Yunusova Navbaxor Axmadjonovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqidagi e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tabiiy rezistentlik hujayralari differensiatsiyasi va funksional faolligining o‘ziga xos xususiyatlari», 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/B702.
Ilmiy rahbar: Dushanova Gavhar Abdukarimovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.B.04.10.
Rasmiy opponentlar: Shaxmurova Gulnara Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor; Raxmatullaev Yorqin Shokirovich, biologiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Samarqand viloyati aholisida organizmning nospetsifik himoya tizimi ko‘rsatkichlarini kompleks baholash hamda ko‘rsatkichlarning lipidlarning perikisli oksidlanishi jarayonlari intensivligi va antioksidant himoya tizimining fermentativ komponentlari faolligi bilan o‘zaro bog‘liqligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Samarqand shahri va Toyloq tumani aholisida tug‘ma immunitet ko‘rsatkichlari kompleks ravishda qiyosiy o‘rganilgan hamda yosh, jins va ekologik omillarning organizm himoya tizimiga ta’siri baholangan. Toyloq tumani aholisida neytrofillarning funksional faolligi, xususan, fagotsitar faolligi Samarqand shahri aholisiga nisbatan yuqoriroq ekanligi aniqlanib, yashash muhiti va turmush tarzi xususiyatlari bilan bog‘liqligi ilmiy jihatdan asoslangan;
aholi tug‘ma immunitetining funksional barqarorligi leykotsitlarning yallig‘lanish o‘chog‘iga migratsiya qilish qobiliyatini baholash orqali kompleks tahlil qilingan. Shuningdek, Ensembl platformasi va boshqa xalqaro molekulyar-genetik ma’lumotlar bazalari asosida immun hujayralari yuzasidagi CD-antigenlar tizimli ravishda tahlil qilinib, ularning umumiy va ixtisoslashgan markerlari hamda immun javobni shakllantirishdagi biologik ahamiyati tavsiflangan;
ilk bor Samarqand viloyati aholisida oksidativ stress va immun tizimi ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik aniqlangan. Lipidlarning perikisli oksidlanishi va antioksidant himoya tizimi ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar baholanib, malondialdegid miqdorining ortishi leykotsitlarning migratsion faolligining pasayishi bilan bog‘liqligi, antioksidant fermentlar faolligi organizmning moslashuv imkoniyatlarini aks ettirishi ilmiy jihatdan asoslangan;
oksidativ stress va antioksidant himoya tizimidagi kichik o‘zgarishlar immun tizimining funksional holatini baholovchi sezgir biomarkerlar ekanligi isbotlangan. Mazkur ko‘rsatkichlardan yashirin immun tanqisligi holatlarini erta aniqlash hamda ekologik omillarning organizmga salbiy ta’sirini baholashda qo‘shimcha diagnostik mezon sifatida foydalanish imkoniyati ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Toyloq tumani aholisida tug‘ma immunitet rezistentligi ko‘rsatkichlarini aniqlash hamda ularning funksional faolligini baholashga oid uslubiy tavsiyanoma Samarqand viloyati Toyloq tumani aholisi orasida laboratoriya-tashxis amaliyotida tug‘ma immunitet ko‘rsatkichlarini baholash uchun hududiy me’yoriy mezon sifatida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 9-iyuldagi 02-28/15095-son ma’lumotnomasi). Natijada, Toyloq tumani aholisiga xos tug‘ma immunitet rezistentligi ko‘rsatkichlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, hududiy me’yoriy ko‘rsatkichlarni shakllantirish hamda tegishli profilaktik va qarshi kurash tadbirlarini ilmiy asosda tashkil imkonini bergan;
entrez bioinformasion ma’lumotlar bazasi metatahlili asosida leykotsitlar qatoridagi klasterli hujayralar differensiatsiyasi monotsitlar, eozinofillar, bazofillar, neytrofillar differensiatsiyasi va funksional faolligini belgilovchi oqsillar tahlili Toyloq tumani tibbiyot birlashmasida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 9-iyuldagi 02-28/15095-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rganilgan hududlar uchun tabiiy immunitet ko‘rsatkichlarining normativ ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va amaliyotida tavsiya etish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish