Hamidov Azim Panji o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahalliy xomashyolar asosida bentonit tarkibli superfosfat o‘g‘iti olish texnologiyasini ishlab chiqish”, 02.00.13 - Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 2026.2.PhD/T6668.
Ilmiy rahbar: Eshqurbonov Furqat Bozorovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.T.04.08.
Rasmiy opponentlar: Allaniyazov Davran Orazimbetovich, texnika fanlari doktori; Jumanova Miyasar Ortiqovna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy Guliob fosforit xomashyolarini sulfat kislota ishtirokida parchalash hamda bentonit qo‘shimchasini kiritish asosida agrokimyoviy xususiyatlari yaxshilangan, uzoq muddat ta’sir etuvchi fosforli – “Agrobentofos” innovatsion o‘g‘itini olishning samarador texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mahalliy fosforit xomashyolarini sulfat kislota ishtirokida parchalash jarayonida bentonit qo‘shimchasi kiritilishi natijasida hosil bo‘lgan kislota bo‘tqasining reologik xossalari va parchalanish samaradorligiga ta’siri hamda optimal texnologik sharoitlar aniqlangan;
Fosforit–sulfat kislota–bentonit tizimida kechadigan asosiy kimyoviy va fizik-kimyoviy jarayonlarning o‘zaro ta’sir qonuniyatlari aniqlangan;
Donadorlangan o‘g‘itning mustahkamligi va saqlanish barqarorligini oshiruvchi omillar ilmiy asoslab berilgan;
Xovdak bentonitning sorbsiya va ion-almashinish xususiyatlari asosida fosforning suvda eruvchan va sekin ta’sir etuvchi shakllarining nisbati boshqarilishi aniqlanib, “Agrobentofos” tarkibida uzoq muddatli ta’sirga ega bo‘lgan barqaror fosfor shakllari shakllantirilgan;
“Agrobentofos” innovatsion o‘g‘itining granulometriya tarkibi, mexanik mustahkamligi, kimyoviy tarkibi va agrokimyoviy samaradorligi chuqur tahlil qilinib, tuproqdagi namlikni ushlab turish va oziqa elementlarini yuvilib ketishini kamaytirishdagi roli isbotlandi hamda resurstejamkor va ekologik xavfsiz texnologiya ishlab chiqilib, o‘g‘it ishlab chiqarishning ilmiy asoslari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga tadbiqi. Mahalliy fosforit xomashyolarini sulfat kislota ishtirokida parchalash hamda bentonit qo‘shimchasini kiritish asosida agrokimyoviy xususiyatlari yaxshilangan, donadorligi mustahkamlangan, uzoq muddat ta’sir etuvchi fosforli – “Agrobentofos” innovatsion o‘g‘itini olishning samarador texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliy fosforit xomashyolarini sulfat kislota ishtirokida parchalash hamda bentonit qo‘shimchasini kiritish asosida olingan, agrokimyoviy xususiyatlari yaxshilangan va donadorligi mustahkamlangan “Agrobentofos” innovatsion o‘g‘itini olish texnologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar “Elektrokimyozavod” QQ-AJning “2026-2027 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Elektrokimyozavod” QQ-AJning 2026 yil 24-apreldagi 26-son ma’lumotnomasi). Natijada, uzoq muddat ta’sir etuvchi, donadorligi yuqori va samaradorligi orttirilgan fosforli - “Agrobentofos” innovatsion o‘g‘itlarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;
Guliob fosforitlarni sulfat kislota ishtirokida qayta ishlash jarayonida bentonit qo‘shimchasi kiritilishi orqali fosforning sekin va barqaror ta’sir etuvchi shakllari bilan birga suvda eruvchan shakllarini o‘z ichiga olgan, agroiqtisodiy jihatdan samarali donador “Agrobentofos” o‘g‘itini olish texnologiyasi ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etishga tavsiya qilindi (“Elektrokimyozavod” QQ-AJning 2026 yil 24-apreldagi 26-son ma’lumotnomasi). Natijada, turli tuproqlarda va o‘simliklarning vegetatsiya davrida qo‘llashga mos keladigan, uzoq muddatli ta’sirga ega innovatsion fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.