Yusupova Adiba Matlubovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbek tilida antropomorfizm (antropomorf metaforalar misolida), 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil4553.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy rahbar: Xudayberganova Durdona Sidikovna, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.05/2025.27.12.Fil.15.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ma’rufjon Yo‘ldoshev, filologiya fanlari doktori, professor; Muyassar Saparniyazova, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilida metafora vositasida hosil bo‘luvchi lingvistik antropomorfizmni olam lisoniy manzarasining bir qismi sifatida lingvomadaniy yondashuv asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o’zbek tilida harakat-holatni bildiruvchi metaforik ma’noli fe’llar asosida shakllangan lingvistik antropomorfizm o‘zbek xalqining lisoniy tafakkurida atrof-muhitni tinimsiz harakatda va rivojlanishda ko‘rish xususiyatini namoyon qilishi asoslangan;
belgi-xususiyatni bildiruvchi metaforik ma’noli so‘zlar asosida shakllangan lingvistik antropomorfizm mehr-oqibat, sabr-toqat, oila, mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik kabi qadriyatlarni tilda in’ikos etishi dalillangan;
lingvistik antropomorfizmning o‘zbek xalq maqol va topishmoqlarida xalq tafakkuri, madaniy qadriyatlari va olamning lisoniy manzarasidagi ifodasi sifatida voqelanishi asoslangan;
antropomorfik birliklarning konseptual tizimdagi o‘rni aniqlanib, ularning konseptual modellari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilida lingvistik antropomorfizmni antropomorf metaforalar misolida tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
harakat-holatni va belgi-xususiyatni bildiruvchi so‘zlar vositasida ifodalangan lingvistik antropomorfizmlar, ularning milliy tafakkur, mentalitet va assotsiativ idrok bilan bog‘liqligi, shuningdek, mazkur hodisaning o‘zbek xalq maqol va topishmoqlarida, olamning lisoniy manzarasi hamda konseptual tizimda voqelanishi haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2024–2025-yillarda bajarilgan AL-662204328 “Sport terminlarining o‘zbek tilidagi izohli lug‘atini tuzish va nashr qilish (lug‘atning mobil ilovasi va veb-saytini yaratish)” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2026-yil 22-iyundagi 3/1255-1743-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot materiallari sport terminlarini milliy tafakkur asosida izohlash, sport obektlari va jihozlari nomlarining lingvomadaniy xususiyatlarini ochib berish hamda veb-sayt va mobil ilovadagi lingvomadaniy modullarni shakllantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qildi;
o‘zbek tilidagi antropomorfizmlarning harakat-holat fe’llari hamda sifatlarning lingvomadaniy tahliliga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida 2024 – 2025-yillarda bajarilgan ALM-202310132634-raqamli “Yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilini sun’iy intelekt asosida avtomatik taqdim qiluvchi atamacom.uz dasturiy ta’minoti platformasi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi” amaliy loyihani amalga oshirish jarayonida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2026-yil 12-iyundagi 01-472-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqotda ushbu birliklarning xalq mentaliteti va milliy tafakkurni ifodalashdagi o‘rni yoritilib, bu natijalar atamacom.uz platformasi hamda mobil ilovasining lingvistik bazalarini boyitishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘zbek xalq maqollari va topishmoqlaridagi antropomorfik birliklarning konseptual tizimdagi o‘rni hamda olamning lisoniy manzarasini shakllantirishdagi roli bo‘yicha ilgari surilgan ilmiy xulosalar loyiha doirasidagi amaliy tadqiqotlarni takomillashtirishda qo‘llanildi;
lingvistik antropomorfizmning o‘zbek xalq maqol va topishmoqlarida xalq tafakkuri, madaniy qadriyatlari va olamning lisoniy manzarasidagi ifodasi sifatida voqelanishi haqidagi ilmiy xulosalardan 2026-yilda “Mahalla” telekanalida efirga uzatilgan “Kun nafasi” ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan va muallif bilan suhbatlar uyushtirilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali davlat muassasasining 2026-yil 15-apreldagi 01-16-77-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuv ssenariysining ilmiy materiallar bilan boyitilishiga va mazmunli bo‘lishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish