Abduxalilov Shahboz Zafar o‘g‘lining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Teng ulushli aksiyalar sharoitida korporativ tanglikdan chiqishning huquqiy mexanizmlarini qo‘llash”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Yu2026.
Ilmiy rahbar: Imomov Nurillo Fayzullaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/2025.27.12.Yu.01.03.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlar doktori, professor Musaev Bekzod Tursunboevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, Saidov Maqsud Norboevich.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Teng ulushli aksiyalar sharoitida korporativ tanglikdan chiqishning huquqiy mexanizmlarini qo‘llash bilan bog‘liq ilmiy-nazariy va amaliy muammolarni aniqlash hamda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
 korporativ shartnomada xo‘jalik jamiyatining ishtirokchilari o‘z a’zolik huquqlarini amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan o‘zini tiyish (voz kechish) majburiyatini olishi zarurligi asoslantirilgan;
korporativ shartnoma taraflari zimmasiga jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida ovoz berish, jamiyatni boshqarish bo‘yicha harakatlarni kelishib amalga oshirish o‘z ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (aksiyalarini) ma’lum narxda yoki muayyan holatlar yuzaga kelganda qo‘lga kiritish yoki boshqa shaxsga berish majburiyati yuklatilishi asoslantirilgan;
korporativ shartnomaga jamiyat ishtirokchilari jamiyat organlarining ko‘rsatmalariga muvofiq ovoz berishi to‘g‘risidagi va jamiyat organlarining tuzilishini hamda ularning vakolatlarini belgilash haqidagi shartlar kiritilishi mumkin emasligi asoslantirilgan;
korporativ shartnoma tuzilganligi to‘g‘risida shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay yozma shaklda xabardor qilishi shart, bunda uning mazmunini oshkor etish talab qilinmasligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Teng ulushli aksiyalar sharoitida korporativ tanglikdan chiqishning huquqiy mexanizmlarini qo‘llash” bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida quyidagi takliflar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi:
korporativ shartnoma tushunchasini qonunchilikda belgilash, bunda xo‘jalik jamiyati ishtirokchilari yoki ayrim ishtirokchilari o‘z a’zolik huquqlarini amalga oshirish to‘g‘risida o‘zaro korporativ shartnoma tuzishga haqli bo‘lishi, ushbu shartnomaga muvofiq jamiyat ishtirokchilari o‘z a’zolik huquqlarini amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan o‘zini tiyish, shu jumladan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida ovoz berish, jamiyatni boshqarish bo‘yicha harakatlarni kelishib amalga oshirish, o‘z ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (aksiyalarini) ma’lum narxda yoki muayyan holatlar yuzaga kelganda qo‘lga kiritish yoki boshqa shaxsga berish yoxud ularni qo‘lga kiritishdan yoki boshqa shaxsga berishdan o‘zini tiyish majburiyatini olishi kerakligi haqidagi taklif “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1025-son Qonunining 7-moddasi 25-bandini, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 385¹-moddasini shakllantirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi huzuridagi parlament tadqiqotlari instituti 2025-yil 23-dekabr №3/dn-265-son dalolatnoma). Mazkur taklif korporativ shartnomaning mustaqil fuqarolik-huquqiy vosita sifatidagi huquqiy maqomini belgilash, xo‘jalik jamiyati ishtirokchilariga o‘z korporativ huquqlarini amalga oshirish tartibini oldindan kelishib olish imkonini yaratish, ovoz berish va jamiyatni boshqarishga oid harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, ulushlar yoki aksiyalarni tasarruf etishga doir munosabatlarda huquqiy aniqlikni ta’minlashga xizmat qiladi;
jamiyat ulushini (ulushining bir qismini) sotish va jamiyat ulushini (ulushining bir qismini) sotishdan boshqacha tarzda uchinchi shaxslar foydasiga voz kechish notarial shaklda amalga oshirilganda – bu haqda tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan kundan boshlab jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kiritish yoki tarkibidan chiqarish amalda tegishli harakat (yoki harakatsizlik) hamda hodisa sodir etilgan paytdan boshlab yuzaga kelgan deb hisoblash haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 5-sentabrdagi PQ-268-son qarorini ishlab chiqishda inobatga olindi (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 25/9-11541/8-son dalolatnomasi 2026-yil 26-iyun); Mazkur taklif xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushlarga doir ma’lumotlarning shaffofligi va dolzarbligini ta’minlash, ishtirokchilarga o‘z korporativ huquqlari hamda jamiyatning mulkiy tuzilmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tezkor ravishda olish imkonini yaratishga xizmat qiladi;
yuridik shaxs ta’sischilari (ishtirokchilari) ta’sischi sifatida ishtirok etayotgan korxonalar ro‘yxati, ulardagi ulushlar miqdori (foizi), shuningdek, ushbu yuridik shaxs ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etayotgan boshqa ta’sischilarning (ishtirokchilarning) ulushlari miqdorlari (foizi), mazkur ulushlarning shakllangan yoki shakllanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy tarzda onlayn yuritish tizimi joriy etish haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 5-sentabrdagi PQ-268-son qarorini ishlab chiqishda inobatga olindi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 25/9-11541/8-son dalolatnomasi 2026-yil 26-iyun). Mazkur mexanizm ulushlar tarkibi va miqdoriga doir yashirin yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan korporativ nizolarni kamaytirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, teng ulushli ishtirokchilar o‘rtasidagi munosabatlarda huquqiy aniqlikni ta’minlash hamda korporativ boshqaruvning shaffofligi va barqarorligini oshirishga xizmat qiladi;
yuridik shaxs ta’sischilari (ishtirokchilari) uchun o‘zlariga tegishli ulushni begonalashtirishga taqiq qo‘yish imkoniyati haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korporativ munosabatlarni tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 5-sentabrdagi PQ-268-son qarorini ishlab chiqishda inobatga olindi. (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 25/9-11541/8-son dalolatnomasi 2026-yil 26-iyun). Mazkur taklif ulushni uning egasi tomonidan bevosita nazorat qilinishini kuchaytirish, jamiyat ishtirokchilari tarkibining asossiz o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda korporativ nizolar va teng ulushli ishtirokchilar o‘rtasida korporativ tanglik yuzaga kelishi xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish