Atabekova Saodat Baxtiyorovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi e’loni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Buxoro shahri madaniy meros obektlarini tadqiq etish va muzeylashtirish tamoyillari” mavzusidagi 17.00.06 – Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy obektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash (tarix).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: “OAK Byulleteni” jurnalining 2026 yil 2-sonida B2026.2.PhD/Tar1731 raqami bilan ro‘yxatga olingan.
Ilmiy rahbar: Ismailova Jannat Xamidovna, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi PhD.05/2025.27.12.Tar.07.01 raqamli Ilmiy Kengash asosidagi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy Kengash.
Rasmiy opponentlar: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti, arxitektura fanlari doktori, professor Ziyaev Abdumannop Abduraximovaich, Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Xoliqova Rahbar Ergashevna.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Buxoro shahri madaniy meros obektlarini tadqiq etish va muzeylashtirish tamoyillarini ilmiy jihatdan kompleks tarzda o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi.
XVI asrda Buxoroda diniy-ma’rifiy, savdo-iqtisodiy, jamoat va mudofaa inshootlarining o‘zaro funksional-hududiy bog‘liqligi asosida yaxlit tarixiy-shaharsozlik muhiti shakllangani, Temuriylar davri me’morchilik an’analarining davomiyligi negizida peshtoq, hovli, gumbaz va markaziy o‘qqa asoslangan hajmiy-kompozision hamda ravoq, gumbaz, peshtoq va yuk ko‘taruvchi devorlardan iborat konstruktiv echimlar takomillashtirilgani aniqlanib, mazkur yodgorliklarni muzeylashtirishda ularning dastlabki vazifasi, me’moriy xususiyatlari va tarixiy shahar tuzilmasidagi o‘zaro aloqalarini yaxlit ekspozision talqin asosida namoyish etish zarurati shakllanganligi asoslangan.
1960–1970-yillarda Buxoro tarixiy hududida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari natijasida me’moriy-rejaviy muhit yaxlitligi qisman buzilib, Toqi Zargaron, Toqi Telpakfurushon, Toqi Sarrofon va Abdullaxon timining an’anaviy savdo ko‘chalari, rastalar hamda chorrahalar bilan tarixiy-funksional aloqalari zaiflashgani va ular alohida monumental obektlar sifatida namoyon bo‘la boshlagani, shuningdek, Magoki Attor masjidi hududida ochilgan ko‘p asrlik madaniy qatlamlar va Poyi Kalon majmuasining avvalgi qurilish bosqichlariga oid ma’lumotlar aniqlanishi asosida mazkur yodgorliklarni tarixiy muhiti bilan yaxlit holda muzeylashtirish hamda ularning shaharsozlik tizimidagi o‘rni va funksional aloqalarini kompleks ekspozision vositalar orqali namoyish etish zarurati ko‘rsatib berilgan;
XVI asrda Shayboniylar davrida barpo etilgan turli funksional vazifadagi 60 ta me’moriy yodgorliklar aniqlanib, ularning 42 tasi to‘liq, qisman, qayta tiklangan yoki xaroba holatida saqlangani, 18 tasi esa turli omillar ta’sirida butunlay yo‘qolgani, saqlanib qolgan obektlarning 28 tasi, ya’ni tadqiq etilgan obektlar umumiy sonining 46,7 foizi YuNESKOning “Buxoroning tarixiy markazi” hamda “Ipak yo‘li: Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi” Butunjahon merosi ob’ektlari hududida joylashuvi, yodgorliklarning funksional turi va saqlanganlik darajasi bo‘yicha tizimlashtirildi hamda ularda amalga oshirilgan konservatsiya, restavratsiya va rekonstruksiya jarayonlari davriy-xronologik asosda dalillangan;
Buxoro tarixiy markazidagi 140 dan ortiq tarixiy-me’moriy yodgorlikning muzey-kommunikatsiya tizimiga integratsiya qilinishi cheklanganligi va muzey-qo‘riqxona faoliyati asosan 18 ta doimiy ekspozisiya doirasida amalga oshirilayotganligi aniqlanib, obektlarni tarixiy vazifasi, saqlanganlik holati va turistik salohiyati bo‘yicha tanlashga asoslangan muzeylashtirish modeli ishlab chiqilgan, mazkur jarayonlar asosida Abdullaxon timida “Buxoro savdo munosabatlari tarixi”, Abdullaxon madrasasida “Ilm-fan va ta’lim tarixi”, Baland masjidida “Buxoro mahalliy me’morchilik an’analari” muzeylarini raqamli rekonstruksiya va mavzuli ekskursiya marshrutlari tashkil etish, shu asosda yodgorliklarning tarixiy funksiyalarini saqlash hamda turistik oqimni diversifikatsiya qilish imkoniyatlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XVI asrda Buxoroda diniy-ma’rifiy, savdo-iqtisodiy, jamoat va mudofaa inshootlarining funksional hamda hududiy jihatdan o‘zaro bog‘liqligi asosida yaxlit tarixiy-shaharsozlik muhiti shakllangani, shuningdek, Temuriylar davri me’moriy an’analari negizida hajmiy-kompozision va konstruktiv echimlar takomillashganiga oid ilmiy natijalardan «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Tarix va yangi talqin» ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Ma’rifat» ijodiy birlashmasining 2025 yil 11 apreldagi 01-33/68-son ma’lumotnomasi). Natijada XVI asr Buxoro me’moriy merosining tarixiy-madaniy ahamiyati, shaharsozlik tizimidagi o‘rni va o‘rganilish bosqichlariga oid ilmiy ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka ilmiy asosda yetkazishga xizmat qilgan.
