Rahmonova Ruxsora Baxriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Gossypium hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za duragaylarida tola rangi belgisining irsiylanishi», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertasiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/B252.
Ilmiy rahbar: Xalikova Maloxat Babamuradovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertasiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, PhD. 05/2025.27.12.V.24.01.
Rasmiy opponentlar: Ubaydullaeva Xurshida Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor; Rafieva Feruza Umidulloevna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertasiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tolasi turli rangga ega g‘o‘za (Gossypium hirsutum L.) genotiplarining morfologik va xo‘jalik jihatdan qimmatli belgilarini, ularning F₁ va F₂ duragay avlodlarida tola rangi hamda tola sifat belgilarining irsiylanish xususiyatlarini aniqlash hamda seleksiya jarayoni uchun istiqbolli genotiplarni ajratib olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tolasi turli rangga ega (qo‘ng‘ir, yashil va oq) g‘o‘za (Gossypium hirsutum L.) genotiplari, xususan qo‘ng‘ir tolali va yashil tolali namunalari hamda oq tolali nav va tizmalarining morfologik hamda xo‘jalik jihatdan qimmatli belgilarining o‘zgaruvchanligi o‘rganilib, ayniqsa 011250(qo‘ng‘ir), 010764(yashil) va 010444 (yashil) genotiplarida tola rangining barqaror namoyon bo‘lishi hamda ular boshqa genotiplardan genetik jihatdan farqlanishi aniqlangan.
rangli tolali genotiplar ishtirokida olingan Buxoro-6x011250, L-100x010764 va L-001x010444 duragay kombinatsiyalarining F₁ avlodida tola rangi asosan rangli tolali ota-ona shakllari ta’sirida namoyon bo‘lib, ayrim morfo-xo‘jalik belgilarida qisman dominantlik aniqlanib, rangli tolali genotiplarning irsiy xususiyatlari asoslangan;
Buxoro-6x011250, L-100x010764 va Buxoro-102x04511 kombinatsiyalarining F₂ avlodida tolasi rangi bo‘yicha ajralish kuzatilib, oq, oraliq rangli va rangli tolali o‘simliklarning shakllanishi rangli tolaga ega genotiplarning genetik nazorat ostida irsiylanishini ko‘rsatdi, shuningdek rangli tolali duragaylarda hosildorlik elementlari va tola sifat belgilarining o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilinib, ayniqsa L-100x010764 hamda Buxoro-6x011250 kombinatsiyalarida ko‘saklar soni, bitta ko‘sakdagi paxta og‘irligi va tola chiqimi o‘rtasida barqaror ijobiy korrelyasion bog‘liqlik aniqlangan;
g‘o‘za genotiplarida tola sifati bilan bog‘liq SSR molekulyar markerlar asosida olib borilgan tahlillar natijasida 011250, 010764 va 010444 genotiplarida marker allellarining farqlanishi aniqlanib, ularning tola sifat belgilarini shakllantirishda muhim genetik manba ekanligi asoslandi hamda o‘rganilgan duragay kombinatsiyalar orasidan Buxoro-6x011250, L-100x010764 va L-001x010444 kombinatsiyalari rangli tolaga ega istiqbolli seleksiya materiallari sifatida ajratilib, yangi rangli tolali g‘o‘za navlarini yaratishda samarali boshlang‘ich manba bo‘lishi ilmiy jihatdan asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G.hirsutum L. turiga mansub g‘o‘za duragaylarida tola rangi belgisining irsiylanishi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tabiiy rangli tolaga ega g‘o‘za genotiplarini baholash va seleksiya uchun istiqbolli boshlang‘ich materiallarni tanlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasida 0,2 gektar maydonda ikki yil davomida olib borilgan dala sinovlariga joriy etilgan. Tadqiqotlar asosida 04511 va 010444 raqamli yashil tolali hamda 08814 raqamli jigarrang tolali kolleksiya namunalari morfobiologik xususiyatlari va xo‘jalik jihatdan qimmatli belgilar majmui bo‘yicha baholanib, seleksiya uchun istiqbolli boshlang‘ich materiallar sifatida ajratib olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 12-sentabrdagi 07/34-05/4593-son ma’lumotnomasi). Natijada, tabiiy rangli tolaga ega mazkur genotiplardan genetik-seleksion tadqiqotlarda donor va boshlang‘ich material sifatida foydalanish hamda yangi duragay kombinatsiyalar yaratish imkoniyati kengaytirilgan;
tabiiy rangli tolali g‘o‘za genotiplarining tezpisharligi, hosildorligi va mahsuldorlik elementlari bo‘yicha aniqlangan ilmiy natijalar Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi «Arslonbek Hosilot orzusi» fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan dala sinovlariga joriy etilgan. Amaliy sinovlar natijasida 010444 raqamli yashil tolali va 08814 raqamli jigarrang tolali genotiplar tezpisharligi hamda yuqori mahsuldorlik ko‘rsatkichlari bilan ajralib turgan. Jumladan, mazkur genotiplarda bir o‘simlikdagi ko‘saklar soni 15–17 dona, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 5,6–6,2 g, bir o‘simlikdagi paxta hosili esa 84,0–105,4 g ni tashkil etib, xo‘jalikda etishtirilgan Buxoro-102 naviga nisbatan 10,2–12,0 % yuqori natija qayd etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 12-sentabrdagi 07/34-05/4593-son ma’lumotnomasi). Natijada, yuqori mahsuldorlik va tabiiy rangli tola belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan 010444 hamda 08814 raqamli genotiplar ajratib olinib, ulardan rangli tolaga ega yangi g‘o‘za navlarini yaratishga qaratilgan seleksiya dasturlarida istiqbolli boshlang‘ich genetik material sifatida foydalanish imkoniyati yaratilgan.
qimmatli xo‘jalik belgilar majmuiga ega bo‘lgan barqaror rangli 04511 (yashil), 010444 (yashil) va 08814 (jigarrang) kolleksiya namunalari urug‘liklari A-10060, A-10061 va A-10063 inventar raqamlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “G‘o‘za genofondi” noyob obektiga taqdim etildi va foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 19 iyuldagi №4/1255-1513 son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu rangli tolali namunalar “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ektini yanada boyitigan va kelgusida genetik-seleksion tadqiqotlarda foydalanish imkonini bergan.