Ro‘zmetova Sohiba Aminbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Ertak va dostonlarda mo‘jizaviy tug‘ilish motivining ishlanishi", 10.00.08 – Folklorshunoslik ixtisosligi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/Fil5173.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Rajabov Dilshod Zaripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.05/2025.27.12.Fil.16.01
Rasmiy opponentlar: Palimbetov Kamalbay Sarsenbaevich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Qo‘shboev To‘xtamurod Alimovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiyu
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ertak va dostonlarda “mo‘jizaviy tug‘ilish” motivining tarixiy-mifologik asoslari, asosiy ko‘rinishlari va qahramon obrazini shakllantirishdagi poetik vazifalarini qiyosiy-tipologik tahlil qilish orqali uning janrlarga xos umumiy va farqli badiiy xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
mo‘jizaviy tug‘ilish motivining ertak va dostonlardagi badiiy vazifalari qiyosiy aniqlanib, dostonda qahramonning nasliy maqomi va epik faoliyatini asoslash, ertakda esa g‘ayrioddiy qiyofa, sehrli xususiyatlar va sinovlar tizimini shakllantirishdagi o‘ziga xos jihatlari ochib berilgan;
mevadan bevosita paydo bo‘lish bilan sehrli meva iste’moli orqali farzand ko‘rish, predmetdan yaralish bilan predmet qiyofasida tug‘ilish, no‘xatdan paydo bo‘lish bilan no‘xatdek mitti tug‘ilish o‘rtasidagi farqlar ko‘rsatilib, ularni tug‘ilish vositasi, sababi va qahramonning dastlabki qiyofasiga ko‘ra tasniflash mezonlari aniqlashtirilgan;
totemistik tasavvurlar bilan aloqador tug‘ilish motivida hayvon-ajdod, zoomorf portret va hayvon homiyligining vazifalari farqlanib, “Ayiqpolvon” ertagi hamda Ashina genealogik afsonasi qiyosida nasliy aloqaning individual qahramon xususiyatlarini asoslash va urug‘ning kelib chiqishini izohlashga xizmat qilishi ko‘rsatilgan;
farzand asrab olish va ramziy farzandlikka qabul qilish biologik tug‘ilishdan farqlanuvchi mustaqil motivlar sifatida tahlil qilinib, ularning mo‘jizaviy tug‘ilish bilan qahramonning oilaviy mansubligi, vorisligi va epik maqomini shakllantirishdagi funksional yaqinligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Doston va ertaklarda mo‘jizaviy tug‘ilish motivining ishlanishi masalasining tadqiqi jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
Mo‘jizaviy tug‘ilishning qadimiy asoslariga xarakteristika berilganligi, ertaklardagi mo‘jizaviy tug‘ilish motivlarining o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilganligi, har ikkala janrdagi tug‘ilish motivlarining ko‘rinishlari qiyosiy tahlil qilinganligiga doir ilmiy natijalardan 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan IL-402104474 raqamli “Bolalaradabiyoti.uz” elektron platforma va uning mobil ilovasini yaratish nomli innovatsion loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 13-noyabrdagi 04/1-5493-sonli ma’lumotnomasi). Natijada doston va ertaklarda mo‘jizaviy tug‘ilish motiviga doir nazariy qarashlar boyitilgan.Xalq dostonlarida botir obrazi bilan bog‘liq syujet tizimini, g‘aroyib tug‘ilish motivlarini ochib berishda dissertatsiyadagi ilmiy-nazariy xulosalar, “Ertaklarda mevadan tug‘ilish motivi ko‘rinishlari” mavzusidagi Xorazm Ma’mun akademiyasining Axborotnomasida 2024-yil 5-sonida chiqqan maqolasi, “Dostonlarda asrandi farzand tarbiyalash motivi” mavzusidagi Buxoro davlat universiteti Ilmiy axboroti jurnalida 2024-yil 10-sonida chiqqan maqolasi materiallaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2021-2023-yillarda amalga oshirilgan “Qoraqalpoq og‘zaki nasri (janrlar tuzilishi, genezisi, obrazlar tizimi, syujet va motivlari, poetikasi)” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasini bajarishda ilmiy manba sifatida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2025-yil 4-noyabrdagi 700/1 sonli ma’lumotnomasi). Natijada mo‘jizaviy tug‘ilishning ertaklarda shakllanishidagi mifologik asoslari, xalq dostonlaridagi mo‘jizaviy tug‘ilish motivlari ertaklardagi mo‘jizaviy tug‘ilish motivlari negizida paydo bo‘lganligi haqida ilmiy ma’lumotlarga erishildi.
Xorazm dostonlari bilan ertaklarni mo‘jizaviy tug‘ilish motivi asosida tahlil qilish va mazkur motivning turli ko‘rinishlari hamda genetik ildizlarini tadqiq qilish, chiqarilgan nazariy xulosalardan epos genezisini, epik qahramon obrazi evolyusiyasini yoritib berish bilan bog‘liq tavsiya va takliflardan Xorazm davlat teleradiokanali tomonidan 2025-yil 12-aprelda tayyorlangan “Qadriyat” eshittirishini tayyorlashda foydalanildi (Xorazm viloyati teleradiokanali davlat muassasasining 2025-yil 3-iyundagi 391-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning ilmiy ahamiyati yanada boyigan.
Epos genezisini, epik qahramon obrazi evolyusiyasini yoritib berish bilan bog‘liq fikr-mulohazalardan, xalq dostonlaridagi mo‘jizaviy tug‘ilish motivlari ertaklardagi mo‘jizaviy tug‘ilish motivlari negizida paydo bo‘lganligi asoslab berilganligi xususidagi ilmiy natijalardan Xorazm davlat teleradiokanali tomonidan 2025-yil 11-mayda tayyorlangan “Yana yakshanba” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanildi (Xorazm viloyati teleradiokanali davlat muassasasining 2025-yil 3-iyundagi 392-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tayyorlangan radioeshittirish va dasturlar tinglovchilarda vatanparvarlik, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish, jamiyat va davlat oldidagi ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish, milliy, ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etgan.