1960–1970-yillarda Buxoro tarixiy hududida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari oqibatida Toqi Zargaron, Toqi Telpakfurushon, Toqi Sarrofon va Abdullaxon timining an’anaviy savdo ko‘chalari, rastalar hamda chorrahalar bilan tarixiy-funksional aloqalari zaiflashgani, shuningdek, Mag‘oki Attor masjidi va Poyi Kalon majmuasida aniqlangan madaniy qatlamlar ushbu yodgorliklarni tarixiy muhiti bilan yaxlit muzeylashtirish zaruratini asoslagani haqidagi ilmiy natijalardan «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Tarix va yangi talqin» ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Ma’rifat» ijodiy birlashmasining 2025-yil 11-apreldagi 01-33/68-son ma’lumotnomasi). Natijada Buxoro yodgorliklarini alohida monumental obektlar sifatida emas, balki tarixiy shahar muhiti va funksional aloqalari bilan uzviy bog‘liq majmualar sifatida muhofaza qilish, muzeylashtirish hamda ekspozision talqin etish zarurati jamoatchilikka ilmiy asosda yetkazish imkonini bergan.
XVI asrda Shayboniylar davrida barpo etilgan turli funksional vazifadagi 60 ta me’moriy yodgorlik aniqlanib, ularning saqlanganlik darajasi, funksional turi, YUNESKO Butunjahon merosi obektlari hududida joylashuvi hamda ularda amalga oshirilgan konservatsiya, restavratsiya va rekonstruksiya jarayonlari davriy-xronologik jihatdan tizimlashtirilgan bo‘lib, mazkur ilmiy natijalardan «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» davlat muzeyi fondlarini boyitish va ekspozisiyasini takomillashtirishda foydalanilgan (muzeyning 2025-yil 10-fevraldagi 042-son ma’lumotnomasi). Natijada Buxoro me’moriy merosini o‘rganish va muhofaza qilishga oid hujjatlar, tarixiy ma’lumotlar hamda muzey ashyolarini ilmiy tasniflash, shuningdek, Abdurauf Fitrat va Muso Saidjonovning Buxoro yodgorliklarini o‘rganish va saqlashdagi faoliyatini kengroq namoyish etishga xizmat qilgan.
Buxoro tarixiy markazidagi 140 dan ortiq me’moriy yodgorlikning muzey-kommunikatsiya tizimiga integratsiyalashuv darajasi va muzey-qo‘riqxona faoliyatidagi 18 ta doimiy ekspozisiya tahlili asosida obektlarni tarixiy funksiyasi, saqlanganlik holati hamda turistik salohiyatiga ko‘ra tanlashga qaratilgan muzeylashtirish modeli ishlab chiqilgan. Ushbu model doirasida Abdullaxon timida «Buxoro savdo munosabatlari tarixi», Abdullaxon madrasasida «Ilm-fan va ta’lim tarixi» hamda Baland masjidida «Buxoro mahalliy me’morchilik an’analari» mavzularidagi muzey ekspozisiyalarini tashkil etish, raqamli rekonstruksiya va mavzuli ekskursiya yo‘nalishlari orqali turistik oqimni diversifikatsiya qilishga oid takliflardan «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» davlat muzeyi ekspozisiyasini boyitishda foydalanilgan (muzeyning 2025-yil 10-fevraldagi 042-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy obekt va muzey materiallarini o‘zaro bog‘liq holda talqin qilish, ekspozisiyani mavzuli tamoyil asosida shakllantirish hamda tarixiy-madaniy mazmunni zamonaviy muzey kommunikatsiyasi vositalari orqali namoyish etish imkoniyati yaratilgan.