Islomova Mufassal Muzaffarovnaning
fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Konseptual`nie osnovi sovershenstvovaniya investisionnoy politiki v Uzbekistane”, 08.00.02- “Makroiqtisodiyot” ixtisosligi bo‘yicha iqtisodiyot fanlari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Iqt2712
Ilmiy rahbar: Usmanov Anvar Saidmaxmudovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: TDIU huzuridagi "O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari" ilmiy-tadqiqot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/2025.27.12.I.23.02
Rasmiy opponentlar: Nasirxodjaeva Dilafruz Sabitxanovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Xamidulin Mixail Borisovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida investisiya siyosatini transformatsiya qilishning ilmiy asoslari hamda konseptual yo‘nalishlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni hisobga olishning milliy uslubiyoti bilan BPM6 xalqaro standarti o‘rtasidagi tafovutning 2023–2024-yillarda 3,2–4 barobarni tashkil etishi aniqlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarning o‘zgaruvchanligi (σ=60,77 foiz bandi) ichki investisiya manbalari o‘zgaruvchanligiga (σ=19,65 foiz bandi) nisbatan uch barobardan ortiq ekani asoslab berildi;
O‘zbekiston Respublikasida xomashyo bo‘lmagan eksportning nominal o‘sishi asosan narxlar dinamikasi hisobiga ta’minlangani aniqlanib, 2015-yilning doimiy narxlarida uning real hajmi deyarli o‘smagani (2015-yilda 3,95 mlrd AQSh dollari, 2024-yilda 3,63 mlrd AQSh dollari) ko‘rsatib berildi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar ulushi bilan xomashyo bo‘lmagan eksport o‘rtasidagi korrelyasiya koeffitsienti (nominal hisobda 0,55) xorijiy kapitalning tarkibiy ta’sirini tasdiqlamasligi isbotlandi;
O‘zbekiston Respublikasining investisiya muhiti qabul qiluvchi mamlakat va xorijiy investor nuqtayi nazaridan SWOT-tahlil asosida baholanishi orqali investisiyalarni jalb qilish vositalaridan biri hisoblangan erkin iqtisodiy zonalar siyosati samaradorligini cheklovchi omillar aniqlandi. Bu holat erkin iqtisodiy zonalar rezidentlarining sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 4,7 %, milliy eksportdagi ulushi esa 2,2 % tashkil etishi bilan asoslandi;
O‘zbekiston Respublikasi investisiya siyosatini takomillashtirishning konseptual yo‘nalishlari ishlab chiqilib, ular raqobat neytralligi tamoyili asosida yagona investisiya muhitini shakllantirish, investisiyalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga qo‘shadigan hissasiga ko‘ra sifat mezonlari asosida tanlash tizimiga o‘tish, selektiv investisiya imtiyozlari berish amaliyotini qisqartirish hamda investisiya jarayoni barqarorligini ta’minlashda ichki investisiya manbalarining rolini kuchaytirishni nazarda tutadi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Tadqiqot natijalari asosida quyidagi ilmiy natijalar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi:
xorijiy va mahalliy investorlar uchun teng sharoitlar hamda shaffof qoidalarni ta’minlaydigan yagona investisiya muhitini shakllantirish bo‘yicha ilmiy taklif ishlab chiqildi. Mazkur yondashuvda kapitalning kelib chiqishi emas, balki investisiya loyihasining samaradorligi asosiy mezon sifatida belgilandi (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 30-dekabrdagi 2605/03-15-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotga joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-son «Raqobatbardosh investisiya muhitini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonining III va IV qismlarida nazarda tutilgan nazariy-uslubiy yondashuvlarni takomillashtirishga xizmat qildi.
investisiya siyosatining SWOT-tahlili asosida erkin iqtisodiy zonalarning xorijiy investisiyalarni jalb etishning asosiy mexanizmi sifatidagi imkoniyatlari cheklanganligi ilmiy jihatdan asoslab berildi. Tahlil natijasida kapitalning hududiy konsentratsiyalashuvi hamda tashqi omillarga qaramlik bilan bog‘liq xavflar aniqlandi (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 30-dekabrdagi 2605/03-15-son ma’lumotnomasi). Mazkur natijalar Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son «Investisiyalar sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorining 4-ilovasi qoidalarini takomillashtirishda qo‘llanildi.
investisiya manbalarining muvozanatli tarkibi iqtisodiy o‘sish sur’atlari va uning barqarorligiga yanada ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ilmiy hamda empirik jihatdan tasdiqlandi. Tadqiqot natijalari O‘zbekistonda ichki investisiyalar xorijiy investisiyalarga nisbatan past volatillik va yuqori barqarorlikka ega ekanligini ko‘rsatdi (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 30-dekabrdagi 2605/03-15-son ma’lumotnomasi). Ushbu xulosalar Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarorining 4-ilovasini takomillashtirishda foydalanildi.
investisiya siyosatini isloh qilishning konseptual yo‘nalishlari ishlab chiqildi. Ular tanlab beriladigan imtiyozlar tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish, raqobat muhitini rivojlantirish, ichki investisiya manbalarining rolini kuchaytirish hamda «sifatli investisiyalar» tamoyilini amaliyotga joriy etishni nazarda tutadi (O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2025-yil 30-dekabrdagi 2605/03-15-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarorining 4-ilovasi qoidalarini yanada takomillashtirishga xizmat qildi.