Choriev Shohrux Xoltura o‘g‘li

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkiston general-gubernatorligida bank muassasalari faoliyatining tarixiy-statistik tahlili”, 07.00.08– Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Tar2276
Ilmiy rahbar: Baxtiyor Abdixakimovich Alimdjanov, tarix fanlari nomzodi (PhD), katta ilmiy xodim
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Antropologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01
Rasmiy opponentlar: O‘zR FA Antropologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori (DSc) Oksana Gennadievna Pugovkina va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti “Jahon tarixi” kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent Yoqubjon Rapiqovich Tayronov
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Turkiston general-gubernatorligidagi bank muassasalariga oid arxiv manbalarini tarixiy-statistik metod asosida kompleks tahlil qilish hamda mintaqadagi banklarning aktiv va passiv operatsiyalarini rekonstruksiya qilishdan iborat
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Tarixiy-statistik metodning Turkiston general-gubernatorligidagi bank jarayonlari dinamikasini rekonstruksiya qilishning mustaqil vositasi sifatida qo‘llanilishi Davlat banki bo‘limlari, tijorat banklari va o‘zaro kredit jamiyatlari faoliyatining miqdoriy ko‘rsatkichlarini aniqlash imkonini berganligi asoslab berilgan. Bu esa mintaqadagi bank tarmog‘ining rivojlanish ko‘lami va sur’atlarini kuzatish, kredit operatsiyalarining tarkibini aniqlash hamda aholining turli qatlamlari va tadbirkorlik doiralarining moliyaviy faolligidagi o‘zgarishlarni ochib berish imkonini yaratgan;
Turkiston general-gubernatorligining bank tizimi nafaqat mintaqani umumimperiyaviy makonga iqtisodiy integratsiyalashning moliyaviy vositasi, balki hududning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmasini transformatsiya qilishning muhim omili ham bo‘lganligi isbotlangan. Bu bank operatsiyalarining kengayishi bilan savdo aylanmasi va kredit qo‘yilmalari o‘sishi o‘rtasidagi aniqlangan korrelyasiya orqali tasdiqlangan;
Turkistonda bank tarmog‘ining rivojlanishi mahalliy iqtisodiyotning tarkibi, xo‘jalikning savdo-xomashyo yo‘nalishi va hududning ma’muriy-hududiy tuzilishi xususiyatlari bilan shartlangan yaqqol mintaqaviy spesifikaga ega bo‘lganligi dalillangan. Bu aylanmalar, kapitallar va kredit operatsiyalari bo‘yicha tizimlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlar bilan tasdiqlangan;
Turkiston general-gubernatorligi bank tizimida davlat, xususiy va kooperativ bank kapitalining tarkibiy nisbatlari mavjud bo‘lganligi aniqlangan. Arxiv hisobotlari, balanslari va qaydnomalarining statistik qayta ishlanishi bank muassasalarining o‘sish dinamikasi, ularning hududiy joylashuvi geografiyasi hamda mintaqaning savdo-sanoat operatsiyalarini kreditlashdagi ishtiroki darajasini belgilash imkonini bergan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turkiston general-gubernatorligida bank ishi tarixiga bag‘ishlangan dissertatsiya tadqiqoti natijalari O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-ma’rifiy hamda ilmiy-tashkiliy amaliyotiga joriy etilgan bo‘lib, bu tegishli joriy etish dalolatnomalari bilan tasdiqlanadi.
Xususan, tadqiqot natijalari O‘zbekiston Respublikasi “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik-tijorat banki faoliyatida bank ishi tarixi bo‘yicha materiallar tayyorlash va bank muzeyi konsepsiyasini ishlab chiqishda foydalanildi. Bank uchun Turkiston general-gubernatorligidagi bank tarmog‘ining rivojlanishi bilan mintaqa iqtisodiyotining tuzilishi, savdo ixtisoslashuvi hamda qishloq xo‘jaligi xomashyosi eksporti o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik haqidagi xulosalar alohida ahamiyat kasb etdi. Tadqiqot davomida aniqlangan davlat, xususiy va kooperativ bank kapitali o‘rtasidagi nisbat, shuningdek, arxiv hisobotlari, balanslar va qaydnomalarning statistik tahlili natijalari bank muassasalari o‘sishi dinamikasini, ularning hududiy joylashuv xususiyatlarini hamda mintaqaning savdo-sanoat operatsiyalarini kreditlashdagi ishtiroki darajasini aniqlash imkonini berdi. Dissertatsiya materiallaridan bank muzey kolleksiyasini shakllantirish va tarixiy-tahliliy materiallarni tayyorlashda foydalanildi (“Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik-tijorat bankining 2026-yil 8-iyundagi 84/2026-son ma’lumotnomasi).
Tadqiqotning xulosa va natijalari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyatida ham amaliy qo‘llanildi. Jumladan, dissertatsiya materiallaridan Turkiston general-gubernatorligida bank ishi tarixiga bag‘ishlangan “Taqdimot” televizion ko‘rsatuvini tayyorlash va efirga uzatishda foydalanildi. Davlat banki bo‘limlari, tijorat banklari va o‘zaro kredit jamiyatlari faoliyatining tarixiy-statistik rekonstruksiyasi natijalari mintaqa bank tizimining rivojlanishiga oid miqdoriy ko‘rsatkichlarni aniqlash, kredit operatsiyalari dinamikasini kuzatish hamda aholining turli qatlamlari va tadbirkorlik doiralarining moliyaviy faolligidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatish imkonini berdi. Mazkur materiallardan foydalanish O‘zbekiston iqtisodiy tarixi bo‘yicha ilmiy bilimlarni ommalashtirishga va mintaqadagi moliyaviy institutlar tarixiga oid jamoatchilik tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2026-yil 31-martdagi 01-33/214-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi dissertatsiya materiallaridan nafaqat ilmiy sohada, balki moliyaviy muassasalar, ta’lim tashkilotlari hamda madaniy-ma’rifiy muassasalar faoliyatida ham foydalanish mumkinligini ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekiston bank tizimining tarixiy merosini asrash va ommalashtirishga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish