Nosirova Visolaxon Mirzayunusjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Asperugo procumbens va Lagotis korolkowii o‘simliklarining kimyoviy birikmalari va ular asosida olingan biofaol tovar mahsulotining sertifikatlanishi”, 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.3.PhD/K1257.
Ilmiy rahbar: Xo‘jaev Vahobjon Umarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qo‘qon davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.K/T.34.03.
Rasmiy opponentlar: Xasanova Diloramxon To‘ychievna kimyo fanlari doktori, dotsent; Xaydarova Dilrabo Raximjonovna kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: A. procumbens va L. korolkowii o‘simliklarining kimyoviy tarkibi va biologik faolligini aniqlash asosida Curcuma longa ishtirokidagi kompozision biologik faol oziq-ovqat mahsulotini yaratish, uning tovar sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini asoslash, standartlashtirish, TIF TN bo‘yicha sinflash hamda sertifikatlashtirishning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
A. procumbens va L. korolkowii xomashyolarining aminokislotalar, flavonoidlar, suvda eruvchan vitaminlar, makro-, mikro- va toksik elementlar tarkibi kompleks aniqlanib, hududiy namunalar o‘rtasidagi farqlar qiyosiy tavsiflangan;
L. korolkowii er ustki qismidan luteolin-7-O-glukopiranozid va eriodiktiol-7-O-glukopiranozid individual holda ajratilib, tuzilishi zamonaviy fizik-kimyoviy usullar bilan tasdiqlangan;
Farg‘ona viloyatidan olingan A. procumbens namunalarida B1, B6, C vitaminlari, rutin, apigenin va gall kislota, Namangan viloyatidan olingan L. korolkowii namunalarida esa B1, B2, B9, C, PP vitaminlari hamda apigenin, kaempferol, gipolaetin va gall kislota miqdori Toshkent namunalariga nisbatan yuqoriligi aniqlangan;
A. procumbens va L. korolkowii xomashyolarida K, Mg, Ca va Fe ning nisbatan yuqori miqdori aniqlanib, toksik elementlar miqdorining belgilangan me’yorlardan oshmasligi ko‘rsatilgan;
YSSX tahlilida A. procumbensda valin, metionin, izoleysin, leysin, lizin, triptofan va fenilalanin, L. korolkowiida esa asparagin, sistein, arginin va gistidinning ustunligi aniqlangan;
A. procumbens, L. korolkowii va C. longa asosida “As-Lagos” fito choy mahsuloti shakllantirilib, uning organoleptik, fizik-kimyoviy va me’yoriy sifat ko‘rsatkichlari asoslangan;
“As-Lagos”ning tovar xususiyatlari asosida uni TIF TNning 2106 tovar pozisiyasida identifikatsiyalash va 2106 90 990 5 kodini taklif etish ilmiy-uslubiy jihatdan asoslangan;
kompozision mahsulotning o‘tkir toksikologik xususiyatlari va eksperimental gepatotoksiklik modelidagi gepatoprotektiv faolligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. A. procumbens, L. korolkowii va C. longa asosidagi “As-Lagos” fito choy mahsulotini ishlab chiqarish uchun texnologik yo‘riqnoma ishlab chiqilib, TY 004701919-01:2026 raqamli texnik shart ro‘yxatga olingan. Mahsulotga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasining Sanitariya-epidemiologik nazorat boshqarmasi tomonidan 2026-yil 3-martdagi 028011-son sanitariya-epidemiologik xulosa berilgan. Mazkur hujjatlar mahsulotni belgilangan sifat va xavfsizlik talablari asosida ishlab chiqarishga tayyorlash imkonini bergan;
“As-Lagos” mahsulotining kimyoviy tarkibi va tovar xususiyatlari asosida taklif etilgan 2106 90 990 5 TIF TN kodi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining navbatdagi tahririni ishlab chiqish jarayonida ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan (Davlat bojxona qo‘mitasining 2026-yil 25-maydagi 01-29/5-1464-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘simlik xomashyolari asosidagi ko‘p komponentli oziq-ovqat mahsulotini identifikatsiyalash va tovar nomenklaturasida aniq tasniflash bo‘yicha amaliy taklif shakllantirilgan;
tovarlarni kimyoviy tarkibi asosida identifikatsiyalash, sifat ko‘rsatkichlarini baholash, sertifikatlashtirish va tovarshunoslik ekspertizasiga oid tadqiqot natijalaridan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mo‘ljallangan “Ximiya tovarov” (“Tovarlar kimyosi”) o‘quv qo‘llanmasini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 9-iyuldagi 258-son buyrug‘i). Natijada, tovarlar kimyosi va ekspertizasi bo‘yicha o‘quv-uslubiy ta’minotni boyitish imkoniyati yaratilgan.