Egamberdieva Ozoda Shuxrat qizining

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Akademik litseylarda fizika o‘quv materialini tarkiblashtirish metodikasini takomillashtirish (gumanitar fanlar yo‘nalishi misolida)” mavzusidagi 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (fizika) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Ped5214.
Ilmiy rahbar: Tursunov Qahhor Shonazarovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti huzuridagi PhD.03/2025.27.12FM.11.02. raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Husniddin Oltinboevich, pedagogika fanlari doktori, professor; Abdiev Umirbek Begmatovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi akademik litseylardaning gumanitar yo‘nalishda fizika kursi mazmuni va darsni tashkil etish metodikasini yo‘nalish talablariga muvofiq takomillashtirish, shu asosda o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashi hamda tahliliy-ijodiy fikrlashini rivojlantirish va fizikaning ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan mazmuniy integratsiyasini ta’minlaydigan ilmiy-metodik asoslarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
akademik litseylarning gumanitar yo‘nalishlari uchun fizika mazmunini tanlash va ketma-ket joylashtirish mezonlari - o‘quvchining bilim ehtiyojlari, yo‘nalishga xos qiziqishi, fanlararo bog‘lanish imkoniyatlarini birgalikda hisobga oladigan metodik tizim asosida aniqlashtirilgan;
gumanitar yo‘nalish o‘quvchilarining yosh va psixologik xususiyatlari, intellektual imkoniyatlari, o‘quv motivlarini hisobga olgan holda - fizika mazmunini izohlash va adaptiv o‘qitishga yo‘naltirilgan yaxlit metodik yondashuv mazmun hajmi, bayon murakkabligi va topshiriq turi o‘quvchining tayyorgarlik darajasi asosida takomillashtirilgan;
gumanitar yo‘nalish o‘quvchilarida fizik bilimlar kompetensiyalarini shakllantiruvchi komponentlar mazmuni- metodologik jihatdan tahlil qilish orqali empirik-nazariy bilimlar, saralangan fundamental bo‘limlarini tarix, falsafa, adabiyot mazmuni bilan o‘zaro bog‘lashning didaktik imkoniyatlari, fanlararo yaxlit tizimli integratsiyalash asosida takomillashtirilgan;
fizika o‘quv materialining strukturaviy-mazmuniy tashkil etilish - interaktiv metodlar majmui, o‘quv mazmunini didaktik tamoyillari, o‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish, o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish mexanizmlari, fan bo‘yicha kompetensiyalarni bosqichma-bosqich shakllantirish asosida takomillashtirishgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Akademik litseylarda fizika o‘quv materialini tarkiblashtirish metodikasini takomillashtirish va tashkil etishga doir ishlab chiqilgan nazariya va metodika asosida:
o‘quv materialini tarkiblashtirish metodikasini o‘quvchining o‘quv-ijodiy faoliyati mazmuni ilmiy-pedagogik, psixologik hamda bilish jarayoni -falsafiy aspektlarda o‘rganilib o‘quvchining bilim ehtiyojlari, yo‘nalishga xos qiziqishi, o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashi hamda tahliliy-ijodiy fikrlashini rivojlantirish va fizikaning ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan mazmuniy integratsiyasini ta’minlaydigan nazariy bilimlarni real vaziyatlarga aplikativ qo‘llashga doir xulosalardan “Fizika” nomli darslikni tayyorlashda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-martdagi 55-sonli buyrug‘iga asosan nashr guvohnomasi). Natijada, o‘quv materialini tarkiblashtirish faoliyatni tashkil etish jarayonida foydalanish mumkin bo‘lgan ilmiy-nazariy asoslangan manbalardan foydalanish imkoniyati kengaytirilgan;
fizika o‘quv materialini nofizik yo‘nalishlarning bilish imkoniyatlari, qiziqishlari va ta’lim ehtiyojlaridan kelib chiqib tarkiblashtirish, o‘quv materialining mazmunini tizimlashtirish, fanlararo integratsiyani ta’minlash, shuningdek, o‘quvchilarning o‘quv-bilish va ijodiy faoliyatini rivojlantirishga doir ishlab chiqilgan metodik yondashuvlar hamda xulosalardan “Biofizika” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan. (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 1-avgustdagi 277-sonli buyrug‘iga asosan nashr guvohnomasi). Natijada, nofizik yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalarning fizik tushunchalarni o‘zlashtirish imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘quv materialini tanlash, tarkiblashtirish va tizimlashtirish, fizik bilimlarni biologik jarayonlar bilan bog‘lash, mavzular mazmunini talabalarning kasbiy yo‘nalishi va bilish ehtiyojlariga moslashtirish imkonini beruvchi metodik yondashuvlar takomillashtirilgan;
tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan akademik litseylarning gumanitar yo‘nalishlari uchun fizika o‘quv materiallarini tarkiblashtirish metodikasini takomillashtirishga doir ilmiy-metodik tavsiyalar, o‘quv materiallarini tanlash, saralash, tizimlashtirish va o‘zaro mantiqiy bog‘liqlikda taqdim etish tamoyillari hamda fizika fanini gumanitar yo‘nalish o‘quvchilarining ta’limiy ehtiyojlari va intellektual imkoniyatlariga moslashtirishga oid xulosalardan “Fizika” nomli darslikni tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-martdagi 55-sonli buyrug‘i asosida nashr guvohnomasi) Natijada, fizika o‘quv materiallarini o‘quvchilarning ta’lim yo‘nalishi, bilish imkoniyatlari va o‘zlashtirish xususiyatlariga mos ravishda tarkiblashtirish, fizika fanini o‘qitish samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi ilmiy-metodik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari takomillashtirilgan;
akademik litseylarning gumanitar yo‘nalishlari uchun fizika o‘quv materiallarini tarkiblashtirish metodikasini takomillashtirishga doir ishlab chiqilgan ilmiy-metodik takliflar, jumladan, o‘quv materiallarini tanlash, tizimlashtirish, mazmunan mantiqiy izchillikda joylashtirish hamda o‘quvchilarning ta’lim yo‘nalishi va bilish imkoniyatlariga moslashtirishga oid xulosalardan “Biofizika” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan. (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 1-avgustdagi 277-sonli buyrug‘i asosida nashr guvohnomasi) Natijada, fizika faniga oid o‘quv materiallari mazmunini o‘quvchilarning o‘ziga xos ta’limiy ehtiyojlariga mos ravishda shakllantirish, fizik tushuncha va qonuniyatlarni o‘zaro uzviy bog‘liqlikda yoritish hamda o‘quv materiallarini o‘zlashtirish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan metodik yondashuvlar takomillashtirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish