Murtazoev Azamat Sunatulla o‘g‘lining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Integrativ yondashuv asosida bo‘lajak mutaxassislarni axborot kompetentligini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish (Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishi misolida)”, 13.00.02 - “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (texnika fanlari)”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2PhD/Ped10520.
Ilmiy rahbar: Gaffarov Laziz Xasanovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.T.16.04.
Rasmiy opponentlar: O‘rinov Ug‘un Abdullaevich, pedagogika fanlari doktori, professor; Jo‘raev Husniddin Oltinboevich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Integrativ yondashuv asosida bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirishning motivatsion qadriyatli, kognitiv, operatsion faoliyatli va refleksiv baholash komponentlari qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishining kasbiy faoliyat xususiyatlariga mos ravishda aniqlashtirilib, ularning funksional o‘zaro bog‘liqligi axborot ehtiyojini aniqlash, ma’lumotni izlash va saralash, algoritmlashtirish, dasturiy qayta ishlash, tahlil qilish, vizuallashtirish, muhandislik qarorini qabul qilish hamda refleksiv baholash jarayonlarining uzviyligi asosida takomillashtirilgan;
bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirish metodikasi “Amaliy dasturlash” fanining integratorlik imkoniyatlarini umumkasbiy va mutaxassislik fanlari mazmuni bilan uyg‘unlashtirish, o‘quv topshiriqlarini kasbiy muammo, axborot modeli, algoritmik echim, dasturiy realizatsiya va natijani tahlil qilish ketma ketligida tashkil etish asosida takomillashtirilgan;
bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirishning pedagogik modeli maqsadli metodologik, mazmuniy integrativ, tashkiliy faoliyatli, texnologik jarayonli, diagnostik korreksion va natijaviy bloklarning funksional aloqadorligini ta’minlash hamda kompetentlik rivojlanishini diagnostika, individual bo‘shliqni aniqlash, differensial pedagogik ta’sir, amaliy faoliyat, teskari aloqa, korreksiya va qayta monitoring asosida boshqarish mexanizmini kiritish orqali takomillashtirilgan;
bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirishning metodik mexanizmi Sinektikaning analogik kreativ tafakkurni faollashtiruvchi, WebQuestning axborotni mustaqil izlash va baholashga yo‘naltiruvchi, SCORE 2 metodining muammoni sabab va oqibat aloqalarida tahlil qilishga xizmat qiluvchi hamda Gamifikatsiyaning motivatsion faoliyatni rag‘batlantiruvchi imkoniyatlarini yagona didaktik jarayonga integratsiyalash asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Integrativ yondashuv asosida bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirishning motivatsion qadriyatli, kognitiv, operatsion faoliyatli va refleksiv baholash komponentlari hamda ularning funksional o‘zaro bog‘liqligiga oid ilmiy natijalardan “Texnik tizimlarda axborot texnologiyalari” darsligi mazmunini takomillashtirishda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 25-iyundagi 218-son buyrug‘i asosida ta’lim jarayoniga tavsiya etilgan). Natijada talabalarning axborotni izlash, qayta ishlash, tahlil qilish va kasbiy vaziyatlarda qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyati kengaytirilgan;
“Amaliy dasturlash” fanining integratorlik imkoniyatlarini umumkasbiy va mutaxassislik fanlari mazmuni bilan uyg‘unlashtirish, o‘quv topshiriqlarini kasbiy muammo, axborot modeli, algoritmik echim, dasturiy realizatsiya va natijani tahlil qilish ketma ketligida tashkil etishga oid metodik tavsiyalardan “Amaliy dasturlash” o‘quv qo‘llanma mazmunini takomillashtirishda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 7-maydagi 149-son buyrug‘i asosida ta’lim jarayoniga tavsiya etilgan). Natijada “Amaliy dasturlash” fanini kasbiy faoliyat bilan integratsiyalashgan holda o‘qitishning metodik ta’minoti takomillashtirilgan;
bo‘lajak mutaxassislarning axborot kompetentligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan pedagogik model hamda diagnostika, individual bo‘shliqni aniqlash, differensial pedagogik ta’sir, amaliy faoliyat, teskari aloqa, korreksiya va qayta monitoringga asoslangan boshqaruv mexanizmidan hamda Sinektika, WebQuest, SCORE 2 va Gamifikatsiya metodlarini integrativ qo‘llashga asoslangan metodik mexanizmdan 2020-2023 yillarda amalga oshirilgan “Markaziy Osiyoda BigData Intelligent Analysis bo‘yicha o‘quv va ilmiy markazlarni tashkil qilish va kurslarni ishlab chiqish” xalqaro Erasmus loyihasi doirasida foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 8-sentabrdagi 02/01-01-340 son ma’lumotnomasi). Natijada kasbiy ma’lumotlarni izlash, qayta ishlash, tahlil qilish, vizuallashtirish va ular asosida muhandislik qarorlarini qabul qilishga yo‘naltirilgan o‘quv faoliyatini tashkil etish imkoniyati kengaytirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish