Nurmatov Akbar Normatovich

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar: Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash qoshidagi DSc.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek safarnomalarida xalqaro mavzu tahlili va talqini (qiyosiy-tipologik tadqiq)”, 10.00.09 Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Fil968.
Ilmiy maslahatchi: Dosmuxamedov Xurshid Nabievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, DSc.03/2025.27.12 Fil.03.01.
Rasmiy opponentlar: Saidov Halim Amonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor; Hamdamov Yusuf Qudratovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek sayohatnomalarida jadid davri safar bitiklaridan zamonaviy trevel jurnalistikagacha bo‘lgan davrda xalqaro mavzu tahlili va talqinini, mavzuning shakllanishi va tadrijiy rivojini, xorijiy voqelik tasvirida davr ruhi hamda muallif pozisiyasining namoyon bo‘lishini qiyosiy-tipologik jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qiyosiy-tipologik tahlil asosida avtobiografizm, birinchi shaxs bayoni, empirik kuzatuv va refleksiya, “o‘z” hamda “o‘zga”ni qiyoslash, faktning publitsistik talqini va intertekstuallik kabi belgilar orqali o‘zbek sayohatnomalaridagi “muallif-sayyoh” kategoriyasi tizimlashtirilgan;
jadid, sovet va mustaqillik davri sayohatnomalarida xalqaro voqelikni talqin qilishning umumiy va o‘ziga xos ma’rifiy, mafkuraviy, tanqidiy, rekreativ va madaniyatlararo muloqotga yo‘naltirilgan tipologik modellari aniqlangan;
turli tarixiy bosqichlarda siyosiy-mafkuraviy hamda ijtimoiy-madaniy omillar ta’sirida xorij obrazi va muallif pozisiyasining transformatsiyasi isbotlangan;
sayohatnoma xalqaro jurnalistikaning axborot-tahliliy va madaniyatlararo kommunikatsiyasini ta’minlovchi ijtimoiy platforma ekani dalillangan;
zamonaviy o‘zbek trevel jurnalistikasining janriy va funksional xususiyatlari jadid sayohatnomalari hamda yo‘l ocherklari an’analari bilan genetik va tipologik jihatdan bog‘liqligi asoslangan;
o‘zbek safarnomalaridagi tarixiy-madaniy meros, urf-odatlar va milliy qadriyatlarga oid ma’lumotlarni ilmiy-ma’rifiy ekspozisiya hamda sayyohlik jurnalistikasi kontentida qo‘llashning mazmuniy mezonlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. O‘zbek sayohatnomalarida xalqaro mavzu tahlili va talqini yuzasidan ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalar asosida:
o‘zbek sayohatnomalarida “muallif-sayyoh” kategoriyasining avtobiografizm, birinchi shaxs bayoni, empirik kuzatuv va refleksiya, “o‘z” va “o‘zga”ni qiyoslash, faktning publitsistik talqini hamda intertekstuallik belgilari asosida tizimlashtirilganligi haqidagi xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Dunyo bo‘ylab ” telekanalida efirga uzatilgan “G‘aroyib makonlar”, “Evropa atrofidagi olam” ko‘rsatuvlarini, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Tarix maydoni” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2026-yil 2-sentabrdagi 06-09-1578-son hamda 2026-yil 3-sentabrdagi 01-32/672-son ma’lumotnomalari). Natijada jadid sayohatnomalari va ularning namoyandalari ijodiga oid ko‘rsatuv materiallarida muallif-sayyoh obrazi, voqelikni kuzatish va “o‘z” hamda “o‘zga”ni qiyoslash xususiyatlarining yoritilishi takomillashtirilgan;
jadid, sovet va mustaqillik davri sayohatnomalarida xalqaro voqelikni talqin qilishning ma’rifiy, mafkuraviy, tanqidiy, rekreativ va madaniyatlararo kommunikativ tipologik modellari aniqlanganligi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazining 2026-yil 3-sentabrdagi 06-01-16-863-son ma’lumotnomasi). Natijada milliy kontentda tarix, madaniyat, urf-odat va milliy qadriyatlarni yoritishga oid materiallarning mazmuniy yo‘nalishlari takomillashtirilgan;
turli tarixiy bosqichlarda xorij obrazi va muallif pozisiyasining siyosiy-mafkuraviy hamda ijtimoiy-madaniy omillar ta’sirida transformatsiyaga uchraganligi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining ta’lim va targ‘ibot faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining 2026-yil 3-sentabrdagi 122-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek jurnalistikasi tarixidagi safarnoma va safarnoma xususiyatiga ega publitsistik asarlarni saralash, tasniflash, ularning janriy xususiyatlarini aniqlash hamda xalqaro mavzudagi jurnalistik materiallarni ilmiy-metodologik jihatdan tizimlashtirishga yordam bergan;
sayohatnomaning xalqaro jurnalistikaning axborot-tahliliy va madaniyatlararo kommunikatsiyasini ta’minlovchi ijtimoiy platforma ekanligi haqidagi ilmiy xulosalaridan OAV faoliyatini rivojlantirishda, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy nashrlarni rivojlantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining 2026-yil 4-sentabrdagi 01-03-410-son ma’lumotnomasi). Natijada OAVda safarnoma janridagi materiallar, ularda xalqaro mavzular qamrovini oshirish, ilg‘or g‘oyalarni keng targ‘ib etish, sayohatnoma-trevel jurnalistika yo‘nalishida yosh iqtidorlarni tayyorlashda samaradorlikka erishilgan;
zamonaviy o‘zbek trevel jurnalistikasining jadid sayohatnomalari va yo‘l ocherklari an’analari bilan genetik va tipologik bog‘liqligi asoslanganligi haqidagi ilmiy xulosalaridan “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi”ni yaratishda foydalanilgan va amaliyotga joriy etilgan. (O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining 2026-yil 2-sentabrdagi 01-319-son ma’lumotnomasi). Natijada sayohatnoma, yo‘l ocherki va zamonaviy trevel jurnalistikasi o‘rtasidagi janriy-tipologik aloqalarni yorituvchi o‘quv materiallari takomillashtirilgan;
o‘zbek safarnomalaridagi tarixiy-madaniy meros, urf-odatlar va milliy qadriyatlarga oid ma’lumotlarni ilmiy-ma’rifiy ekspozisiya hamda sayyohlik jurnalistikasi kontentida qo‘llashning mazmuniy mezonlariga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatida, xususan, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” ekspozisiyasida axborot-kontent faoliyatini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining 2026-yil 25-sentabrdagi № 05-14/466-son ma’lumotnomasi). Natijada ekspozisiya uchun tayyorlanadigan axborot-kontentda tarixiy-madaniy meros obektlarini sayohatnoma janriga xos kuzatuv, tavsif va talqin asosida yoritish, ularning milliy va xalqaro ahamiyatini ochib berish hamda tashrif buyuruvchilarga mo‘ljallangan ma’rifiy kontent mazmunini takomillashtirish imkoniyati kengaytirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish