Qalanov Xasan Yoqubovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Kasbiy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlashning mazmunini optimallashtirish metodikasi”, 13.00.05 – Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.3.PhD/Ped11651.
Ilmiy rahbar: Nuridinov Baxodirjon Sabirovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti, DSc.02/2025.27.12.Ped.01.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailova Zuxra Karabaevna, pedagogika fanlari doktori, professor; O‘rinov Uyg‘un Abdullaevich, pedagogika fanlar doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi kasbiy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlashning mazmunini Milliy malakalar ramkasi va mehnat bozori talablariga muvofiq optimallashtirish metodikasini ishlab chiqish hamda uning natijadorligini “Elektrik” kasbi misolida tajriba-sinov orqali baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
malaka darajalari va mehnat funksiyalari integratsiyasiga asoslangan hamda bilim, ko‘nikma va baholash mezonlarini o‘zaro uzviy bog‘lovchi deskriptorli-kompetensiyaviy matritsa yordamida ta’lim mazmunini optimallashtirish asoslari belgilangan;
elektrotexnika va avtomatlashtirish sohasidagi talablar tahlili asosida umumkasbiy va maxsus kompetensiyalar tarkibi aniqlanib, tezkor texnologik o‘zgarishlarga mos ta’lim mazmuni hamda amaliyot modullari takomillashtirilgan;
ish beruvchilar va ta’lim tashkilotlari hamkorligida o‘quv jarayoni bosqichlarini uzviy bog‘lovchi metodika zamonaviy o‘qitish metodlarini “Elektrik” kasbining mehnat funksiyalariga moslashtirish asosida ishlab chiqilgan;
ta’lim mazmuni va o‘quvchining kasbiy tayyorgarligini alohida baholovchi tashqi va ichki mezonlarni o‘zida jamlagan ikki konturli tizim kasbiy tayyorgarlik darajalarini topshiriqning bajarilish sifati, xavfsizligi hamda o‘quvchining mustaqilligi orqali aniqlash asosida ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kasbiy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash mazmunini mehnat bozori talablariga muvofiq optimallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan nazariy va amaliy tadqiqotlar asosida:
kasbiy ta’lim mazmunini malaka darajalari, o‘quv natijalari, amaliy tayyorgarlik va baholash mezonlari bilan uyg‘unlashtirishga doir takliflar sirtqi va kechki ta’limni tashkil etish nizomlari (VMning 411-qarori) hamda masofaviy ta’lim reglamenti (OTFIVning 390-buyrug‘i) mazmuniga singdirilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 23-iyuldagi 02/17-4835-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kasbiy ta’lim tashkilotlarida “Hayot davomida ta’lim olish” imkoniyatlari kengayib, masofadan o‘qitish platformasi (prof-dist.edu.uz) ishga tushirilishiga xizmat qilgan;
ish beruvchilar va ta’lim tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, amaliy ta’limni rejalashtirish hamda proektiv, vaziyatli va simulyasion metodlardan foydalanishga doir taklif va tavsiyalar 30710406 – “Elektrik” kasbi bo‘yicha ishlab chiqilgan “Elektrik materiallar” nomli o‘quv qo‘llanmasi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 9-avgustdagi 357/6-9 raqamli o‘quv adabiyotining nashr ruxsatnomasi). Natijada o‘quv modullarini ishlab chiqarish amaliyoti bilan bevosita bog‘lash hamda o‘quvchilarning kasbiy tayyorgarligini real ishlab chiqarish sharoitlariga yaqinlashtirishga xizmat qilgan;
umumkasbiy va maxsus kompetensiyalarni shakllantirish hamda energiya tejamkorlik va amaliy faoliyatga yo‘naltirilgan topshiriqlarni qo‘llashga doir metodik ishlanmalar “Elektrotexnika va elektronika asoslari” elektron darsligi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi, 2025-yil 6-oktabr, DGU 202508504 va OTFIVning 2026-yil 23-iyuldagi 02/17-4835-sonli ma’lumotnomasi). Natijada topshiriqlarni rejalash, xavfsiz bajarish va takomillashtirishning yagona sikli asosida amaliy malakalarni samarali shakllantirishga xizmat qilgan;
ta’lim mazmuni va o‘quvchining kasbiy tayyorgarligini alohida obektlar sifatida baholovchi ikki konturli tizim mezonlari (tashqi va ichki kontur) Kasbiy ta’limni rivojlantirish institutining IL-5821081323-raqamli “Dual ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashning innovatsion ta’lim texnologiyalarini ishlab chiqish” innovatsion loyihasiga joriy etilgan (Kasbiy ta’limni rivojlantirish institutining 2025-yil 20-oktabrdagi DR-02/08-1230-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “Elektrik” kasbi bo‘yicha ta’lim mazmunini Milliy malakalar ramkasi talablari bilan uyg‘unlashtirish va o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasini (sifat, xavfsizlik, mustaqillik) obektiv baholash imkoniyatini yaratishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish