Rashidova Feruza Rasulovnaning    

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Viktoriya davri ayol yozuvchilari nasrida badiiy psixologizm tadqiqi, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/Fil931.
Ilmiy maslahatchi: Sadiqov Zohid Yakubjanovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, DSc.03/2025.27.12.Fil.32.02.
Rasmiy opponentlar: Satimova Dilafruz Numonjonovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Dadaboev Olim Ortiqovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Rustamova Dilrabo Abduraximovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Viktoriya davri ayol yozuvchilari, xususan, opa-singil Bronte, Elizabet Gaskel va Jorj Eliot nasrida badiiy psixologizmning nazariy-metodologik asoslari, poetik ifoda shakllari va taraqqiyot qonuniyatlarini aniqlash, ularning asarlarini qiyosiy-narratologik va poetologik tahlil qilish orqali badiiy psixologizmning tipologik modellarini ilmiy jihatdan tizimlashtirish, shuningdek, iqroriy-subektiv, ijtimoiy-psixologik va tahliliy-falsafiy psixologizm shakllarini XIX asr ingliz nasrining yagona tarixiy-adabiy jarayoni doirasida shakllangan, o‘zaro bog‘liq, ammo darajaviy ierarxiya tashkil etmaydigan mustaqil tipologik echimlar sifatida asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
badiiy psixologizm tushunchasi xorijiy, rus va o‘zbek adabiyotshunosligi kesimida qiyosiy-nazariy jihatdan tadqiq etilib, uning narrativ shakllar, ijtimoiy-gender shartlanganlik va epistemologik chegaralardan iborat uch tarkibiy qismli amaliy ta’rifi ishlab chiqilgan hamda mazkur uch qismning o‘zaro shartlovchi yaxlit tizim tashkil etishi, ya’ni birining o‘zgarishi qolgan ikkitasining o‘zgarishiga olib kelishi asoslangan;
matn darajasida Badiiy psixologizmni aniqlashning uch jihatli tipologiyasi, ya’ni narrativ rejim, subekt tuzilishi va tasvir dominanti ishlab chiqilgan, uch jihatning bir yo‘nalishda mos kelishi tipologik mansublikni belgilash mezoni sifatida asoslangan hamda narratologik, poetologik, tarixiy-qiyosiy, qiyosiy-tipologik va gender tahlil usullarining uyg‘unligiga tayangan olti mezonli tekshiruv tizimi mazkur tipologiyani verifikatsiya qilishning metodologik asosi sifatida dalillangan;
opa-singil Bronte, Elizabet Gaskel va Jorj Eliot nasrida ichki monolog, erkin bilvosita nutq, personaj psixologik portreti hamda predmetli-ramziy sath badiiy psixologizmni yuzaga chiqaruvchi asosiy narrativ-poetik shakllar ekani isbotlangan, ularning personaj ichki dunyosini ifodalash, ruhiy holat dinamikasini ochish va psixologik ma’noni chuqurlashtirishdagi vazifalari dalillangan;
Elizabet Gaskel ijodidagi ijtimoiy-psixologik, opa-singil Bronte nasridagi iqroriy-subektiv hamda Jorj Eliot romanlaridagi tahliliy-falsafiy psixologizm modellarining shakllanishi XIX asr ingliz ijtimoiy-madaniy muhiti, gender omili va narrativ strategiyalar bilan uzviy bog‘liq ekani isbotlangan, mazkur modellar bir tarixiy-adabiy jarayon doirasida turlicha poetik shakllangan mustaqil ko‘rinishlar sifatida ochib berilgan;
iqroriy-subektiv, ijtimoiy-psixologik va tahliliy-falsafiy modellar olti mezon asosida qiyoslanib yaxlit tipologik tizim tashkil etishi isbotlangan hamda mazkur uch model opa-singil Bronte, Elizabet Gaskel va Jorj Eliot nasrida XIX asr ingliz psixologik tasviri imkoniyatlarini kengaytirgani va Evropa psixologik romani taraqqiyotiga mustaqil badiiy-estetik hissa qo‘shgani ilmiy-nazariy jihatdan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotining ilmiy natijalari, taklif va tavsiyalaridan quyidagi loyihalarda foydalanildi:
badiiy psixologizmning narrativ shakllari, ularning ijtimoiy-madaniy muhit bilan tuzilmaviy shartlanganligi, opa-singil Bronte, Elizabet Gaskel va Jorj Eliot nasridagi psixologizmning tipologik xususiyatlari alohida-alohida tahlil qilinib, uch tipologik model - iqroriy-subektiv, ijtimoiy-psixologik va tahliliy-falsafiy - qiyoslanishi va ularning o‘ziga xosliklari yoritib berilishiga doir ilmiy natijalardan “ERASMUS+ Capacity Building Project 101129076 EMPOWER: Women Entrepreneurship, Empowerment, Employability and Self-confidence” xalqaro loyihasida foydalanilgan (Namangan davlat chet tillar universitetining 2026-yil 15-apreldagi №EMPOWER-0187-son ma’lumotnomasi). Xususan, Viktoriya davri ayol yozuvchilar nasridagi badiiy psixologizmning tipologik xususiyatlari va narrativ tahlil metodologiyasiga oid natijalar mazkur loyihaning adabiyot yo‘nalishi bo‘limida qo‘llanilgan bo‘lib, ular o‘zbek va jahon adabiyotshunosligini rivojlantirishning dolzarb vazifalarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Loyihaning ayollar tadbirkorligi, mustaqilligi va ijtimoiy salohiyatini rivojlantirish maqsadiga mos ravishda, XIX asr ingliz ijtimoiy-madaniy muhiti, gender munosabatlari va davr mafkuraviy qarashlari opa-singil Bronte, Elizabet Gaskel va Jorj Eliot nasrida psixologizm poetikasi hamda badiiy strategiyalar shakllanishini belgilovchi muhim omillar ekani dalillangan, shuningdek mazkur omillarning uch psixologizm modelidagi turlicha poetik namoyoni asoslangan ilmiy natijalardan foydalanilgan.
badiiy psixologizmning narrativ shakllari va ularning ijtimoiy-madaniy muhit bilan tuzilmaviy shartlanganligi, Emili Brontening “Momaqaldiroqli dovon” romanidagi psixologik dramatizm fenomeni estetik, semantik va kontekstual mezonlar asosida kompleks tahlil qilinib, Keti va Xitkliff obrazlari orqali namoyon bo‘ladigan ichki ruhiy ziddiyatlar, gotik poetika elementlari hamda tabiat tasvirlari bilan qahramonlar ruhiy holatlari o‘rtasidagi semantik bog‘liqlikka oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 2023–2025 yillarda bajarilgan IL-27-4722022413-sonli “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanining “Komparativistika” elektron platformasini yaratish mavzusidagi innovatsion loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2026-yil 17-apreldagi 11-25/260-son ma’lumotnomasi. Natijada ichki monolog, qahramon portreti va predmetli-ramziy sath kabi narrativ shakllarning yaxlit tizim tashkil etishi, Viktoriya davri ijtimoiy-madaniy muhitining psixologizm poetikasiga tuzilmaviy ta’siri tasdiqlangan ilmiy yangiliklardan platforma kontentlarini boyitishda foydalanildi. Bundan tashqari, narratologik, poetologik, tarixiy-qiyosiy, qiyosiy-tipologik va gender tahlil usullarining o‘zaro uyg‘unligi XIX asr ingliz ayol yozuvchilari nasridagi badiiy psixologizmni kompleks tadqiq etishning metodologik asosi sifatida dalillangan ilmiy natijadan, mazkur yondashuv orqali psixologizmning narrativ shakllari va tarixiy-tipologik rivojlanish xususiyatlarini yaxlit tizimda tahlil qilish imkoniyati isbotlangan holda, platformaning “Qiyosiy adabiyotshunoslik” yo‘nalishidagi tahlil metodologiyasini shakllantirishda foydalanilgan.
