Ziyaev Mirjalol Olimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida minnatdorchilik nutqiy aktining lingvopragmatik xususiyatlari (OAV materiallari asosida)”, 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4316.
Ilmiy rahbar: Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qo‘qon davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.34.02.
Rasmiy opponentlar: Azimov Inomjon Mamasodiqovich, filologiya fanlari doktori, professor; Qozoqova Nozimaxon Abdulboqievna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilida minnatdorchilik nutqiy aktlarining hosil bo‘lishi, ifodalanish usullari, lingvopragmatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilidagi minnatdorchilik nutqiy aktlarining muloqot madaniyatida tutgan o‘rni hamda minnatdorchilik kommunikativ-pragmatik kategoriyasining mohiyati ochib berilgan;
muloqot jarayonida minnatdorchilik nutqiy aktlarining hosil bo‘lishiga turtki bergan tashqi omillar (nutqiy vaziyat, muloqot muhiti, nutq egalarining ijtimoiy mavqeyi, jinsi, oila va jamoadagi roli, kommunikativ maqsadi, jamiyatda shakllangan odob-axloq me’yorlari kabilar) aniqlanib, ularni yuzaga keltirgan sabablar ko‘rsatilgan;
o‘zbek tilidagi minnatdorchilik nutqiy aktlarining semantik-sintaktik strukturasi belgilangan, minnatdorchilik nutqiy aktlarini hosil qiluvchi leksik, sintaktik vositalar hamda minnatdorlik intonatsiyasi aniqlanib, o‘ziga xos pragmatik xususiyatlari yoritilgan;
minnatdorchilik nutqiy aktlarining lokutiv, illokutiv funksiyasiga aniqlik kiritilgan, adresat adresantga nutqiy ta’sir ko‘rsatishda turli performativ tuzilmalardan foydalanishi dalillangan hamda o‘zbek tilida minnatdorlik hissining duo, tilak, shukronalik, olqish, va’da, e’tirof, rozilik, xabar, baho, tasdiq, raddiya kabi qator nutqiy aktlar orqali yashirin ifodalanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilida minnatdorchilik nutqiy aktlarining pragmatik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek tilidagi minnatdorchilik nutqiy aktlarining muloqot madaniyatida tutgan o‘rni, kommunikativ-pragmatik mohiyati, hosil bo‘lishiga turtki bergan tashqi omillar, sabablar bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan FZ-2016-0908165532-raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotni rivojlantirish metodikasi” fundamental loyihada foydalanilgan (T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutining 51-sonli ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyiha ona tili va adabiyotni rivojlantirishda minnatdorchilik nutqiy aktlarining o‘rni masalasiga doir ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilidagi minnatdorchilik nutqiy aktlarining semantik-sintaktik jihatdan shakllanishida leksik, sintaktik vositalar hamda intonatsiyaning pragmatik xususiyatlariga doir xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2019-2022-yilda bajarilgan “A-OT-2019-10 raqamli “O‘zbek tilida neyming: me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 04/1-1563-sonli ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishi nom yaratish texnologiyasida minnatdorchilik aktlarining ahamiyatiga oid ma’lumotlar bilan kengaytirilgan.
minnatdorchilik nutqiy aktlarining lokutiv, illokutiv, nutqiy ta’sir ko‘rsatish funksiyasi hamda duo, tilak, shukronalik, olqish, va’da, e’tirof, rozilik, raddiya kabilarni anglaruvchi jumlalar orqali yashirin ifodalanishi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston-24” ijodiy birlashmasi, “O‘zbekiston” teleradiokanalida efirga uzatilgan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon” nomli dasturlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (05-09-280-sonli ma'lumotnoma). Natijada ushbu dasturlar ssenariylari mazmuniga badiiy nutqda minnatdorchilik aktlarining yashirin ifodalanishi haqidagi xulosalar singdirilgan.