Juraev Sherzod Norovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar: Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Sulton Husayn Mirzo davrida Xuroson: siyosiy va madaniy jarayonlar”. 07.00.01 – “O‘zbekiston tarixi”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2025.2.PhD/Tar1655
Ilmiy rahbar: Mirsodiq Mirsultonovich Ishoqov, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Oriental universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti. DSc.01/27.12.2025.Tar.03.01.
Rasmiy opponentlar: Dilorom Yunusovna Yusupova, tarix fanlari doktori, akademik;
Bekmirzaev Ilhom Isroiljonovich, tarix fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Sulton Husayn Mirzo hukmronligi davrida Xurosonda kechgan siyosiy-madaniy jarayonlarni tarixiy nuqtai nazardan yaxlit va tizimli tahlil qilish hamda ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Tarixshunoslikda Sulton Husayn Mirzo davrida zarb etilgan tangalardagi diniy bitiklar hukmdorning diniy va mafkuraviy qarashlaridagi beqarorlikni aks ettiradi, degan taxminlarning asossiz ekanligi numizmatik materiallar tahlili (tangalarning qariyb 90 foizi hanafiy-sunniylik, 10 foizdan kami esa shia mazhabi yozuvida ekani va shia yozuvli pullar aynan g‘arbiy savdo yo‘llari ustidagi Astrobod hamda qisman Mashhad zarbxonalarida chiqarilgani) orqali isbotlanib, bu amaliyot diniy omilga emas, balki Iroq va Ozarbayjondan keladigan boshqa e’tiqoddagi yirik savdogarlarni Xuroson bozorlariga jalb etishga qaratilgan oqilona iqtisodiy va bag‘rikenglik siyosati ekanligi dalillangan;
Temuriylar davri kutubxonalarining funksional vazifasi an’anaviy qarashlardagi kabi faqat qo‘lyozmalarni jamlash va ko‘paytirish bilan cheklanmay, balki aniq fanlar va amaliy san’at yutuqlari sintez qilinadigan “ijodiy laboratoriya” (ixtirochilik markazi) vazifasini ham bajarganligi, xususan, Alisher Navoiy kutubxonasida Mavlono Hoji Muhammad Naqqosh tomonidan muhandislik mexanikasi va tasviriy san’atning o‘zaro uyg‘unlashuvi mahsuli bo‘lgan mexanik soatning ixtiro qilinishi misolida o‘sha davr Xuroson ilm-fanining yuqori texnologik darajasi asoslangan;
Murg‘ob vohasidagi yirik sug‘orish tarmoqlarining (Nahri Qutluqtemur, Nahri Davlatshoh Jondor, Nahri Shayx Ali) Temuriy amaldorlar va harbiy rahbarlar nomi bilan atalishi shunchaki tasodifiy toponimik holat emasligi, aksincha, suv inshootlarini barpo etish va saqlash majburiyati bevosita shu shaxslarga berilgan suyurg‘ol (in’om mulki) doirasiga kirganligi asosida, mintaqa irrigatsiya tizimining rivojlanishi davlatning mulkiy va homiylik tizimi bilan uzviy bog‘liq bo‘lganligi dalillangan;
Tarixiy tadqiqotlarda xattotlikni shunchaki amaliy san’at yoki yakka tartibdagi hunar sifatida talqin qiluvchi yondashuvlardan farqli ravishda, Temuriylar davri Hirot xattotlik maktabi vakillari ilk bor ijtimoiy-kasbiy maqomiga ko‘ra to‘rt toifaga — hukmdor-xattotlar (Mirzo Boysung‘ur, Sulton Husayn Mirzo), markaziy kitobatxonalarga rahbarlik qilgan ustoz-xattotlar (Ja’far Tabriziy, Sulton Ali Mashhadiy), yirik markazlarda ijod etgan professional xattotlar hamda kasbni avloddan avlodga olib o‘tgan sulolaviy xattotlar (Pir Ali Hiroviy va o‘g‘li Abdulloh) guruhlariga ajratilib, ushbu tasnif asosida XV asrda xattotlikning alohida ijtimoiy-madaniy tizim sifatida shakllanganligi va barqaror maqomga ega bo‘lganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Numizmatik materiallar tahlili orqali Sulton Husayn Mirzo davri tangalaridagi diniy bitiklar hukmdorning g‘oyaviy beqarorligini emas, aksincha, g‘arbiy savdo yo‘llaridagi iqtisodiy va bag‘rikenglik siyosatini aks ettirishi, pullarning qariyb 90 foizi hanafiy-sunniylik va 10 foizdan kami shia mazhabi yozuvida ekanligiga doir xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2025-yil 5-noyabrdagi 01-33/827-son ma’lumotnomasi asosida ko‘rsatuvlar ssenariysini boyitishda foydalanilgan. Mazkur ma’lumotlar Temuriylar davri davlatchilik siyosatining iqtisodiy-mafkuraviy jihatlarini keng ommaga tushuntirib berishga xizmat qilgan
Temuriylar davri kutubxonalarining funksional vazifasi faqat qo‘lyozmalarni ko‘paytirish bilan cheklanmay, aniq fanlar va amaliy san’at sintez qilinadigan “ijodiy laboratoriya” bo‘lganligi hamda Mavlono Hoji Muhammad Naqqosh tomonidan ixtiro qilingan mexanik soat misolida ilm-fanning yuqori texnologik darajasiga oid aniqlangan ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2025-yil 5-noyabrdagi 01-33/827-son ma’lumotnoma asosida foydalanilgan. Ushbu materiallar muzey ekspozisiyalarini o‘rta asrlar Sharq muhandislik mexanikasi yutuqlarini ko‘rsatuvchi yangi eksponat tavsiflari bilan boyitish imkonini bergan;
Murg‘ob vohasidagi yirik sug‘orish tarmoqlarining Temuriy amaldorlar nomi bilan atalishi irrigatsiya tizimining rivojlanishi davlatning mulkiy va homiylik (suyurg‘ol) tizimi bilan uzviy bog‘liq bo‘lganligi haqidagi ilmiy qarashlarga oid natijalardan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025-yil 17-noyabrdagi 10/762-son ma’lumotnoma asosida foydalanilgan. Taqdim etilgan materiallar o‘rta asrlar Turon va Xuroson mintaqasi irrigatsiya tarixi hamda er-suv munosabatlari tizimini ilmiy dalillar asosida keng ommaga targ‘ib etishga xizmat qilgan;
Temuriylar davri Hirot xattotlik maktabi vakillarini ilk bor ijtimoiy-kasbiy maqomiga ko‘ra to‘rt toifaga (hukmdor, ustoz, professional va sulolaviy xattotlar) ajratish orqali xattotlikning 15-yuzyillikda alohida ijtimoiy-madaniy tizim sifatida shakllanganligi va barqaror maqomga ega bo‘lganligiga doir ilmiy tahlillardan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025-yil 17-noyabrdagi 10/762-son ma’lumotnoma asosida foydalanilgan. Natijalar milliy xattotlik san’atining jahon madaniy maydonidagi nufuzi va ijtimoiy tarixini yoritish darajasini boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish