllantirishga va fransuz tilini o‘qitishning metodik ta’minotini takomillashtirishga xizmat qilgan;
fransuz va o‘zbek tillarida pragmatik konnotatsiyalarni ifodalashdagi funksional assimetriya ochib berilib, tadqiq etilgan material doirasida fransuz tilida prefiksal, o‘zbek tilida esa suffiksal vositalarning nisbatan faol qo‘llanishi tillarning derivatsion va morfotipologik xususiyatlari bilan izohlangan ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi hamda “O‘zbekiston” telekanali ish jarayonida “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon” va “Jahon adabiyoti” ilmiy-ma’rifiy dasturlarining ssenariylarini ishlab chiqishda ilmiy-nazariy asos bo‘lib xizmat qilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2026-yil 23-yanvardagi №05-09-102-son ma’lumotnomasi). Natijada, ularning qo‘llanilishi affiksatsiyaning pragmatik, baholovchi va lingvomadaniy ma’nolarni shakllantirishdagi rolini ilmiy asosda yoritish ta’minlangan, shuningdek, lingvistik bilimlarning ilmiy-ta’limiy kommunikatsiya sohasiga joriy etilishiga xizmat qilgan.