Bekmirzaev Islomjon Ibrohim o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘ovasoy vohasida antropogen landshaftning tashkil topishi”, 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: PhD.07.TF/2022.1/463-R3
Ilmiy rahbar: Abdulxamidjon Anarbaev, tarix fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Antropologiya instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Antropologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.Tar.04.01
Rasmiy opponentlar: Antropologiya instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori G‘aybulla Bollievich Boboyorov hamda “Cyber university” Davlat universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ubaydulla Ismoilov Mamat o‘g‘li
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi G‘ovasoy vohasida antropogen landshaftning shakllanish va rivojlanish bosqichlarini aniqlash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
GAT texnologiyalari hamda Strahler gidrologik modeli (Strahler Stream Ordering)ning o‘zaro integratsiyalashgan qo‘llanilishi asosida G‘ovasoy vohasidagi arxeologik yodgorliklar joylashgan landshaftlarning mutlaq balandligi va ularning suv manbalaridan uzoqligi o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqlik tahlil qilinishi natijasida qadimgi manzilgohlar va nekropollarning fazoviy tarqalish qonuniyatlari aniqlanib, suv oqimlaridan foydalanish rejimlarining miqdoriy ko‘rsatkichlari rekonstruksiya qilingan hamda vohadagi arxeologik yodgorliklarning asosiy qismi 1 va 2-tartibli suv oqimlari zonalarida, dengiz sathidan 450–800 m mutlaq balandlik oralig‘ida va suv resurslaridan 200–900 m masofada joylashganligi asosida G‘ovasoy vohasi qadimgi antropogen landshaftlarining shakllanishi va rivojlanish dinamikasi ilmiy jihatdan asoslangan;
Vohaning landshaft xususiyatlari GAT texnologiyalari yordamida tahlil qilinib, hudud relefi qiyalik darajasiga ko‘ra to‘rt asosiy toifaga: tekis (0–2°), engil qiyalikli (2–8°), o‘rtacha tik (8–15°) hamda tik (15° dan yuqori) hududlar ajratilgan. Tahlil natijasida tekis relef zonalarida asosan ilk temir, antik va o‘rta asrlar davriga oid urbanizatsiya markazlari, engil qiyalikli hududlarda bronza va o‘rta asrlarga oid urbanizatsiyalashgan manzilgohlar, o‘rtacha tik va tik relefli hududlarda esa chorvador jamoalarga mansub petrogliflar hamda mozorqo‘rg‘onlarning joylashuv qonuniyatlari aniqlanib, ularning voha bo‘ylab balandlik mintaqalari bilan bog‘liq fazoviy differensiallashuvi ilmiy jihatdan aniqlangan;
G‘ovasoy vohasida ilk bor replika usuli yordamida sopol idishlar sirtidan o‘simlik donlari izlari aniqlanib, ular madaniy qatlamlardan olingan arxeobotanik namunalar (tariq, arpa va bug‘doy) bilan qiyosiy tahlil qilinishi natijasida mazkur don ekinlarining Ichki Osiyo tog‘ koridori (Inner Asian Mountain Corridor) orqali g‘arbdan sharqqa va sharqdan g‘arbga tarqalish jarayonida Farg‘ona vodiysi, xususan G‘ovasoy vohasi muhim tranzit va madaniy almashinuv hududlaridan biri bo‘lganligi ilmiy jihatdan dalillangan;
Bibiona yodgorligida olib borilgan mikrostratigrafik tadqiqotlar va radiokarbon (¹⁴C) tahlillari asosida Chust madaniyati xronologiyasiga aniqlik kiritilib, 1-son qazishma maydonchasida qalinligi 430 sm bo‘lgan madaniy qatlam tarkibida 5 ta qurilish davri, shundan 4 tasida ikkitadan qurilish bosqichi ajratilishi hamda qurilish gorizontining 5-, 4- va 3-davrlari miloddan avvalgi 1261–1048-yillarga, ya’ni miloddan avvalgi XIII asrning birinchi yarmi – XI asr o‘rtalariga mansubligi xronologik jihatdan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “G‘ovasoy vohasida antropogen landshaftning tashkil topishi” mavzusidagi dissertatsiya bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
G‘ovasoy vohasining o‘rta qismida joylashgan Bibiona arxeologik yodgorligi va topilmalarining o‘rganilishi hamda tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Ko‘hna manzillar” va “Ibtido” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasining 2025-yil 14-oktabr 15-33/760-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar G‘ovasoy vohasining o‘rta qismida joylashgan Bibiona arxeologik yodgorligi qadimgi bronza davri xo‘jaligi, turar joylari, mehnat qurollari va artefaktlari to‘g‘risida muhim ma’lumotlarni taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-fevral kuni Axsikent yodgorligiga amalga oshirgan tashrifi natijalaridan kelib chiqib, Axsikent yodgorligining tadqiq etish ishlari olib borildi. Mazkur jarayon doirasida yodgorlik hududida “Ochiq osmon ostidagi muzey” ekspozisiyalari hamda zamonaviy talablarga javob beradigan “Arxeologiya muzeyi” tashkil etildi. Arxeologiya muzeyi ekspozisiyalarida nafaqat Axsikent yodgorligidan aniqlangan topilmalar, balki Farg‘ona vodiysining qadimgi davrlariga oid turli arxeologik artefaktlar ham namoyish etildi. Shu jarayonda Axsikent kompleks ekspedisiyasi tomonidan “G‘ovasoy vohasida antropogen landshaftning tashkil topishi va Bibiona (Chust) tarixi” mavzusidagi fundamental loyiha 2021–2025-yillar davomida amalga oshirildi. Mazkur muzeyni moddiy jihatdan boyitish hamda ilmiy izohlar tayyorlash jarayonida ilmiy tadqiqot natijalari muzey ekspozisiyalarini shakllantirish jarayonida amaliyotga joriy etildi. (O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyati hokimligining 2026-yil 4-aprel 08/2339-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy tadqiqot natijalaridan foydalanish O‘zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyatini o‘rganishda, xususan Farg‘ona vodiysining shimoliy qismida joylashgan G‘ovasoy vohasida yuz bergan antropogen ta’sirlar va ularning arxeologik natijalarini tahlil qilish orqali xalqaro miqyosdagi tadqiqotlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.