badiiy psixologizmning evolyusion tavsifi va tasnifi, opa-singil Bronte, Elizabet Gaskel va Jorj Eliot nasrida ichki monolog, ong oqimi, psixologik portret hamda peyzaj tasviri vositasida qahramonlarning ichki dunyosini ochib berish usullari, gender, narratologik va tarixiy-adabiy mezonlar asosida xorijiy nasrdagi psixologizm shakllarini tizimli o‘rganish metodologiyasiga oid ilmiy-nazariy taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan 2025–2026 yillar davomida efirga uzatilgan “O‘zbekiston vaqti bilan”, “Siz nima deysiz?”, “Axborot 24” dasturlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasining 2026-yil 8-iyundagi №02-09-1098-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining efirga uzatilishi mamlakatimiz aholisini Viktoriya davri ayol yozuvchilari tomonidan yaratilgan klassik asarlar va ularda tarannum etilgan umuminsoniy g‘oyalar bilan chuqurroq tanishtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, opa-singil Bronte, Elizabet Gaskel va Jorj Eliot nasridagi badiiy psixologizmning Evropa psixologik romani taraqqiyotining muhim tarkibiy qismi ekani ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan hamda ushbu adibalar ijodida shakllangan modellarning Evropa psixologik romani rivojiga mustaqil badiiy-estetik hissa qo‘shgani dalillangan ilmiy natijalar dasturlar ssenariylarida mamlakatimiz aholisiga ushbu adibalarning jahon adabiyoti tarixidagi o‘rnini tanishtirish maqsadida yoritilgan.
badiiy psixologizm tushunchasining narrativ shakllar, ijtimoiy-gender shartlanganlik va epistemologik chegaralardan iborat uch tarkibiy qismli amaliy ta’rifi ishlab chiqilib, mazkur uch qismning o‘zaro shartlovchi yaxlit tizim tashkil etishi ilmiy jihatdan asoslangan, opa-singil Bronte nasrida iqroriy-subektiv, Elizabet Gaskel ijodida ijtimoiy-psixologik hamda Jorj Eliot romanlarida tahliliy-falsafiy psixologizm modellarining XIX asr ingliz ijtimoiy-madaniy muhiti, gender omili va narrativ strategiyalar bilan uzviy bog‘liq holda shakllanganligi dalillangan, badiiy psixologizmni matn darajasida aniqlashning narrativ rejim, subekt tuzilishi va tasvir dominantidan iborat uch jihatli tipologiyasi hamda olti mezondan iborat tekshiruv tizimi ishlab chiqilgan. Mazkur ilmiy natijalar, shuningdek badiiy psixologizmning iqroriy-subektiv, ijtimoiy-psixologik va tahliliy-falsafiy narrativ modellari darajaviy tizim tashkil etmaydigan mustaqil narrativ tizimlar ekanligi tasdiqlangan hamda Viktoriya davri ayol yozuvchilar psixologizmining Evropa psixologik romani tarixidagi mustaqil o‘rni belgilangan ilmiy yangiliklar asosida F.R.Rashidovaning “Tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyoti” fani bo‘yicha darsligi tayyorlangan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025 yil 09 iyuldagi 258-sonli buyrug‘iga asosan filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi talabalari uchun tavsiya etilgan nashriyotlarda nashr etishga ruxsat berildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 9-iyuldagi 258-son ma’lumotnomasi). Mazkur darslik viktorian davri ayol yozuvchilar nasridagi badiiy psixologizm shakllari va ularning Evropa adabiyoti kontekstidagi ahamiyatini o‘rganishda o‘quv jarayonini yangi ilmiy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish