Rejabova Nigoraxon Muxammadikrom qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Ingliz va o‘zbek axborot diskursida zamon transformatsiyasining pragmatik-diskursiv xususiyatlari, 10.00.13 – Qiyosiy va chog‘ishtirma tilshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/Fil7202.
Ilmiy rahbar: Yakubbaev Murodilla Marufovich, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, PhD.03/2025.27.12.Fil.35.02.
Rasmiy opponentlar: Hoshimov Muzaffar G‘anijonovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; A’zamov Sayfulbot Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek axborot matnlarida zamon transformatsiyasining lingvistik mexanizmlari, pragmatik funksiyalari va diskursiv xususiyatlarini qiyosiy-tipologik jihatdan tahlil qilish hamda transformatsiya strategiyalari va tasnifini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ingliz va o‘zbek tillarida zamon transformatsiyasini qiyosiy-diskursiv jihatdan tahlil qilish uchun, mavjud zamon nazariyalarini (H. Rehenbax, B. Komri va boshqalar) tanqidiy umumlashtirish asosida yagona metodologik mezonlar tizimi – grammatik, semantik va pragmatik pog‘onalarni birlashtiruvchi uch bosqichli model ishlab chiqilgan;
ingliz va o‘zbek axborot diskursida zamon transformatsiyasining milliy-spetsifik (o‘zbek tilida evidensiallik bilan uyg‘unlashuvi) va universal xususiyatlari aniqlanib, ularning diskursiv-pragmatik funksiyalari mavjud tadqiqotlardan farqli o‘laroq ikki til qiyosida kompleks tarzda ochib berilgan;
axborot matnlarida sarlavha va asosiy matn o‘rtasidagi zamon transformatsiyasi mexanizmi birinchi marta miqdoriy ko‘rsatkichlar (ingliz matnlarining 72%, o‘zbek matnlarining 81%ida kuzatilgan) asosida aniqlanib, zamon shakllarining axborotni dolzarblashtirish, diskursiv markaz yaratish va o‘quvchi e’tiborini boshqarishdagi pragmatik vazifalari asoslangan;
ingliz va o‘zbek axborot diskursida zamon transformatsiyasining pragmatik va kommunikativ strategiyalari aniqlanib, ularning funksional xususiyatlari asosida zamon transformatsiyasi turlarining yangi ilmiy-amaliy tasnifi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida yangilik matnlarida zamon transformatsiyasining qiyosiy tadqiqi tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek axborot diskursida zamon transformatsiyasining milliy-spetsifik (o‘zbek tilida evidensiallik bilan uyg‘unlashuvi) va universal xususiyatlari aniqlanib, ularning diskursiv-pragmatik funksiyalari mavjud tadqiqotlardan farqli o‘laroq ikki til qiyosida kompleks tarzda ochib berilganligiga doir xulosa va takliflardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022 - 2024-yillarda bajarilgan IL-402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi - o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2026-yil 3- apreldagi 01-9597-son ma’lumotnomasi). Natijada, zamon transformatsiyasining diskursiv-funksional modeli platformaning ingliz-o‘zbek zamon shakllarini kontekstga moslashtiruvchi modulini takomillashtirishda qo‘llanilgan;
ingliz va o‘zbek tillarida zamon transformatsiyasini qiyosiy-diskursiv jihatdan tahlil qilish uchun, mavjud zamon nazariyalarini (H. Rehenbax, B. Komri va boshqalar) tanqidiy umumlashtirish asosida yagona metodologik mezonlar tizimi – grammatik, semantik va pragmatik pog‘onalarni birlashtiruvchi uch bosqichli model ishlab chiqilganligiga doir xulosa va takliflardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston yoshlari”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli dasturlari senariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2026-yil 10-iyundagi 02-09-1148-son ma’lumotnomasi). Natijada, ingliz va o‘zbek axborot matnlaridagi zamon shakllarining pragmatik farqlariga doir xulosalar dastur senariylarini tayyorlanayotganida yangi manba bo‘lib xizmat qilgan;
axborot matnlarida sarlavha va asosiy matn o‘rtasidagi zamon transformatsiyasi mexanizmi birinchi marta miqdoriy ko‘rsatkichlar (ingliz matnlarining 72%, o‘zbek matnlarining 81%ida kuzatilgan) asosida aniqlanib, zamon shakllarining axborotni dolzarblashtirish, diskursiv markaz yaratish va o‘quvchi e’tiborini boshqarishdagi pragmatik vazifalari asoslanganligi hamda ingliz va o‘zbek axborot diskursida zamon transformatsiyasining pragmatik va kommunikativ strategiyalari aniqlanib, ularning funksional xususiyatlari asosida zamon transformatsiyasi turlarining yangi ilmiy-amaliy tasnifi ishlab chiqilganligiga oid ilmiy xulosalaridan Namangan davlat chet tillari institutida 2024-2026-yillarda bajarilgan “ERASMUS+ mobility project “Project 2024-1-IT02-KA171-HED-000209878 between Pisa University and Namangan State Institute of Foreign Languages” nomli loyiha doirasida foydalanilgan (Namangan davlat chet tillari institutining 2026- yil 13-apreldagi KA171-HED-000209878 - ma’lumotnomasi). Natijada, sarlavha va matn o‘rtasidagi zamon transformatsiyasi bo‘yicha xulosalar loyihaning o‘qitish materiallarini boyitishda muhim ahamiyat kasb etgan.