Egamberdiev Kamoladdin Baxodirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ishqor galogenli 2,6-dimetilpiridin – suv sistemasida fazaviy o‘tish yaqinidagi kritik hodisalar», 01.04.03–Molekulyar fizika va issiqlik fizikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/FM128.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Sirojiddin Zaynievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti huzuridagi DSc.30.05.2018.FM./T.65.01 asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Otajonov Shavkat, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Klichev Shavkat Isxakovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: suvli eritmalarning ikkinchi tur fazaviy o‘tish yaqinidagi akustik, reologik, dinamik hamda kinetik parametrlarini va relaksatsion jarayonlar xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kichik konsentratsiyali ishqor galogenidlar 2,6-dimetilpiridin suvli aralashmasiga qo‘shilganda korrelyasiya uzunligi kritik ko‘rsatkichi kamayishi aniqlangan;
2,6-dimetilpiridin suvli aralashmasida ul`tratovush yutilish spektrining 300 kGs va 700 MGs chastotalarda kuzatilgan relaksatsion jarayonlarni tadqiq qilish natijasida kritik nuqta yaqinida konsentratsiya fluktuatsiyalardan tashqari 2,6-dimetilpiridin molekulalarining taxlanish va protonlar ko‘chishi bilan bog‘liq protoliz jarayonlari mavjudligi aniqlangan;
suvli aralashmalarda sodir bo‘ladigan kritik hodisalarni tajribaviy tadqiq qilish orqali olingan masshtab funksiyaning keltirilgan chastotaga bog‘liqligi Bxatcharji – Ferrel nazariyasida keltirilgan natijalar bilan ustma-ust tushishi topilgan va kritik jarayonlarni tavsiflashda ushbu nazariya mos kelishi aniqlangan;
kritik tarkibga ega suvli aralashmaning ul`tratovush yutilish amplitudasi va tezligi hamda solishtirma issiqlik sig‘imi asosida hisoblangan adiabatik bog‘lovchi doimiy qiymatlari orqali ul`tratovush yutilish spektrida kritik tashkil etuvchi hadning kichik ulushi mavjud ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ishqoriy galogenidlar qo‘shilgan 2,6-dimetilpiridin suvli aralashmasida fazaviy o‘tishlar yaqinidagi kritik hodisalar xususiyatlarini aniqlash asosida:
suvli eritmalarning fazaviy o‘tish temperaturasi yaqinida solishtirma issiqlik sig‘imining temperaturaga bog‘liqlik natijalari va relaksatsion jarayonlarning kinetik parametrlari bo‘yicha olingan natijalar 213-95320 UZB-BFDK15004A raqamli «O‘zbekiston shaoritida quyosh issiqlik elektr stansiyasini hisoblash va modellashtirish» loyihasida issiqlik tashish samaradorligini oshirish uchun optimal konsentratsiya tanlashda foydalanilgan  (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 25 iyuldagi 2/1255-2047-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish issiqlik saqlovchi tizimlarda suyuqliklarning fazaviy o‘zgarish jarayonlarining oldini olish va quyosh issiqlik qurilmalarining ishlash samaradorligini oshirish imkonini bergan;
2,6-dimetilpiridin suvli aralashmasining kritik nuqta yaqinida qovushqoqlikning konsentratsiyaga bog‘liqligi va keng temperaturalar intervalida yuqori aniqlikda o‘lchangan diffuziya koeffisienti bo‘yicha olingan natijalar M/Uzb-KNR-19/2015 raqamli «Issiqlik tashuvchi sifatidagi nanosuyuqliklarning fizikaviy xossalari va ularning past potensialli quyosh qurilmalari issiqlik-texnik tavsiflariga ta’sirini tadqiq qilish» loyihasida issiqlik va kinetik parametrlarni aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 25 iyuldagi 2/1255-2047-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish quyosh issiqlik qurilmalari issiqlik xossalarining muhim parametrlarini yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish